Isroil Bahrayn va BAA bilan munosabatlarni yaxshilash haqidagi kelishuvni imzoladi

Jahon 01:47 / 16.09.2020 5383

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu BAA tashqi ishlar vaziri shayx Abdulloh bin Zoid Ol Nahayon va Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdul Latif az-Zayoniy bilan o‘z davlatlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni yaxshilash haqidagi kelishuvlarni imzoladi. Kelishuvlarni imzolash tantanali marosimi Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp, uning rafiqasi va mehmonlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Kelishuvlardan biri Isroilning Iordan daryosi g‘arbiy sohilidagi yahudiy shaharlariga o‘z suverenitetini joriy qilishini to‘xtatishini nazarda tutadi. Bunday shart AQShning Falastin-Isroil ixtilofini tartibga solish rejasida ko‘zda tutilgan.

Ushbu hujjat uch versiyada – ingliz, arab va ivrit tillarida tuzilgan. Hujjatning inglizcha versiyasini Tramp ham imzolagan.

Bundan tashqari, barcha 4 ta davlat vakillari BAA va Isroil o‘rtasida AQSh vositachiligida munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan “Avraam kelishuvi” nusxalarini imzolagan.

“Endi davlatlarimiz aholisi loyiq bo‘lgan tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash ustida faol va darhol ishlashni boshlash lozim”, deb ta'kidlab o‘tgan Bahrayn tashqi ishlar vaziri.  

O‘z navbatida Netanyaxu davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi arab-isroil ixtilofiga chek qo‘yishga imkon berishini aytgan. U kelishuvlarning imzolanishini “dunyodagi yangi davrdan darak beruvchi” tarixdagi buriluvchi on deb atagan. 

Tramp esa kelishuvlar “butun Yaqin Sharq mintaqasida tinchlik uchun asos bo‘lib xizmat qilishini, avval buning imkoni yo‘q deb hisoblanganini” aytgan. 

Marosim oldidan AQSh prezidenti Netanyaxu bilan uchrashib, unga Oq uyning ramziy kalitini topshirgan. Tramp bu kalitni “davlatlarimiz va yuraklarimizga kalit” deb atagan. Bunga javoban Netanyaxu Oq uy rahbarida “yahudiy xalqi yuragiga kalit allaqachon borligini” aytgan.

Kelishuvlar imzolanishi ortida G‘azo sektoridan Isroilning Ashkelon va Ashdod shaharlari tomon ikkita raketa uchirilgan. Bir snaryad Isroilning havo hujumiga qarshi tizimlari tomonidan urib tushirilgan. Biroq ikkinchi snaryad zarbasi oqibatida Ashdod shahriga kichik ziyon yetkazilgan, 2 kishi yengil jarohat olgan, 4 kishi esa karaxt holga tushgan.

Kelishuvlarning imzolanishi Falastin tomonidan qoralangan va rasmiy Ramalloh BAAdan o‘z elchisini chaqirtirib olgan. Falastinda Abu-Dabining ushbu harakatlari o‘z xalqiga tajovuz va uning huquqlari hamda muqaddas qadamjolariga bepisandlik deb atalgan.

Ko‘proq yangiliklar: