Kattaqo‘rg‘on tumanida lalmi yerlar o‘zlashtirilib, kambag‘al oilalarga berildi

Jamiyat 14:47 / 15.09.2020 6295

Tumanda ushbu tarmoqqa bugun butunlay yangicha yondashilyapti. Alohida kooperativ tashkil qilindi.

“2020 yilda 2021 yil hosili uchun fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida qulupnay ekishni 1000 gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Shundan 500 gektari mutlaqo yangi, qo‘l mehnati deyarli talab qilmaydigan tomchilatib sug‘orish texnologiyalari asosida ekiladi. Qulupnay yetishtirish uchun ajratilgan yerlarda asosan kambag‘al oilalar va yoshlar, shu jumladan, xotin-qizlar ishga qabul qilinmoqda. Tumandagi bo‘sh turgan sobiq “Konserva” zavodi binosi negizida muzlatkichli omborxona quriladi va saralash, qadoqlash hamda logistika markazi tashkil etiladi. Yetishtiriladigan jami hosil 30 ming tonnani tashkil etib, shuning kamida 10 ming tonnasi (10 mln. AQSh dollari qiymatida) eksportga yo‘naltirilishi rejalashtirilyapti. Ushbu chora-tadbirlar amalga oshgach, 5 mingdan ortiq ishsiz yurtdoshlarimiz doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi”, deydi tuman hokimi A'zamxon Bahromov.

Tumanda jami 12 ta qishloq xo‘jalik kooperativlari tashkil etilib, kam ta'minlangan hamda ishsiz fuqarolarga 30-50 sotixdan yer maydoni qulupnay, tok va boshqa daromadli ekinlar ekish uchun uzoq muddatga ijaraga berilibdi.

“Bir necha marta Rossiyaga borib ishlab kelganman. Musofirchilikda hech qachon non topish oson bo‘lmagan. Bir uyda uch xo‘jalik bo‘lib yashab kelyapmiz. Mana shu joylar yaqingacha lalmi yer bo‘lgan. Suv chiqarib beramiz, dehqonchilik qilasizlarmi, deyishdi. Karantin sababli chetgayam chiqib ishlashning imkoni bo‘lmay turgandi, rozi bo‘ldim. Avval dehqonchilik qilmaganman, rosti. Tavakkal qilib bog‘ oralariga qovun-tarvuz, loviya-fasol ekdik. Qovun-tarvuzni bozorga olib chiqdik, paykalning o‘zidan ham kelib olib ketishdi. Oilaviy bo‘lib ishlayapmiz, hozircha yetti-sakkiz million daromad qildik. Boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarimiz ham yaxshi hosilga kirgan. Nasib qilsa, qiynalmaymiz, birovga muhtojligimiz bo‘lmaydi”, deydi tumanning “Bog‘ot” mahallasidan kelib kooperatsiyada ishlayotgan Jamoliddin Ro‘zimurodov.

Tumanda shuningdek, ishsiz va kambag‘al oilalarni doimiy daromad manbai bilan ta'minlash maqsadida shu kunga qadar 26 ta yuk motorollerlari va 35 ta motokultivatorlar tarqatilibdi.

Ko‘proq yangiliklar: