Janubiy Koreyada 2025 yilgacha elektromobillar soni 10 marta oshiriladi

Jahon 10:48 / 13.09.2020 3984

Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In Xalqaro toza havo kuniga bag‘ishlangan tadbir davomida mamlakatning ekologiya sohasida yaqin yillardagi maqsadlarini e'lon qildi. Ta'kidlanishicha, respublika hukumati uglerodning atrof-muhitga chiqishini sezilarli qisqartirish uchun eletkromobillar bozoriga keyingi 5 yil ichida turtki berib, mamlakatdagi  elektromobillar sonini hozirgi 110 ming donadan 1,13 mln donagacha yetkazadi.    

Rejalar orasida, shuningdek, 2034 yilgacha 30 ta ko‘mir elektr stansiyasini yopish bor. 

Janubiy Koreyaning bu maqsadni amalga oshirishdagi birinchi qadami benzin avtomobillaridan vodorod va elektr avtomobillar foydasiga voz kechishi hisoblanadi. Mamlakatda hozircha vodorod transporti uncha ommaviylashmagan va Hyundai Motors kompaniyasining bu boradagi katta rejalariga qaramay, Janubiy Koreya ko‘chalari bo‘ylab ushbu turdagi avtomobillardan bor-yo‘g‘i 7,6 ming donasi harakatlanadi. Elektromobillar bilan bog‘liq vaziyat ancha yaxshi bo‘lib, ularning soni hozirda 111 mingga yetgan va hukumat rejasiga ko‘ra, 2025 yilgacha 10 marta oshadi. Davlat bu maqsadda 5 yil ichida elektromobillar uchun to‘laqonli infratuzilma yaratishni rejalashtirmoqda, jumladan, 45 mingta quvvatlash stansiyasi quriladi. Bu esa 151 ming ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Ta'kidlanishicha, 1,13 mln dona elektromobil mamlakatda hozirda ro‘yxatga olingan barcha avtomobillarning (24,023 mln dona) 4,3 foizini tashkil qiladi.   

Janubiy Koreyaning ekologiyani yaxshilashga qaratilgan “Yangi yashil yo‘nalish” dasturining to‘liq amalga oshirilishi 660 ming ish o‘rni yaratish imkonini beradi va 2025 yilgacha 61 mln dollar sarmoya kiritilishini talab etadi. Bu qiymatdan 17 mlrd dollari xususiy va jamoat transportini elektrlashtirishga sarflanadi. 

Bundan tashqari, Janubiy Koreya 2022 yil oxirigacha 10 ta va 2034 yilgacha yana 20 ta ko‘mir elektr stansiyasini yopishni rejalashtirgan. Hukumat bunda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan energetik inqirozdan energiyaning tiklanuvchi manbalari hisobiga qochishga umid qilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: