Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborildi

O‘zbekiston 18:12 / 11.09.2020 956

Senatning yettinchi yalpi majlisida xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida hukumatga parlament so‘rovlari yuborish masalasi muhokama qilindi.

Majlisda so‘zga chiqqan Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Feruza Eshmatova sohadagi muammolarni sanab o‘tdi.

«Birinchidan, 2019-2020 yillarda o‘z ish faoliyatini to‘xtatgan tadbirkor ayollar soni tadbirkorlik faoliyatini boshlagan ayollar sonidan ko‘p. Buning sababi hudud, mamlakat ehtiyojidan kelib chiqib, biznes rejalar tuzish, istiqbolda esa eksportga mahsulot chiqarish maqsadida xotin-qizlar tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish masalasida tizimli tahlillar o‘tkazilmagan.

Mavjud muammolar chuqur o‘rganilmagan va ularni bartaraf etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan. Oqibatda 2019-2020 yillarda xotin-qizlar tomonidan jami 108 ming 782ta tadbirkorlik sub'yekti tashkil etilgan. Shu davrda esa 115 ming 920 nafar tadbirkor ayol o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Ikkinchidan, 2063 nafar nochor ayol, ijtimoiy himoyaga muhtoj 75 ming 920ta oila, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 6 ming 213 nafar nafar xotin-qizga maqsadli yordam berish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash rejalari ishlari yetarli darajada olib borilmagan.

Uchinchidan, mehnat bozoridagi holat yetarli darajada tahlil qilinmagan. Mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma'lumotlar mutasaddi idoralar hisobotida to‘liq aks ettirilmagan. Buning oqibatida aniq ishga joylashishga muhtoj xotin-qizlar hamda yoshlar qatlamini aniqlash imkoniyatini beruvchi statistik ma'lumot yaratilmagan. Ularning bandligini ta'minlash yuzasidan manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan. Ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlar bilan yakka tartibda ish olib borish amaliyoti yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani sababli ishsiz 1132 nafar og‘ir sharoitda qolgan xotin-qizlar e'tibordan chetda qolgan», dedi Feruza Eshmatova.

Oliy Majlis Senati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborish haqida qaror qabul qildi.

Ko‘proq yangiliklar: