Erdo‘g‘an: Janob Makron, sen hali men bilan ko‘p muammolarga duch kelasan

Jahon 14:40 / 13.09.2020 53798

Erdo‘g‘an Fransiya bilan ziddiyatlar davom etayotgan Suriya, O‘rta yer dengizi va Liviya masalalari haqida to‘xtaldi.

«Biz janubdagi koalitsiya kuchlari bilan kurashmoqdamiz. Ko‘ryapsizmi, terroristik davlat tuzishga urinish bor. Qayerda? Suriyada.

Boshqa tomondan, Liviyada, afsuski, Haftar va Abu-Dabi ma'muriyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Vagner» nomli yollanma qurolli kuchlar mavjud. Ular bilan bir qatorida Fransiya ham doimo kun tartibida. Men ismini keltirishni istamasdim, ammo u men bilan ko‘p o‘chakishyapti. «Bizning turk millati bilan emas, Erdo‘g‘an bilan muammomiz bor», deydi. Janob Makron, sen hali men bilan ko‘p muammolarga duch kelasan.

Avvalo, turk millati bilan o‘chakishma, Turkiya bilan o‘chakishma. Afrikaning tarixi Fransiyaning tarixidir. Jazoirda bir million kishini o‘ldirgan sizsiz.

Siz bizga insoniylikdan dars berolmaysiz, avvalo, buni bilib qo‘ying. Men buni shaxsan uning o‘ziga aytdim. Menga qara, dedim, sening tarixdan biliming yo‘q, sen bularni o‘rganishing lozim. Biz esa Afrikada biror insonning burnini qonatmadik.

Koronavirus jarayoni davomida biz Afrika va butun dunyo bo‘ylab 150ga yaqin davlatga yordam berdik.

Ey Makron, sen nima qilding? Hozir tirsak bilan ko‘rishayotganlar nima ish qilishdi? Sen shuni ayt», deydi Erdo‘g‘an.

«Hech qanday to‘ntarish qonuniy va ma'sum emas»
Erdo‘g‘an nutqining to‘ntarishlar bilan bog‘liq qismida «Turkiyada amalga oshirilgan yoki tashabbus qilingan hech bir davlat to‘ntarishi milliy, qonuniy va ma'sum bo‘lmagani» haqida gapirdi. Erdo‘g‘an 2016 yil 15 iyuldagi davlat to‘ntarishiga urinish haqida to‘xtalgan.

DHA

«O‘sha kecha ayon bo‘lganidek, agar millat oyoqqa qalqsa, to‘ntarish qilishga uringanlarning na quroli, na zambaraklari, na ommaviy axborot vositalari va na ularning xalqaro dastaklari bir ishga yaraydi.

Har bir to‘ntarish avvalgi to‘ntarishning nuqsonlarini, chala va kemtiklarini, amalga oshira olinmagan jihatlarini yakunlab qo‘yish uchun uyushtirilgan. Turkiyani o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmas darajada muhim joy deb ta'riflaganlar davlatimizni o‘z vasiylari qo‘li bilan boshqarish uchun har qanday usulni sinab ko‘rishdi.

Xalqimiz 15 iyul kuni ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi, o‘zining kuchli pozitsiyasi orqali o‘tmishdagi iflos ssenariylar bilan hisob-kitob qilib oldi», degan u.

Simpoziumda Adliya vaziri Abdulhamit Gul va MHP (Milliyatchi harakat partiyasi) raisi Devlet Bog‘chali ham nutq so‘zlagan.

Bog‘chali: Buni Makron bilishi, Mikotakis esa eshitishi kerak
Davlat Bog‘chali ham ushbu simpoziumda so‘z oldi va O‘rta yer dengizining sharqiy qismi hamda Gretsiya bilan yuzaga kelgan keskinlik haqida gapirdi.

«Bizning sabr-toqatimiz va milliy kuchimiz quruqlik va dengiz tomondan qanchalik sinovdan o‘tkazilmasin, bu millat torayib borayotgan dushmanlik doirasini yorib tashlaydi.

Bizning turkiy-islomiy axloq bilan ziynatlangan, marhamat va shahodat bilan yuksalgan aziz xalqimiz o‘z boshini ofatlardan qahramonlik bilan ko‘taradi. Xuddi «Yo istiqlol, yo o‘lim» degan g‘oziy Mustafo Kamol Otaturk singari u hech qanday tahdidga e'tibor bermaydi. Xalq irodasi milliy birdamlik va birodarlik kuchi bilan vasiylikning himoya panjalarini ag‘daradi.

Ayniqsa, Makron buni bilishi kerak, Mikotakis esa eshitishi kerak, mintaqaviy va global xiyonat bilan shug‘ullanayotganlar bu iroda kuchini hech qachon unutmasliklari kerak. Bu xalq faqat Allohning irodasiga bo‘ysunadi. Bundan boshqa har qanday himoya yoki vasiylik yo‘q qilinadi», dedi u.

Adliya vaziri: 12 sentabr izlarining katta qismi o‘chirildi
Adliya vaziri Abdulhamit Gul o‘z nutqida 12 sentabr izlarining katta qismi o‘chirilganini aytdi.

«Prezidentimiz rahbarligida huquq va erkinliklar ajralmas va qaytarib bo‘lmaydigan tarzda bizning huquqiy tartibimizda mujassam etilgan. Ushbu davrda amalga oshirilgan barcha islohotlar kuchli demokratiya maqsadida millat nomidan va millat bilan birga amalga oshirildi.

Barcha fuqarolarning ovozi, ranglari va ildizlarini qamrab oladigan, begona qilmay birlashtiradigan bu jarayon o‘tmishni rad etish va inkor etish siyosatiga qarshi bamisoli bir inqilobdir», degan u.

Ko‘proq yangiliklar: