Eronda qotillikda ayblangan 27 yoshli kurashchi qatl etildi

Sport 16:10 / 12.09.2020 23610

Eronda soqchini o‘ldirish va norozilik namoyishlarida ishtirok etishda ayblangan 27 yoshli eronlik kurashchi Navid Afqariyga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmi ijro etildi. Bu haqda Fars agentligi xabar berdi.

Agentlikning ma'lumot berishicha, Afqariy shanba kuni ertalab qatl qilingan.

O‘tgan haftada AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hukumatini Navid Afqariyga chiqarilgan o‘lim jazosi hukmini bekor qilishga chaqirgandi. Tramp kurashchi Erondagi “iqtisodiy vaziyat yomonlashayotgani”ga qarshi noroziliklarda ishtirok etganini ta'kidlagandi.

Navid bilan birga uning ikki akasi ham hibsga olingan. Sud ularning barchasini hukumatga qarshi guruh shakllantirish, politsiyachini o‘ldirish va 2018 yil yozida o‘tgan tartibsizliklarda faol ishtirok etishda aybdor deb topgan. O‘shanda mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat yomonlashganiga qarshi o‘tgan ommaviy noroziliklar qattiqqo‘llik bilan bostirilgan edi.

15 avgustda Eron oliy sudi Navidga avvalroq chiqarilgan o‘lim jazosini o‘z kuchida qoldirgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Afqariyga bu jazo hukmi 2018 yil sentbyarda Sheroz shahrida politsiyachining o‘ldirilishi ishi bo‘yicha chiqarilgan.

Ko‘proq yangiliklar: