DXX katta miqdordagi kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarini musodara qildi

Jamiyat 12:28 / 16.09.2020 5226

Andijon shahrida joylashgan Vitamin Expert MChJ ish yurituvchisi M.M. Farg‘ona shahrida 1120 dona “Lirika” va 110 dona “Tropikamid” dori vositalarini 28 mln. 350 ming so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida M.M. mazkur dori preparatlarini Andijon viloyati Paxtaobod tumani Madaniyat qishlog‘ida yashovchi D.A.dan olganligi ma'lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng tezkor tadbir Andijon viloyatida davom ettirilib, M.M.dan sotilgan tovar uchun 20 mln so‘m olgan vaqtida D.A. ham ushlandi.

Aniqlanishicha, D.A. ushbu kuchli ta'sir etuvchi dori vositalarini Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyatida yashovchi “Shohjahon” ismli shaxsdan sotib olib, Paxtaobod tumanidagi aylanma yo‘llar orqali mamlakat hududiga olib kirgan.

Shuningdek, Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan boshqa bir tezkor tadbir davomida Rishton tumanida yashovchi M.S. “Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishidagi avtoturargoh yonida 808 dona “Tropikamid” dori vositasini 60 mln. 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Oltiariq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Yu.S. va X.O. Qirg‘izistondan keltirilgan 5600 dona “Lirika” dori vositasini 100 mln. so‘mga sotmoqchi bo‘lgan vaqtlarida ushlandi.

Bundan tashqari, Quva tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham 2240 dona “Lirika” kapsulasini 3000 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida mahalliy fuqarolar Ya.Ya., A.M. va A.S. ushlandi.

Ta'kidlash lozimki, bunday kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarining asosiy iste'mol bozori sifatida ko‘riladigan Toshkent shahrida DXX, IIV va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlarining hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlari davomida Namangan viloyatida yashovchi Yu.O., O.O. va J.O. qo‘lga olindi. Ulardan Qirg‘izistondan noqonuniy ravishda olib kelingan 15 ming donadan ziyod “Regapen” kapsulalari protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 8960 dona “Lirika”, 15022 dona “Regapen” va 918 dona “Tropikamid” dori vositalari musodara qilindi.

Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: