Bektemirdagi mahallalar 12 yildirki badbo‘y hid bilan yashamoqda. Tadbirkorga shahar bedarvozami?

Jamiyat 16:12 / 14.09.2020 14127

Tahririyatimizga Bektemir tumani va unga tutash hududda yashovchi aholidan shikoyat kelib tushdi.

Murojaatda aholining Bektemir tuman oqova suvni tozalash korxonasi faoliyatidan noroziligi bayon etilgan bo‘lib, bildirilishicha, korxona faoliyati natijasida yaqin atrof-hududga uzluksiz tarzda o‘ta noxush hid tarqaladi. Bu hid noxushligi bilan birga, aholining salomatligiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Shikoyat muallifi Abduqodir Jalilovning aytishicha, bu muammo 12 yildan beri davom etyapti, ammo aholi mas'ul tashkilotlarning hech biridan tayinli javob ololmagan.

«Shahar va respublika ekologiya qo‘mitasini 12 yildan beri bezovta qilib kelaman. Rahbarlari almashadi, lekin ahvol o‘sha-o‘sha. Shikoyat xatlariga panja ortidan qarab javob berishadi. Toshkent shahar hokimiyati ham e'tiborsiz, biron chora ko‘rgani yo‘q. «Suvsoz» davlat unitar korxonasi ham pul bersa, biz qilamiz, degan ko‘yda yuribdi. Vaholanki, ularning o‘zi tashabbus bilan chiqishi kerak», – deydi Barotxo‘ja mahallasida yashovchi Abduqodir Jalilov.

Abduqodir Jalilov

Fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, suv tozalash korxonasi oqova suvlarni yetarli darajada tozalamagan holda Chirchiq daryosiga to‘g‘ridan to‘g‘ri oqizmoqda.

«Chirchiq daryosidagi baliq xo‘jaliklari, uni iste'mol qiluvchilarning hammasida mutatsiya paydo bo‘lgan. Baliqlarning rangini o‘zgartirib yuborib, pesdek qilib qo‘ygan. Xuddi o‘sha baliqlarning bozorlarda sotuvga qo‘yilganini ham ko‘rdim. Bunga hech kim e'tibor qaratayotgani yo‘q.

Na shahar Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi, na Sog‘liqni saqlash vazirligi. Buni kim nazoratga olishi kerak?

Yaqinda Toshkent shahrida 46ta obektda suvga noqonuniy tarzda chiqindilar tashlanayotgani ro‘yxati e'lon qilindi. Bu ro‘yxatda Chirchiq daryosiga chiqindi tashlayotgan Bektemir suv tozalash korxonasi bo‘lishi kerak, lekin u ro‘yxatda yo‘q edi. Kelib chiqadiki, Toshkent shahar hokimiyati Bektemir korxonasini chiqindini Chirchiq daryosiga tashlayotganini fosh etmoqchi emas, bekitmoqchi. Chunki bu – «Suvsoz» DUK, Toshkent shahar hokimiyatini boqib turgan, pul kelib turgan korxona. Abonentlardan, tadbirkorlardan pul olyapti», – deydi Abduqodir Jalilov.

Abduqodir Jalilov bizga taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, Bektemir tumani va unga qo‘shni tuman MFYlari mazkur muammo bo‘yicha turli yillarda mas'ul tashkilotlarga yozma murojaatlar qilgan. Ularga javoban yuborilgan xatlarda muammoning mavjudligi tan olinsa-da, hech qanday amaliy chora ko‘rilmagan.

Mazkur masala bo‘yicha Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi bilan bog‘landik. Boshqarma rahbariyati aholini bezovta qilayotgan hidga korxonaning kimyoviy ifloslangan sanoat oqova suvlarini tozalashga majbur bo‘layotganini sabab qilib ko‘rsatdi.

«Bektemir – Toshkent shahrining eng kichik tumani, aholi soni juda kam. Ishlab chiqarish korxonalari ko‘pligi hisobiga tuman sanoatga ixtisoslashgan hisoblanadi. Bektemir oqova suv tozalash inshootiga kelib tushayotgan suvlarda aholining maishiy suvlariga qaraganda, korxonalarning sanoat suvlari nisbati ko‘proq. Nazorat tadbirlarida bu sanoat korxonalarining oqova suvlari tarkibida zararli moddalar ulushi belgilangan me'yorlardan ancha yuqoriligi aniqlangan. Shuning hisobiga korxonadagi suvni biologik tozalash tizimiga ziyon yetmoqda. Sanoat oqova suvlari tarkibidagi konsentratsiyasi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar tozalash inshootining faol moddalari o‘lib qolishiga olib kelyapti. Bu esa suvning yanada bijg‘ishi, noxush hid hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi», – dedi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Dehqonov.

Farhod Dehqonov, Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari

Dehqonovning bildirishicha, bu muammoning ikki yechimi mavjud.

«Bektemir tumanida joylashgan yirik sanoat korxonalari o‘zlarida hosil bo‘lgan oqova suvlarni birlamchi tozalash maqsadida har biri o‘zining mahalliy oqova suv tozalash uskunalarini o‘rnatishlari shart. Shunda oqovani kanalizatsiya tarmog‘iga qabul qilinishi mumkin bo‘lgan me'yorlargacha tozalab, keyingina tozalash inshootiga tashlashlari kerak.

Ammo bu bo‘yicha sanoat korxonalarining rahbarlariga ko‘rsatmalar bir necha marotaba berilgan bo‘lsa-da, bular bajarilmagan. Ularga berilgan talablarni bajargunga qadar faoliyatlarini to‘xtatib turishlari bo‘yicha materiallar tayyorlangan. Agar ko‘rsatmalar o‘z vaqtida bajarilmasa, ularning ustidan sudga murojaat qilishga majbur bo‘lamiz.

Ikkinchi chora esa Bektemir suv tozalash korxonasi suvlarining yo‘nalishini o‘zgartirish hisoblanadi. Toshkent shahri 11ta tumandan iborat. Chirchiq daryosi shahar o‘rtasidan o‘tib, 10ta tumanni bir tomonga, Bektemir tumanini bir tomonga ajratib qo‘ygan. Daryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan 10ta tumandan hosil bo‘lgan oqova suvlar Bo‘zsuv va Salar oqova suv tozalash inshootlariga tashlanadi. Bektemir chap qirg‘oqda bo‘lgani uchun unga alohida suv tozalash inshooti qurishga to‘g‘ri kelgan. Tumanda hosil bo‘ladigan suvlarni Chirchiq daryosi ustidan truba o‘tkazib, Salar inshootiga ketayotgan trubaga ulash masalasi ko‘rib chiqilgan. Yaqin kelajakda bu loyiha amalga oshsa, Bektemir tumanidagi oqova suvlar Salar inshootiga qo‘shiladi», dedi u.

Shahar ekologiya boshqarmasi Bektemir suv tozalash korxonasi yetarli darajada tozalamay, suvlarni Chirchiq daryosiga tashlayotgani natijasida daryo bir necha yillardan beri ifloslanib borayotganini tasdiqladi.

«Joriy yil 2-chorak natijalariga ko‘ra, Bektemir oqova suv tozalash inshooti Chirchiq daryosiga tashlayotgan suvlarda azot-ammoniy moddasi belgilangan me'yordan 3 baravar, muallaq moddalar 3,9 baravar ortiqligi aniqlangan», deya bildirdi Farhod Dehqonov.

Chirchiq daryosi ifloslanishi bo‘yicha 2020 yil 1-chorak ko‘rsatkichlari
Chirchiq daryosi ifloslanishi bo‘yicha 2020 yil 2-chorak ko‘rsatkichlari

Poytaxt ekologiya boshqarmasi laboratoriya yetakchi mutaxassisi Hidoyat Jo‘rayeva bilan ham suhbatda bo‘ldik.

«Chirchiq daryosi suvi o‘rta darajada ifloslangan hisoblanadi. Chunki unga ko‘pgina korxonalar oqova suvlarini tashlaydi. Bektemir tumani oqova suvni tozalash inshooti suvlarni belgilangan me'yor darajasida tozalangandan keyin daryoga tashlashi lozim, ammo inshoot eskirgani sababli oqova suv tarkibidagi zararli moddalar me'yoridan ortiqligi aniqlangan.

Daryoning shaharga kirish va chiqish nuqtalaridan namuna olinganda daryo suvi shaharga kirganiga nisbatan chiqqanida ko‘proq zararlangani ma'lum bo‘lgan. Xususan, azot-ammoniy, temir, nitritlar, fosfatlar, neft mahsulotlari belgilangan me'yordan ortiq chiqqan», – dedi laboratoriya yetakchi mutaxassisi.

Hidoyat Jo‘rayeva, laboratoriya mutaxassisi

Biz aholi shikoyatlarining asosiy nishoni – Bektemir suv tozalash korxonasida ham bo‘ldik. Korxona mas'ullari shikoyatlar bo‘yicha barcha aybni tumandagi sanoat korxonalariga yuklamoqda.

«Bektemir oqova suv tozalash korxonasining loyihaviy quvvati 25 ming kub metr bo‘lib, hozirgi kunda 18-21 ming kub metr oqova suvni qayta ishlaydi. Buning – 70-80 foizi sanoat suvlari, qolgani aholining maishiy suvlari hisoblanadi. Korxona ishlaydigan suvda sanoat suvlarining ulushi 25-30 foizdan past bo‘lsagina, korxona normal rejimda ishlay oladi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, sanoat korxonalari oqova suvlarini o‘zidagi mavjud mahalliy tozalash uskunasida tozalab, me'yoriy holatga yetgandan keyingina umumiy kanalizatsiya tizimiga tashlashi kerak. Ammo amalda bunga rioya qilinayotgani yo‘q.

Do‘nanboy Kazibekov, shahar «Suvoqova» boshqarmasi bosh muhandis muovini

Tumandagi 16ta sanoat korxonasi bu talablarni o‘ta darajada buzmoqda. Ularning oqova suvlarni tozalovchi mahalliy uskunalari o‘ta primitiv va zaif holda bo‘lib, suvni kerakli darajada tozalay olmaydi. Natijada o‘zlarida hosil bo‘lgan oqova suvlarni tozalamasdan, butun kimyoviy iflosligi holatida bizga tashlaydi.

Natijada ularning kimyoviy konsentratsiyasi yuqori bo‘lgan suvlari bizdagi suvni tozalash texnologiyasiga (faol IL’lar) salbiy ta'sir ko‘rsatadi, ularni ishdan chiqaradi. Suv yetarli darajada tozalanmaydi va noxush hid yuzaga keladi. Bu hid asosan terini qayta ishlash, jyelatin, meva yuvadigan korxona, tovuq so‘yadigan fabrikadan keladigan suvlar hisobiga hosil bo‘ladi. Chunki bizning korxonamiz oqova suvni biologik jihatdan tozalaydi, uning hidini tozalashga mo‘ljallanmagan», dedi shahar «Suvoqova» boshqarmasi bosh muhandis muovini Do‘nanboy Kazibekov.

Oqova suvni tozalash talablarini buzayotgan 16ta sanoat korxonasi ro‘yxati

Suv tozalash korxonasi faoliyatiga mas'ul Kazibekovga ko‘ra, sanoat korxonalarining belgilangan tartibga rioya etmayotgani bo‘yicha bir necha marotaba chora ko‘rilgan, ammo choralar juda zaif bo‘lib, natija bermagan.

«Korxonalarga har biri o‘zining talab darajasidagi mahalliy suv tozalash uskunasini o‘rnatishi shartligi bo‘yicha ko‘rsatma berganmiz, ko‘rsatmani bajarguncha korxonalarni yopib ham qo‘yganmiz. Chet el investorlarini olib kelib, mahalliy tozalash uskunasi bo‘yicha yaxshi loyihalarni qilib berib, yangisini quringlar, deganmiz. Lekin bunga amal qilishayotgani yo‘q.

«Suvoqova» boshqarmasi sanoat korxonalariga yuborgan ogohlantirish xatlari

Yopib qo‘yganimizdan keyin oradan hech qancha vaqt o‘tmay, o‘zboshimchalik bilan yana korxonani ochishadi. Mazkur muammo bo‘yicha tuman va shahar hokimiyati, shahar va respublika ekologogiya qo‘mitasi, Oliy Majlisga ham murojaat qilganmiz. Ishini to‘xtatib qo‘ying, kanalizatsiya tizimidan uzib tashlang deyishadi. Lekin biz uzib tashlay olamiz. Vaqtincha berkitamiz. Ammo yana ochib olishadi. Tadbirkorman, yuzlab ishchilarim bor, korxonani yopsam, ularga kim oylik to‘laydi, deb bahona qilishadi», deydi Kazibekov.

Sanoat korxonalarining o‘z oqova suvlarini yetarli darajada tozalamasdan umumiy kanalizatsiya tarmog‘iga oqizayotganini ko‘rsatuvchi suratlarga diqqat qarating.

Sanoat korxonalaridan oqova suv bilan birga oqib kelgan chiqindilar, teri bo‘laklari
«Best Poultry» MChJ tovuq so‘yish fabrikasi oqova suvlari bilan oqib kelgan qon va tovuq suyaklari
«Best Poultry» MChJ tovuq so‘yish fabrikasi oqova suvlari bilan oqib kelgan qon va tovuq suyaklari
«Best Poultry» MChJ tovuq so‘yish fabrikasi oqova suvlari bilan oqib kelgan qon va tovuq suyaklari
Oqova suvlar orqali oqib kelgan sintetik vositalar (sovun, shampun) natijasida tozalash jarayonida hosil bo‘lgan ko‘pik

Qizig‘i, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Yer-suv boshqarmasi boshlig‘i Sobir Mashrabov bilan xuddi shu masala bo‘yicha bog‘langanimizda, muammoga butunlay boshqa sababni ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, aholini bezovta qilayotgan hidga suv tozalash korxonasining rekonstruksiyaga muhtojligi sabab bo‘lmoqda.

«Bektemir oqova suvni tozalash korxonasini yoki bekitib, boshqa joyga ko‘chirish, yoki rekonstruksiya masalasini hal qilish kerak. 2015 yilda Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari asosida korxonada rekonstruksiya bajarilgan, ammo sifatsiz bajarilishining oqibatida aholini bezovta qiluvchi turli hidlar kelmoqda.

2021 yil oxirigacha korxonani rekonstruksiya qilish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Yoki uni Yunusobod hududiga ko‘chirish mumkin», – dedi Mashrabov biz bilan telefon orqali suhbatda.

Korxonada so‘nggi bosqichda tozalangan suv va oddiy vodoprovod suvi o‘rtasidagi farq

Aholining Bektemir oqova suvni tozalash korxonasi ustidan shikoyati atrofida o‘rinli savollar tug‘iladi.

Birinchidan, nega mas'ullar muammoga ikki xil sababni ko‘rsatmoqda? Noxush hidga va daryoning ifloslanishiga aslida nima sabab – Sobir Mashrabov aytganidek rekonstruksiyaga muhtojlikmi yoki sanoat korxonalari o‘zining iflos suvini tozalash korxonasiga oqizayotganimi?

Ikkinchidan, Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi va shahar «Suvoqova» boshqarmasi mas'ullari aytganidek, aholini bezovta qilayotgan hidga, Chirchiq daryosining ifloslanayotganiga sanoat korxonalarining belgilangan talablarga bo‘ysunmayotgani, o‘z oqova suvlarini birlamchi tozalashdan o‘tkazmayotgani sabab bo‘lsa, nega ularga keskin choralar ko‘rilmayapti? Vaholanki, ular me'yorlarni buzayotganidan ekologchilar ham, hokimiyat ham xabardor, ammo chora ko‘rish haqida hech qanday gap-so‘z yo‘q. Faqatgina bazaviy hisoblash miqdorining atigi 10-20 baravari (bu yirik sanoat korxonasi topadigan daromad oldida urvoq ham bo‘lmas) miqdorida jarima to‘lash bilan qutulib kelmoqda. 16ta korxonani o‘z mahalliy tozalash uskunasini o‘rnattirishga nima to‘siq bo‘lmoqda?

Uchinchidan, mazkur sanoat korxonalari o‘z faoliyatini boshlashidan avval ekologiya tashkilotlari tomonidan belgilangan talablarni bajarganligi nazorat qilinganmi?

Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 3 fevraldagi «Kommunal xo‘jaligi tizimida tabiatni muhofaza qilish faoliyatini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan, sanoat korxonalari o‘z oqovalarini dastlab mahalliy tozalash tizimida tozlab, keyin umumiy kanalizatsiya tarmog‘iga tashlashi lozimligi belgilangan.

Korxonalar na Ekologiya qo‘mitasi, na «Suvoqova» boshqarmasining ko‘rsatmalarini nazarga ilmasdan o‘zboshimchalik bilan faoliyatini olib borayotganiga sabab nima? Holatdan xabardor hokimiyat masalaga jiddiy qaramayotgani bu yerda tadbirkorlar va rasmiylar o‘rtasida korrupsion rishtalar bo‘lishi mumkinligiga sha'ma qilmayaptimi?

Mas'ullar yillab mana shunday badbo‘y hid anqib turuvchi joyda yashashni tasavvur qilib ko‘rishdimikan?

Masalani «tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash» vaji bilan chetga surish ham o‘ta mantiqsizlikdir. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash aholi manfaatlari va tabiat xavfsizligiga ko‘z yumish evaziga bo‘lmasligi lozim. Vaholanki, bu daryoda iste'molga mahsulot chiqaradigan baliq xo‘jaliklari faoliyat yuritadi, shahardan tashqarida daryo suvidan ichimlik suvi o‘rnida foydalanuvchi aholi ham bor.

Kun.uz masala yuzasidan surishtiruvlarini davom ettiradi.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

UPD:

Ko‘proq yangiliklar: