66 yoshli rossiyalik sportchi 5 soat ichida rekord miqdorda vazn tashladi

Sport 22:02 / 15.09.2020 12020

Dog‘istonning Mug‘i qishlog‘ida yashovchi 66 yoshli Bagama Aygubov 5 soatlik yugurish vaqtida 9,3 kilogramm vazn tashladi va bu natija bilan Rossiya rekordlar kitobiga kiritildi. Bu haqda Dog‘istonning jismoniy tarbiya va sport vazirligi Instagram’da ma'lum qildi.  

Ta'kidlanishicha, Aygubov Dog‘iston sporti faxriysi, turli yakkakurash turlari bo‘yicha Rossiya, Yevropa va jahon chempionatlari sovrindori hisoblanadi. 

Aygubov rekord urinishni Mahachqal'adagi Yelena Isinbayeva nomidagi stadionda amalga oshirgan. Uning ta'kidlashicha, ko‘plab odamlar ortiqcha vazndan aziyat chekishadi. U bunday odamlarni o‘z tanasi va irodasini boshqara olmaydigan dangasa odamlar deb atagan. “Ko‘plab sportchilar 2-3 kg vazn ham tashlay olmaydi. Men esa buni isbotlayman”, deb aytgan sportchi.  

Yugurish vaqtida sportchining sog‘lig‘i ortidan shifokorlar kuzatib borishgan va finishdan keyin uning qon bosimini tekshirishgan. Rekordchining qon bosimi me'yorida bo‘lgan va u o‘zini yaxshi his qilgan.

Aygubovning start oldidan vazni o‘lchangan va tarozi 88 kgni ko‘rsatgan. Yugurishdan keyin esa uning vazni 78,7 kgni tashkil qilgan. “Rekord videoga muhrlandi va yaqin orada Ginness rekordlar kitobiga jo‘natiladi”, deb ma'lum qilingan xabarda. 

Aygubovning aytishicha, u vaznni tez tashlash bo‘yicha ko‘p karra chempion bo‘lishni rejalashtirgan.

Ko‘proq yangiliklar: