«Lasetti»dagi 400 million so‘mlik kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari manzilga yetib bormadi

Jamiyat 16:19 / 16.09.2020 4112

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Tezkor tadbir davomida, fuqaro E.D boshqaruvidagi «Lasetti» rusumli transport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtomashina salonida umumiy qiymati 400 million so‘mlik tarkibida «Pregabalin» nomli kuchli ta'sir etuvchi moddasi bo‘lgan 11 200 dona «Regapen» nomli kuchli ta'sir etuvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Urganchda giyohvandlik vositalarining oldi-sotdisiga chek qo‘yildi

Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy oldi sotdisiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Tadbir davomida fuqaro F.O. Urganch shahri hududida shartli xaridorga og‘irligi 31,07 gramm bo‘lgan «opiy» giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Shundan keyin, fuqaro F.O.ning yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirildi. Natijada, ushbu shaxs o‘z yashash xonadonida 3,19 gramm «opiy» giyohvandlik vositasini hamda giyohvandlik moddalarini o‘lchashda foydalaniladigan 1 dona qora rangli elektron tarozini saqlab kelayotgani aniqlandi.

O‘tkazilgan tadbir davomida jami og‘irligi 34,26 gramm «opiy» giyohvandlik moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Holat yuzasidan fuqaro F.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jo‘natmalardagi giyohvandlik vositalari manzilga yetib bormadi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi «Boshpochtampt» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida fuqaro S.U. nomiga kelgan pochta jo‘natmasi o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirilganida, pochta jo‘natmasida 11 dona kannabis o‘simligi urug‘lari borligi aniqlandi.

Yana bir holatda esa, mazkur postning o‘zida fuqaro D.V. nomiga kelgan pochta jo‘natmasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, pochta jo‘natmasining ichida 2 ta bo‘lakda 4 dona tarkibida «Metilfenidat» giyohvandlik vositasi bo‘lgan «Ritaline 10 mg» yozuvli dori vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Denovda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Denov tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositasi bilan bog‘liq navbatdagi jinoiy holat fosh etildi.

Tadbir ishtirokchilari mazkur tumanda yashovchi fuqaro B.T ning yashash xonadonini xizmat iti yordamida ko‘zdan kechirishdi. Natijada, xonadondagi 2 dona tuvakka ekilgan 2 tup «nasha» giyohvandlik o‘simligi, qo‘yxona ustida tselofan paketga o‘ralgan 15 gramm «marixuana» giyohvandlik vositasi hamda xonadon hammomiga 9 ta tselofan paketga o‘ralgan og‘irligi 45 gramm bo‘lgan «opiy» giyohvandlik vositasi va 1 ta tselofan paketga o‘ralgan og‘irligi 5 gramm bo‘lgan «gashish» giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida jami 2 tup «nasha» o‘simligi va 65 gramm giyoxvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Hozirda mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: