«Paxtakor» Osiyoning eng kuchli klubiga qarshi. O‘zbekiston chempioni 19 kunda 7 o‘yin o‘tkaza oladimi?

Sport 13:18 / 14.09.2020 17713

Yetti oylik tanaffusdan keyin bugun, 14 sentyabrdan qit'amizning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turniri – Osiyo Chempionlar ligasi bahslari davom ettiriladi. Xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan «Paxtakor» Qatarda markazlashgan holda boshlanayotgan OChLning eng muhim pallasiga shay holatda yetib bordi. O‘zbekiston chempioni 19 kun ichida 7ta o‘yinda maydonga tushib, finalga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Tribuna.uz OChL restarti oldidan «Paxtakor»ning «Al Hilol»ga qarshi bugungi o‘yini, jamoalarning holati va o‘zgarishlarga qo‘l urilgan OChL haqida atroflicha ma'lumot beradi.

Guruhda qo‘shhokimlik

Fevral oyida start olgan OChL «B» guruhida «Paxtakor» va «Al Hilol» klublari dastlabki ikki turda ham g‘alaba qozonib, 6 ochko bilan guruhda qo‘shhokimlik qilmoqda. Ushbu jamoalarning 3-4-tur doirasidagi o‘yinlar 14 va 17 sentabr kunlari o‘tkaziladigan o‘zaro ikki o‘yinidan keyin guruh peshqadami nomiga oydinlik kiritiladi.

Qatarga ko‘chgan OChL

Koronavirus pandemiyasi tufayli barcha xalqaro o‘yinlar qatorida Osiyo Chempionlar ligasi doirasidagi barcha uchrashuvlar ham OFK tomonidan qoldirilgan edi. Yozda OFK o‘yinlarni o‘tkazish bo‘yicha yangi taklifni bildirdi. Unga ko‘ra, 16 klub bitta mamlakatda yig‘iladi va 4ta stadionda guruh bosqichi va 1/8 final, chorak va yarimfinal o‘yinlarini o‘tkazishadi. Ya'ni, to‘rtta bosqich o‘yinlari uch hafta ichida bo‘lib o‘tadi - 14 sentyabrdan 3 oktyabrgacha. Har bir klub dastlabki o‘yinidan 4 kun avval yetib borishi shartligi aytildi.

Yakunda OChL G‘arb mintaqasi o‘yinlarini Qatarda o‘tkazish variantini eng ma'quli sifatida tanlandi va klublar 10 sentyabrgacha Dohada yig‘ilishdi. Sharq mintaqasida esa o‘yinlar kechroq boshlanib, dekabrga qadar finalchi aniqlanadi. Qatar sog‘liqni saqlash vazirligi va OFK har bir jamoadan aeroportning o‘zidayoq koronavirusga test oldi. Har bir klub qat'iy ravishda mehmonxona – stadion – mehmonxona marshrutidan chetga chiqmasligi haqida ogohlantirildi.

E'tiborlisi, bu borada «Paxtakor»ning raqib «Al Hilol»ning 5 nafar futbolchisida Covid-19 infeksiyasi aniqlanib, alohida nazoratga olingan. Oshkor qilinmagan bu futbolchilar Ar Riyod klubining Toshkent jamoasiga qarshi o‘yinlarini o‘tkazib yuborishadi.

20 kun ichidagi o‘yinlarni Qatardagi uchta stadion - Khalifa International Stadium, Al Janoub Stadium, Jassim Bin Hamad Stadium, Education City Stadium o‘yingohlari qabul qiladi.

O‘yinlar taqvimi

Turnirda yurtimiz sharafini himoya qiladigan «Paxtakor» guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarni Doha shahridan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan Al-Vaqradagi «Al Janub» stadionida o‘tkazadi. Guruhdagi to‘rtta uchrashuv ham bir xil vaqt – Toshkent vaqti bilan 23:00ga belgilangan. «Paxtakor» turnirda finalgacha bora olsa, 19 kun ichida 7 o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.

OChL. 3-tur, 14 sentabr

«Al Hilol» - «Paxtakor»
4-tur, 17 sentabr

«Paxtakor» - «Al Hilol»
5-tur, 20 sentabr

«Shabob Al Ahli» - «Paxtakor»
6-tur, 23 sentabr

«Shahri Xudro‘» - «Paxtakor»

1/8 final. 26 va 27 sentabr

1/4 final. 30 sentabr

Yarim final. 3 oktabr

Final. 5 dekabr

«Al Hilol» qanday jamoa?

Saudiya Arabistonining ko‘p karra chempioni «Al Hilol» Osiyoning ham eng kuchli klubi nomini o‘zida saqlab turibdi. Bu jamoa OChLning amaldagi chempioni sanaladi. Ar-Riyod klubi tarkib jihatdan ancha nomdor futbolchilarga ega. «Al Hilol» safida Sebastyan Jovinko, Bafetimbi Gomis, Andre Karrilo va Jan Xyun Su legioner sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Jamoani ruminiyalik Razvan Luchesku boshqarmoqda.

Bir necha kun avval riyodliklar Saudiya Arabistoni chempionatida 16-marta oltin medallarni qo‘lga kiritishdi. Klubning 8-10 nafar futbolchisi Saudiya Arabistoni milliy jamoasiga nomzod sanaladi.

«Al Hilol»ning Chempionlar Ligasiga futbolchilar ro‘yxati:

Darvozabonlar: 1. Abdulloh Al Muayif, 30. Muhammad Vakid, 31. Abdulloh Aljadani

40. Navaf G‘amdi.

Himoyachilar: 2. Muhammad Al Burayk, 5. Ali Al Bulayhi, 12. Yosir Shahrani, 17. Abdulloh Al Hafiz, 20. Jan Xyun Su (Janubiy Koreya), 22. Amir Kurdi, 23. Madallah Al Olayan, 32. Mutib Mufarri, 34. Volid Abdulvahob, 54. Muhammad Kunaydiri, 70. Muhammad Jahfali.

Yarimhimoyachilar: 7. Salmon Faraj, 8. Abdulloh Otayf, 10. Muhammad Al Shalbuh, 16. Nosir Al-Dovsari, 19. Andre Karrilo (Peru), 24. Navaf Al Obid, 27. Xatan Sulton, 28. Muhammad Kanno, 29. Salim Al-Dovsari, 35. Mansur Albishiy, 55. Hamad Alabdan,

Hujumchilar: 9. Sebastyan Jovinko (Italiya), 11. Saloh Shahri, 18. Bafetimbi Gomis (Fransiya), 33.Fahad Mutayri.

Jamoalar qanday holatda yetib kelishdi?

Aytish joizki, hozirga kelib «Paxtakor» singari «Al Hilol» ham yaxshi sport formasida. 5 kun avval Saudiya Arabistoni chempioniga aylangan Ar-Riyod klubi so‘nggi besh o‘yindan 4tasida g‘alaba qozongan.

Xuddi shunday «Paxtakor» ham Superligada oxirgi 5 o‘yindan 4tasini g‘alaba bilan yakunlagan va chempionlik sari dadil qadamlar tashlamoqda.

Jamoalarning so‘nggi 5 o‘yindagi natijasi:

«Al Hilol» o‘yinlari:

20.08. Al Ahli – Al Hilol – 2:1  

25.08. Al Hilol – Al Faysali – 2:0

29.08. Al Hilol – Al Hazm – 4:1

04.09. Al Vahda – Al Hilol – 1:3

09.09. Al Hilol – Al Shabob – 2:1           

«Paxtakor» o‘yinlari:

24.08. Paxtakor – Lokomotiv – 7:0

27.08. Andijon – Paxtakor – 0:2

01.09. Navbahor – Paxtakor – 1:1

05.09. Buxoro – Paxtakor – 0:4

08.09. Metallurg – Paxtakor – 0:3

O‘zaro o‘yinlar: «Paxtakor» mag‘lub eta olmayotgan raqib

Bu jamoalar hozirga qadar o‘zaro 6 marotiba to‘qnash kelishgan. 4 uchrashuvda «Al Hilol», zafar quchgan bo‘lsa, 2 o‘yinda esa durang qayd etilgan. «Paxtakor» o‘zaro o‘yinlarda 4ta gol kiritgan bo‘lsa, raqib 13 marta gol urgan. Hozirgi tarkibdan Igor Sergeyev bu jamoa darvozasini ikki marta ishg‘ol etgan.

Umuman olganda, «Paxtakor» klubi Saudiya Arabistoni klublariga qarshi Osiyo maydonlarida 25ta o‘yinda maydonga tushgan. O‘yinlarda 4 g‘alaba, 5 durang va 16 mag‘lubiyat kuzatilgan. Raqiblar darvozalari 19 bor ishg‘ol qilinib, 50 marta to‘p o‘tkazib yuborilgan.

Qaysi klubning tarkibi qimmatroq?

Transfermarkt portali ma'lumotlariga ko‘ra, «Paxtakor» va «Al Hilol» klubi futbolchilarining transfer baholari o‘rtasidagi tafovut ancha katta. Toshkent klubi tarkibining umumiy narxi 13,2 million yevroni tashkil etsa, Ar-Riyod klubi bu borada 40,1 million yevro narxga ega.

«Paxtakor»ning eng qimmatbaho futbolchisi Jaloliddin Masharipov sanaladi – 1,8 million yevro. «Al Hilol»da esa Andre Karrilo 8 million yevroga baholangan.

«Paxtakor» tarkibi umumiy bahosi – 13,2 mln yevro

Eng qimmat uch futbolchisi:

1. J. Masharipov – 1,8 mln yevro

2. I.Sergeyev – 1,5 mln

3. D.Cheran – 900 ming yevro

«Al Hilol» tarkibi umumiy bahosi – 40,98 mln yevro

Eng qimmat uch futbolchisi:

1. Andre Karrilo (Peru) – 8 mln yevro

2. Sebastian Jovinko Italiya – 4 mln yevro

3. Batefimbi Gomis Fransiya – 3 mln yevro.

Anons. 14 sentabr (dushanba)

OChL. 3-tur bahsi.

«Al Hilol» - «Paxtakor»

Qatar, Al Vaqra. «Al Janub» stadioni.

O‘yin boshlanish vaqti: 23:00

TV-translatsiya: «Sport» (jonli)

Sharhlovchi: Dilshodbek To‘xtabekov.

Usmon Ibodov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: