Bu yilgi apellyatsiya jarayonlari oktabr oyi boshida bo‘ladi - DTM

Jamiyat 15:41 / 14.09.2020 4080

Bugun, 14 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov apellyatsiya jarayonlari bo‘yicha ma'lumot berdi.

Uning qayd etishicha, tanlov to‘liq yakunlangandan so‘ng abituriyent apellyatsiya shikoyatini onlayn shaklda yuborishi mumkin bo‘ladi. Arizalarni bir hafta mobaynida qabul qilish taklifi ishlab chiqilgan.

«Apellyatsiya jarayonlari oktabr oyining boshlarida bo‘ladi. Hozircha ekspertlarning barchasi Davlat test markazida bo‘lgani uchun apellyatsiya shikoyatlarini ham tashkilotning o‘zida ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Apellyatsiya jarayonini ota-onalar onlayn tarzda kuzatishi mumkin. Lekin apellyatsiyaga abituriyentning faqat o‘zi kiritiladi. Yana bitta narsani inobatga olish kerak: apellyatsiya shikoyatini yozgan abituriyentdan qayta imtihon olinmaydi. Ularning ishlagan savollari bo‘yicha shikoyatlari ko‘rib chiqiladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, abituriyent apellyatsiyaga belgilangan kunda pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi talab etiladi.

Apellyatsiya jarayonida abituriyentga u tomonidan bajarilgan test materiallari taqdim etiladi. Taqdim etilgan materiallar asosida abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi.

Apellyatsiya shikoyati apellyatsiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi.

Abituriyentning yozma javoblari o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, apellyatsiya komissiyasi test sinovlari natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: