Isroil dunyoda birinchi bo‘lib qat'iy karantinga qaytmoqda

Jahon 09:16 / 14.09.2020 13794

Isroil hukumati mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni tobora ko‘payib borayotgani sababli o‘zini yakkalash rejimi qayta kiritilishini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda The Jerusalem Post nashri xabar berdi.  

Ushbu chora kelayotgan juma, 18 sentabr kuni soat 14dan amal qilishni boshlashi va 9 oktyabrgacha davom etishi kutilmoqda. Bu davr ichida deyarli barcha maktablar yopiq bo‘ladi, aholiga sababsiz yashash joyidan 500 metrdan uzoqroqqa ketish taqiqlanadi. Restoranlar, ko‘ngilochar va savdo markazlari yopiq bo‘ladi. Xususiy kompaniyalarga koronavirusga qarshi karantin choralariga rioya qilish sharti bilan ishlashga ruxsat beriladi. Davlat sektori kamroq xodimlar bilan ishlashda davom etadi, aksariyat xodimlarga onlayn-rejimda ishlash imkoniyati beriladi. Tel-Aviv aeroporti ham o‘z faoliyatini davom ettiradi.

O‘zini yakkalash rejimidan chiqish vaziyatga qarab sekin-asta amalga oshiriladi. 

Hukumatda bunday choralarga ko‘p soatlik muhokamalardan keyin rozi bo‘lishgan. Undan maqsad oxirgi kunlarda tobora ko‘proq bemorlar yetkazilayotgan shifoxonalarga yuklamani kamaytirish hisoblanadi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu karantin choralari kiritilishi zarurligini ta'kidlab o‘tgan. U shu bilan birga hukumat koronavirusni yenga olmaganini rad etgan. 

Isroil milliy ko‘lamda bunday qat'iy choralarga qaytayotgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ladi. Mamlakatda pandemiya sababli iqtisodiy pasayish kuzatilayotgani sababli, o‘zini yakkalash rejimining tiklanishi Isroil hukumati va jamiyatini ikkiga bo‘ldi. 

Jumladan, Isroil qurilish vaziri Yaakov Litsman bunday qat'iy karantinga qarshi norozilik bildirib iste'foga chiqishga qaror qildi. Bundan tashqari, fan vaziri Izxara Shay ham karantin kiritilishini tanqid qilgan. Uning fikricha, ommaviy yig‘inlar va ko‘ngilochar tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun kommendantlik soati yetarli hisoblanadi. O‘z hamkasblarini moliya vaziri Israel Kats ham qo‘llab-quvvatlagan. Uning ta'kidlashicha, “karantin kiritish taklifi iqtisodiy tomonlarni hisobga olmagan”. Shu sababli u qat'iy karantin kuchga kirishidan oldin hukumatning qo‘shimcha yig‘ilishi o‘tkazilishini talab qilgan.

Oxirgi kunlarda Isroilda kunlik kasallanish holatlari soni tobora ortib bormoqda. Ayni vaqtda mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 155 mingdan oshib ketdi, virus qurbonlari soni 1119 nafarga yetdi.

Ko‘proq yangiliklar: