Chexiya va Avstriyada koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlangani e'lon qilindi

Jahon 01:14 / 14.09.2020 5237

Chexiya va Avstriyada koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlangani e'lon qilindi. 

Shu sababli Chexiyadagi shifoxonalar quvvati og‘ir alomatlarga ega kasallarni qabul qilish uchun yetarlicha bo‘lmasligi mumkin. Bu haqda Chexiyaning bosh epidemiologi Roman Primula ma'lum qildi. 

“Pandemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlandi”, deb aytgan Primula. U kasallanganlar sonining jadal o‘sishini to‘xtatish va shifoxonalarda o‘rinlar yetishmasligi muammosidan qochish uchun barcha sa'y-harakatlarni safarbar qilish lozimligini ta'kidlab o‘tgan. 

Ayni vaqtda Chexiyada koronavirusga chalinganlar soni 35 mingdan ko‘proqni, undan vafot etganlar soni 456 nafarni tashkil qilmoqda. So‘nggi sutkada kasallanganlar soni 1541 nafarga oshgan.

Shuningdek, Avstriyada ham pandemiyaning ikkinchi to‘lqini kuzatilmoqda. Mamlakatda koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlanganini kansler Sebastyan Kurs e'lon qilgan.

“2 hafta oldin kuniga 350 ta yangi holat qayd etilgan bo‘lsa, kecha 850dan ko‘proq bo‘ldi. Ayniqsa, Venada og‘ir vaziyat kechmoqda. Bu yerda Avstriyadagi barcha kasallanganlarning yarmi qayd etilgan. Biz yaqinda kuniga mingta yangi kasallanish qayd etiladigan ko‘rsatkichga yetib kelamiz”, deb aytgan Kurs va kuz-qish mavsumi og‘ir kelishidan ogohlantirgan.

Shu munosabat bilan kansler Avstriya aholisini infeksiya tarqalishi oldini olishga qaratilgan barcha choralarga amal qilishga chaqirgan. “Hozirda biz kelayotgan oylardagi sinovlarni bahorda ko‘rsatgan intizom va e'tiborlilik bilan yengib o‘tishimiz lozim”, deb ta'kidlab o‘tgan kansler.

Ayni vaqtda Avstriyada koronavirusdan kasallanish holatlari 33 mingdan ko‘proqni, vafot etganlar soni 756 nafarni tashkil qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: