Indoneziyada jinoiy to‘dalar yetakchilari koronavirusga qarshi kurashga jalb qilinadi

Jahon 00:01 / 16.09.2020 8817

Indoneziya huquq-tartibot idoralari mahalliy jinoiy to‘dalar yetakchilarini koronavirus pandemiyasi sharoitida niqob taqish va ijtimoiy masofa saqlash rejimi ortidan nazorat qilishga jalb qilmoqchi. Bunday rejani mamlakat parlamentida milliy politsiya rahbari o‘rinbosari Gatot Pramono taqdim etgan.

Uning ta'kidlashicha, gap jinoyat olami yetakchilarini xizmatga yollash haqida bormayapti. “Biz shunchaki avtoritetlarni koronavirus oldini olishdagi muayyan vazifalarni bajarishga jalb qilmoqdamiz”, deb aytgan Pramono.

Politsiyachining tushuntirishicha, bozorlar va avtoturargohlar mafiya tomonidan nazorat qilinadi. Shu sababli jinoiy to‘dalar bunday joylarda muayyan qoidalarga rioya qilinishi, misol uchun, niqob taqilishini ta'minlashlari mumkin. Shu bilan birga, politsiya va harbiylar jinoiy guruhlar a'zolari bu jarayonda inson huquqlarini buzmasliklari ortidan nazorat olib boradi.

Bundan tashqari, Indoneziyaning Gresik okrugida niqobsiz holda tutilgan erkaklarni keskin tarzda jazolashga qaror qilindi: ular koronavirus qurbonlariga qabrlar qazishga jo‘natilmoqda. 

Ta'kidlanishicha, qabrlar qazishga ilk 8 nafar qoidabuzar jo‘natilgan. 

Mahalliy hokimiyat vakili jurnalistlarga okrugda faqatgina 3 nafar go‘rkov qolganini va shu sababli ularga bunday “yordam” ortiqchalik qilmasligini aytgan.

Oxirgi haftalarda Indoneziyada koronavirusga chalinganlar soni ortib bormoqda. Eng og‘ir vaziyat poytaxt Jakartada kuzatilmoqda, bu yerda 15 sentyabrdan yana qat'iy cheklovlar kiritilgan. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar soni 225 mingdan oshib ketgan, virusdan vafot etganlar soni 8,9 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: