«Tolibon» tinchlik muzokaralari: Yangi raunddan nima kutish mumkin?

Jahon 10:01 / 13.09.2020 18766

Qatardagi shartnoma ikki muhim jihatni belgilab bergandi. Birinchisi - Afg‘onistondan xorijiy kuchlarni olib chiqib ketishning vaqt jadvali bo‘lsa, ikkinchisi toliblar o‘z hududlaridan AQSh yoki uning ittifoqchilariga hujum qilish uchun foydalanishlarining oldini oldi.

Shuningdek, bitim «Tolibon»ni Afg‘oniston hukumati va boshqa afg‘on rahbarlari bilan birinchi marta siyosiy kelishuvga erishish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlashga majbur qildi.

Shu hafta Qatarda 20 yillik urushga chek qo‘yish uchun muzokaralar boshlandi. Martda o‘tkazilishi rejlashtirilgan muzokaralar mahbuslarni ayirboshlash rejasi sabab orqaga surilgandi. AQSh- «Tolibon» kelishuviga ko‘ra, Afg‘on hukumati harakatning 5000 a'zosini ozod qilishi, toliblar esa buning evaziga xavfsizlik kuchlarining 1000 nafar askarini hukumatga qaytarishi belgilab olingandi.

Avvaliga bu bitimni tan olmagan prezident Ashraf G‘ani nihoyat jiddiy jinoyat sodir etmagan 400ga yaqin mahbusni ozod qilishga qaror qildi.

Mahbuslarni ozod qilish qarori amalga oshirilgandan keyin ham kechikishlar yuzaga keldi. Buning sababi Afg‘oniston hukumati toliblar ozod qilishi kerak bo‘lgan askarlarni talab qilayotgani bo‘lsa, bir tomondan Fransiya va Avstraliya fuqarolarini o‘ldirishda ishtirok etgan mahbuslarning ozod qilinishiga qarshi chiqayotganidi.

Tinchlik muzokaralarida xavf ostida bo‘lgan narsa nima?
Jarayonning navbatdagi bosqichi – «Tolibon» va Afg‘oniston hukumati ichidagi muzokaralar hisoblanib, u haqiqiy «tinchlik shartnomasi» atrofida bo‘ladi. Muzokarachilar mamlakat uchun siyosiy kelajakda bir qancha kelishuv yaratishga harakat qilishmoqda. Vazifa qo‘rqinchli ko‘rinadi. Sababi bir tomondan toliblar amal qiladigan «Islom amirligi», boshqa tomondan, so‘nggi 20 yil ichida yanada zamonaviy, yanada demokratik Afg‘oniston barpo etilgan. Bunday vaziyatda mamlakat uchun raqobatdosh qarashlarni yuzaga chiqarish oson emas.

90-yillarning o‘rtalaridan 2001 yil AQSh boshchiligidagi koalitsiya kirib kelguniga qadar toliblar mamlakatning aksariyat qismini nazorat qilganda, ular shariat qonunlarining qattiq va shafqatciz talqini ostida hukmronlik qildilar. Boshqa cheklovlar qatorida ayollarning ishlashiga yoki maktabga borishiga to‘sqinlik qilingan.

Endilikda toliblar ayollarning ta'lim olishiga qarshi emasliklarini ta'kidlashmoqda, lekin ko‘pincha ular olgan bilimlarni qabul qilishdan bosh tortishadi. Ayollar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi bayonotlar islomiy qadriyatlar bo‘yicha ogohlantirishlar asosida baholanadi. Ko‘plab afg‘onlar o‘zlarining o‘zgarganiga shubha bilan qarashadi.

Amerika qo‘shinlarining olib ketilishi
So‘nggi yillarda Afg‘onistondagi Amerika qo‘shinlari soni qisqartirilmoqda. AQSh bilan kelishuviga ko‘ra, agar toliblar «Al-Qoida» bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarsalar va hukumat bilan muzokaralarni boshlasalar, AQShning barcha kuchlari 2021 yil mayiga qadar chiqib ketadi. Chiqish Afg‘oniston hukumati va Tolibon o‘rtasida kelishuvga bog‘liq emas. Amerika qo‘shinlarining olib ketilishi ko‘proq AQShda o‘tadigan saylov natijalariga bog‘liq.

Shu yil oxirida bo‘lib o‘tadigan saylovlar oldidan AQSh prezidenti Donald Tramp bir necha bor Amerika harbiylarini vatanga imkon qadar tezroq olib kelish istagini bildirgan edi. U ushbu mamlakatdagi harbiylar sonini noyabrgacha 5 mingga tushirishni va'da qilgan, buni 2001 yildan beri rekord ko‘rsatkich desa ham bo‘ladi.

Kuzatuvchilardan birining BBC'ga aytishicha, prezident Tramp ma'muriyatining asosiy maqsadi – «Tolibon»dan terrorizmga qarshi hamkorlik bo‘yicha kafolat olish hisoblanadi. Bu yerda ayollar huquqlari yoki inson huquqlari ustuvor deb hisoblanmagan.

Ba'zi tahlilchilarga ko‘ra, demokratlar uchun prezidentlikka nomzod Jo Bayden noyabr oyida prezidentlikka saylansa, u chiqib ketish jarayonini sekinlashtirishi mumkin. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mahbuslarni ozod qilish rejasini qasddan to‘xtatib, AQSh rahbariyatida o‘zgarish bo‘ladimi yoki yo‘qligini kutib turishi mumkin degan taxminlar ham mavjud.

Afg‘onistonni kim boshqaradi?
Amerika qo‘shinlari chiqib ketayotganida, «Tolibon»ning ko‘plab tarafdorlari, endi qanday jamiyat yaratilishi kerakligini aniqlay olamiz, deb ishonishgandi. Ammo hamon muhokamalar davom etmoqda. Hozir toliblar «vaqtinchalik hukumat»ni tuzishni taklif qilishlari mumkin, biroq hukumat qanday tuzilishi mumkinligi va hozirgi siyosiy rahbariyat qayerda qolishi noma'lum bo‘lib qolmoqda.

Yevropa Ittifoqi kelajakdagi har qanday rejim inson huquqlari bo‘yicha xalqaro me'yorlarga rioya qilmasa, sarmoyalar va yordamlar to‘xtatilishi mumkinligini ta'kidlagan.

Hozirgacha jarayon sur'atini hisobga olgan holda muzokaralar cho‘zilishi mumkin va ularning natijalari noaniq. Biroq ko‘p yillik ziddiyatlardan so‘ng ular afg‘onlarga tinchlik o‘rnatish uchun hech bo‘lmaganda imkoniyat berishga harakat qilishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: