Rossiyadan Toshkentga aviareyslar oktabr oyida tiklanishi mumkin

O‘zbekiston 15:36 / 15.09.2020 10774

Moskva MDH davlatlari bilan aviaqatnovni bir oy ichida qayta tiklashi mumkin. Bu haqda «Interfaks» vaziyatdan xabardor manbaga tayangan holda ma'lum qildi.

«Birinchi navbatda MDH davlatlari poytaxtlari bilan parvozlarni oktabr oyidan tiklash bo‘yicha mexanizmlar muhokama qilinmoqda. Gap Nur-Sulton, Toshkent, Boku, Yerevan va boshqa shaharlar haqida bormoqda», - dedi manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Minsk bilan aviaqatnov birinchi bo‘lib tiklanishi mumkin.

«Hozircha bu masala ikki mamlakat aviatsiya ma'muriyati va aviakompaniyalari ishtirokida ishlab chiqilmoqda. Parvozlarni tiklash sanasi hali aniqlanmagan», - dedi agentlik suhbatdoshi.

Bundan oldin, Transport vazirligi vakili Rossiyaga aviareyslar qachon tiklanishi haqida aytib o‘tgandi

Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatovning bildirishicha, masala ko‘proq Rossiya tomoniga bog‘liq bo‘lib turibdi.

«Ko‘pchilik Rossiyaga qachon aviareyslar tiklanishiga qiziqishi tabiiy. Chunki bu eng tig‘iz yo‘nalish. Ammo bu yerda muammoning yechimi bizning xohishimiz yoki qarorlarimizga bog‘liq emas. Bu masala ko‘proq Rossiya tomoniga bog‘liq bo‘lib turibdi. Lekin oldin aytganimizdek muzokaralar davom etmoqda va xayrli yakundan umid qilib turibmiz», - dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: