Qashqadaryoda 855 nafar o‘qituvchi koronavirusga gumon qilingan - SEOM

O‘zbekiston 23:01 / 15.09.2020 13329

Qashqadaryo viloyatidagi maktablarda ishlovchi 855 nafar o‘qituvchi dastlabki tekshiruvda koronavirusga gumon qilingan, ulardan qaytadan test olinadi. Bu haqda viloyat SEOM axborot xizmati ma'lum qildi.

Avvalroq Qashqadaryo viloyat XTB boshlig‘i Abdug‘ani Himmatov bergan ma'lumotga asoslangan holda, viloyatdagi maktablarning 855 nafar pedagogida COVID-19 chiqqani haqida xabar berilgan edi.

Viloyat SEOMdan aniqlik kiritilishicha, laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan mazkur xodimlar virus yuqtirganlikda gumonlanib, dastlabki xulosalar berilgan.

«Ularda koronavirus alomatlari mavjud emasligini alohida ta'kidlash zarur. Shunday bo‘lsa-da, ular zaruriy dori darmon, tibbiy vositalar bilan ta'minlanib, shifokorlar tomonidan kuzatuvga olindi. Navbatdagi bosqichda esa virusni yuqtirganlikda gumonlangan pedagog xodimlar yana bir bor tekshiruvdan o‘tadi. Bu haqda qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etib boriladi», – deyiladi SEOM axborotida.

Qayd etilishicha, viloyatda 1151 ta umumta'lim maktabi mavjud bo‘lib, ularda 55 562 nafar o‘qituvchi va boshqa xodimlar ishlab kelmoqda. 15 sentyabrga qadar SEOMlar orqali 32 892 nafar pedagog xodimdan koronavirusga test olingan.

Qo‘shimcha qilinishicha, shu kunga qadar viloyat SEOMning maxsus laboratoriyasida 201 319 nafar fuqarodan olingan tahlil natijalari ko‘rib chiqilgan bo‘lib, 15 sentabr soat 10:00 holatiga ko‘ra, viloyatda jami 1034 holatda COVID-19 bilan kasallanish qayd etilgan.

«Ayni paytda esa virusni yuqtirib olgan 958 nafar bemor davolanib, sog‘ayganlarning umumiy ko‘rsatgichi 93 foizni tashkil qilmoqda», – deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 14 sentyabrdan boshlab O‘zbekistondagi maktablarning taxminan 25 foizida an'anaviy ta'lim yo‘lga qo‘yildi, ayni paytda butun respublika o‘quvchilari uchun masofaviy darslar boshlandi.

1 oktyabrgacha barcha umumta'lim maktablari ochilishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan o‘qituvchilardan COVID-19'ga test olinyapti. Sog‘liqni saqlash vazirligi 11 sentabr holatiga 56,6 foiz pedagog (275,6 ming nafar) tekshiruvdan o‘tkazilganini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: