Mehnat migrantlari: muammo jiddiy, lekin yechimi yo‘q emas. Ikkinchi maqola

Jamiyat 14:20 / 15.09.2020 8134

Har qanday boylikning, demak, to‘q farovon hayotning ham negizida iqtisodiy resurslar va imkoniyatlar yotadi. Tadbirkor ushbu resurslarni harakatga keltirib, ularni o‘zaro uyg‘unlashtirib, kundalik hayotimiz, farovon turmush kechirishimiz uchun zarur bo‘lgan moddiy hamda nomoddiy noz-ne'matlarni ishlab chiqaradi, dasturxonimiz to‘kin-sochin bo‘lishi, do‘kon peshtaxtalari to‘lib-toshishi, serob bo‘lishini ta'minlab beradi.

Xulosa qilib aytganda, iqtisodiy resurslarning mavjudligi mamlakatda to‘qlikka, mo‘l-ko‘lchilikka erishishning asosiy negizi va eng muhim shartidir. Davlatning boy bo‘lishi, xalqning to‘q va farovon hayot kechirishini ta'minlashni iqtisodiy resurslarning faol ishtirokisiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Iqtisod ilmi uchun bu isbot talab etmaydigan aksiomadir.

Aynan resurslar jihatidan yondashganda, O‘zbekiston dunyoning eng boy davlatlaridan biri hisoblanadi. Birinchidan, O‘zbekiston tabiiy resurslarga juda boy mamlakat. Mineral xomashyo resurslari ham juda katta.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda qariyb 100 turdagi mineral xomashyosidan iborat 2,7 mingdan ortiq foydali qazilma konlari aniqlangan. Ulardagi umumiy zaxiralar miqdori 3,3 trillion AQSh dollariga baholanmoqda. Har yili yer tubidan 5,5 milliard AQSh dollari qiymatidagi foydali qazilmalar qazib olinmoqda.

O‘zbekiston oltin zaxiralari bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinda, ishlab chiqarish bo‘yicha esa 7-o‘rinda, tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha – 11, mis zaxiralari bo‘yicha – 10, uran bo‘yicha – 7, oltin zaxiralarining miqdori bo‘yicha 15-o‘rinda turadi. Respublikada qo‘rg‘oshin, rux, volfram, litiy va boshqa foydali qazilmalarning muhim zaxiralari bor. O‘zbekistonning qulay iqlim sharoiti, serquyoshligi, yer va suv resurslari ham uning resurs salohiyatini yanada yuksaltiradi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston mehnat resurslariga boy mamlakat – aholi soni bo‘yicha dunyoda qirq uchinchi o‘rinni, MDH davlatlari o‘rtasida esa uchinchi o‘rinni egallaydi. Mehnat resurslari iqtisodiy resurslar tarkibida yetakchi va eng muhim qimmatli resurs turi sanaladi.

Jahon amaliyoti shundan dalolat beradiki, undan to‘g‘ri va unumli foydalangan, qadrlagan davlat jadal rivojlanib, tezda boyib ketishi mumkin. Masalan, Yaponiya tabiiy resurslarga juda qashshoq mamlakat. Uning maydoni O‘zbekiston yer maydonining 86 foizini tashkil etadi, doimiy aholi soni esa 3,7 marta ko‘p.

Demak, Yaponiyaning juda qisqa tarixiy davr mobaynida qudratli va boy mamlakatga aylanishi faqat mehnat resurslari, uning ulkan salohiyatidan unumli va o‘rinli foydalana olish hisobiga amalga oshgan. Tabiiyki, hozirgi kunda yapon xalqi munosib ish haqi topish ilinjida boshqa davlatlarga ish izlab bormaydi, lekin boshqa mamlakatlardan Yaponiyada ishlash ishtiyoqida yurganlarning soni juda ko‘p.

Xulosa qilib aytganda, mehnat resurslari O‘zbekistonning bebaho boyligi. U O‘zbekistonni rivojlantirish, iqtisodiy o‘sish sur'atlarini jadallashtirish, mamlakatimizning rivojlangan davlatlar safidan munosib o‘rin egallash muammolarini hal etishning asosiy vositasiga aylanishi muqarrar. Faqat uni begona yurtlarda o‘zganing iqtisodiy tegirmoniga suv quyib yurishiga yo‘l quymaslik, ulkan salohiyatidan o‘z iqtisodiyotimiz ravnaqi yo‘lida unumli foydalanishimiz zarur.

Demak, iqtisodiy taraqqiyotga erishishning asosiy negizi bo‘lgan iqtisodiy resurslarning bir vaqtning o‘zida har ikkala turiga boy bo‘lgan yurtning xalqi ham to‘q va farovon hayot kechirishga to‘la haqli.

O‘zbekistonda moliyaviy resurslar tanqisligi muammosi haqida fikr-mulohaza yuritadigan bo‘lsak (sababi — ushbu resurslar har ikkala resursni harakatga keltirish va ulardan ijobiy samara olishning asosiy vositasi), ular mehnat resurslari hamda tabiiy resurslarning hosilasi bo‘lib, ulardan foydalanish unumdorligi va kengaytirilgan takror ishlab chiqarish ko‘lamlari kengayib borgan sayin, salohiyati ham ortib boraveradi.

Muammoning yechimi nimada?

Turli jumboq va noaniqliklarga to‘la ushbu sehrli savolga ulkan mas'uliyatni o‘z zimmasiga olgan barcha buyuk zotlar, allomalar, elu-yurt rahnamolari, davlat rahbarlari biror-bir katta ishlarga bel bog‘laganda takror va takror murojaat qilganliklari tabiiy.

Chunki yuzaga kelgan muammoning son-sanoqsiz yechimlari orasida maqsadga eltuvchi yakkayu-yagona tayanch nuqtasi bo‘ladi. Ana shu tayanch nuqtani izlab topa bilgan kishilargina bosh maqsadga erishadi va buyuk shaxs sifatida tarixda qolish sharafiga muyassar bo‘ladi.

Bobokolonimiz Amir Temur ham o‘z vaqtida aynan shu savolga ko‘p martalab murojaat qilgan, unga munosib javob izlagan va uning olamshumul, kishilik hayotida o‘chmas iz qoldirgan xatti-harakatlari aynan shu savolning javobi sifatida yuzaga kelgani haqiqatdan yiroq emas.

Mehnat migrantlari muammosini hal etishning ikkita yo‘li bor.

Birinchisi — mehnat migratsiyasini O‘zbekiston mehnat bozoridagi ishchi kuchi taklifi va unga bo‘lgan talab o‘rtasidagi nomutanosiblikni bartaraf etish, aholining bir qismiga nisbatan yuqoriroq daromad topish uchun shart-sharoitlar yaratib berish, ular ishlab topgan daromad hisobidan milliy iqtisodiyotga qo‘shimcha madad berish vositasi sifatida qarash siyosatini davom ettirish.

Bu — mamlakatda bandlik muammosini hal etishning eng oson va kamchiqim yo‘li. Lekin ushbu yo‘l tutilgan taqdirda ham, mehnat migrantlarini, ularning huquq va erkinliklarini qo‘llab-quvvatlash, davlat darajasida himoya qilish, ularga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish va keng ko‘lamda hayotga tatbiq etish lozim, deb o‘ylayman.

Ikkinchisi – mehnat migratsiyasidan va u undan kelayotgan barcha daromadlardan butkul voz kechish, mehnat migratsiyasining respublika manfaatlariga mos kelmaydigan faoliyat turi sifatida batamom tugatilishiga erishish.

Bu ancha murakkab va mashaqqatli yo‘l bo‘lib, juda katta sa'y-harakatlarni va qat'iy choralar ko‘rishni taqozo etadi. Bu vaqtincha qiyinchiliklar va iqtisodiy yo‘qotishlar evaziga amalga oshadi. Lekin mehnat migratsiyasiga qarshi siyosat doirasida iqtisodiy mexanizmlar yaratilib, ular harakatga keltirilishi oradan 5-6 yil o‘tar-o‘tmas makrodarajada o‘zining ijobiy natijalarini bera boshlaydi.

Mamlakatda mehnat migratsiyasidan batamom voz kechish va asta-sekin uni xalqimiz uchun iqtisodiy faoliyatning turi sifatidagi ahamiyatini tugatish siyosati tanlangan va u muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda, ushbu siyosat O‘zbekistonga to‘rt tomonlama manfaat keltiradi. Bu:

Birinchidan, iqtisodiy o‘sish sur'atlarini jadallashtirish va milliy boylikni ko‘paytirishga ko‘mak beradi. Ushbu samara mehnat migrantlarining mulkdor foydasiga qo‘shimcha ish vaqtida yaratgan qo‘shimcha qiymatining boshqa davlatlar xazinasini to‘ldirishga emas, balki mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini ko‘paytirishga qo‘shgan hissasi orqali namoyon bo‘ladi.

Ikkinchidan, O‘zbekistonning xalqaro nufuzini, imijini oshirishga katta ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Uchinchidan, o‘z xalqi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilgan, uni musofirchilik qiynoqlaridan xolos etgan davlatga nisbatan xalqning hurmati, undan roziligi ortadi.

To‘rtinchidan, juda katta ma'naviy samaraga erishiladi. Begona yurtlarda musofirchilikda turli nohaqliklarga, kamsitishlarga duchor bo‘layotgan yurtdoshlarimiz migratsiya azob-uqubatlaridan qutulib, o‘z ona yurtlarida erkin hayot kechirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Agar O‘zbekistonda mehnat migrantlari muammosini hal qilish uchun qaysi yo‘lni tutish kerak degan savol qo‘yiladigan bo‘lsa, men iqtisodchi sifatida ikkinchi yo‘lni, ya'ni ularni mamlakatga imkon qadar tezroq qaytarish yo‘llarini izlab topish kerak, deb javob bergan bo‘lar edim.

(Davomi bor)

M.Muhammedov,

SamISI professori, iqtisodiyot fanlari doktori.

Ko‘proq yangiliklar: