Kuzning antiqa ne'mati: Quvada danaksiz anor yetishtirilyapti

Jamiyat 18:27 / 14.09.2020 17589

Tumanda anorchilikka o‘tgan asrning 30-yillarida asos solingan bo‘lib, oxirgi yillarda Quvaning dasht-adirlari, toshliq yerlariga anor ko‘chatlari ekilib, bu sohada yangicha bosqichga kirishildi.

Bugun Quva–Farg‘ona–Marg‘ilon yo‘llari, Quva–Shahrixon–Marhamat yo‘llarida quvaliklarning yaratuvchanlik mo‘jizalariga guvoh bo‘lasiz. Ha, bitta urug‘ni yerga qadab, uni ko‘kartirib, payvandlab, mevali ko‘chatga aylantirish uchun ham katta sabot, mehnatga ijodkorona yondashuv kerak. Quva anorlari xorijda ham ma'lum va mashhur ekani bejiz emas.

Ayni paytda tumanida kuz ne'matining 30dan ortiq turi parvarishlanyapti. E'tiborlisi, yetishtirilgan hosilning ichki ehtiyojdan ortgan qismi Koreya Respublikasi, Rossiya singari mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

Quvada anorning boshqa joylarda uchramaydigan turi borligini eshitganmisiz? Bundan o‘n yil oldin andijonlik bog‘bon Quvada mirishkorlar anorning antiqa – ichida urug‘i yo‘q navini yetishtirishini aytgandi.

Har safar Farg‘onaga yo‘limiz tushganida o‘sha anorni izladik. So‘radik-surishtirdik. Kuni kecha quvalik do‘stlarimiz oxiri o‘sha ajoyib anordan topib, bir to‘plam berib yuborishibdi. Yeb ko‘rdik: mo‘jiza, ichida urug‘i yo‘q ekan. Mazasi ham boshqacha shirin.

Bog‘ini, bog‘bonini so‘ramay turasiz. Yaqin kunlarda o‘sha anorzorning o‘zidan reportaj qilish niyatimiz bor.

Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov.

Ko‘proq yangiliklar: