Xitoy Markaziy Osiyoga nima maqsadda katta qarz ajratyapti? Ekspert fikri

O‘zbekiston 14:23 / 11.09.2020 42221

Moskva Karnegi markazi tadqiqotchisi, Moskva xalqaro munosabatlar instituti, Guandong xalqaro aloqalar instituti hamda Rossiya Prezident akademiyasi bitiruvchisi Temur Umarov Kun.uz'ga bergan intervyusida Markaziy Osiyo davlatlarining Xitoydan olgan qarzi, mintaqaning Xitoy bilan munosabatlari va Pekin tashqi siyosati bo‘yicha mulohazalarini bildirdi.

Temur Umarov

Xitoy tashqi siyosatida Markaziy Osiyo

Xitoyning Markaziy Osiyodagi siyosati Pekin uchun juda muhim. Ammo u oliy rahbariyat uchun katta ahamiyatli emas. 90-yillar boshida Markaziy Osiyo davlatlari endigina mustaqillikni qo‘lga kiritganda, bu tashqi siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri sanalgan. Ayniqsa, Pekin uchun chegaradosh davlatlarda tinchlik bo‘lishi muhim edi. Ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlari barqaror rivojlanyapti, xavfsizlik yetarlicha ta'minlangan. Endi bunday masalalarda Xitoy xotirjam bo‘lishi mumkin. 

Xitoy kreditlari

Xitoy kreditlari haqida gap ketganda ko‘pincha uning atrofida mish-mishlar ham tilga olinadi. Aslida Xitoy ko‘p qarz berayotgani haqiqat. Ushbu raqam allaqachon 2-3 trillion dollarga yetgan. Ammo Markaziy Osiyo bundan katta ulush olmagan. Markaziy Osiyo mamlakatlari boshqa ayrim davlatlarga solishtirganda «qarz qopqoni»ga tushadigan darajada xavf guruhiga kirmaydi. Shunga qaramay, mintaqa ichidagi vaziyatga qarasak, ayrim davlatlar ahvoli qo‘shnilariga qaraganda yomonroq. Masalan, Tojikiston tashqi qarzining deyarli 50 foizi Xitoydan olingan. Nisbatan pastroq riskka ega Qirg‘iziston tashqi qarzidagi Xitoy ulushi 45 foizga yetadi.

Har ikki holatda ham, Xitoydan olingan qarz summasi mamlakat YaIMining 20 foizidan oshadi. Ayniqsa, pandemiya davrida kuzatilgan iqtisodiy inqirozda davlatlar tashqi qarzni so‘ndirish masalasida qiyinchilikka duch kelyapti. Masalan, Bishkek va Dushanbe qarzni qaytarish muddatini kechiktirish yoki kredit foizlarini pasaytirishni so‘rab, Pekin bilan muzokara o‘tkazyapti. Bu o‘sha davlatlarga katta bosim hisoblanadi.

Qozog‘iston tashqi qarzida Xitoyning ulushi 7 foizni tashkil etadi. Pandemiyadan avval bu ko‘rsatkich bundan ham pastroq bo‘lgan. Turkmanistondagi haqiqiy vaziyat qanday ekani haqida esa ishonchli axborot yo‘q. Ayrim maqolalarda ta'kidlanishicha, Ashxobod turkman gazini bir necha yillardan Xitoyga bepul eksport qilmoqda. Negaki, ularning Xitoy oldidagi qarzi juda oshib ketgan.

O‘zbekiston tashqi qarz masalasida barqaror siyosat yuritmoqda. Tashqi qarzning, adashmasam, 15 foizi Xitoyga tegishli. Bu katta raqam emas. Pandemiya davrida ham bu ko‘rsatkich ijobiy baholanyapti. Shu tufayli, Toshkent «qarz qopqoni»ga tushib qolishdan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. 

Bu Xitoy qarzi ortidan siyosiy motivlar borligini bildiradimi?

Men bunday demagan bo‘lardim. Xitoyning qarz berishi orqali siyosiy strategiyalarni ishlab chiqadi, deb o‘ylamayman. Aslida qarz olish tashabbusi Markaziy Osiyo davlatlaridan chiqqan. Qarzni o‘z vaqtida qaytara olmaslik muammosi ichki masalalardan ortmayotgan mintaqa uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda. Xitoy mintaqa davlatlarini qarz olishga majbur qilmaydi, shuning uchun bu davlatdan yovuz obraz yaratish kerak emas. Ammo iqtisodiyot qanchalik tashqi omil ta'siriga tushib qolsa, mamlakat shunchalik tashqi siyosiy irodaga bog‘liq bo‘lib qolishi ham haqiqat. 

Markaziy Osiyo va Xitoy munosabatlarida uyg‘urlar masalasi

Ushbu masala keyingi 10 yilda ham yo‘q bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Bu juda ziddiyatli masala. Birinchidan, Xitoy bilan bevosita chegaraga ega bo‘lgan qozoq va qirg‘iz xalqi uchun Shinjon-Uyg‘urdagi vaziyat ahamiyatli. Norozilik aksiyalari nafaqat Xitoyning Qozog‘iston, Qirg‘izistondagi ishlari yuzasidan, balki Shinjondagi axloq lagerlarida yuritilayotgan siyosat sabab ham paydo bo‘lyapti. Chegaraning narigi tarafida ularning qarindoshlari va yaqinlari bor. 

Bu mintaqa kelajagi haqida gapirganda, Xitoyning unga bo‘lgan munosabati hal qiluvchi burilishni yarata oladi. Markaziy Osiyo media vakillari bu masalada ko‘p gapirishni yoqtirmaydi. Ammo odamlar ijtimoiy tarmoqda tarqayotgan turli yolg‘on axborotlarga ham ergashib ketaveradi. Shu tufayli, Shinjondagi haqiqiy vaziyat haqida yolg‘on tasavvur ham paydo bo‘ladi. 

Xitoy uchun hamkor siyosatchi shaxsi ahamiyatlimi yo mamlakat rejimi? 

Xitoyning Belarusdagi voqealarga munosabatini kuzatish qiziq bo‘lyapti. Pekin Aleksandr Lukashenko rejimi saqlab qolish uchun barcha yordamni ko‘rsatishga tayyor, deb o‘ylash mumkin. Ammo Xitoy uchun bu masala ustuvor ahamiyatga ega emas. Agar rasmiy bayonotga e'tibor qaratsak, matnlar juda diplomatik uslubda, inqiroz ishtirokchilarining birortasini qo‘llash alomati sezilmaydi. Pekin voqealar rivojini faqat kuzatyapti va yakunini kutyapti. Ular bilishadiki, Belarusda Moskvaning ta'siri baland. Shuning uchun Xitoy bu ishga aralashmaydi.

Markaziy Osiyo mintaqasida ham Xitoyning qarashlari deyarli o‘zgarmaydi. Negaki, Xitoyga bu davlatlar ahamiyatli bo‘lishidan ko‘ra, mintaqa mamlakatlariga Xitoy ko‘proq kerak. Rejim o‘zgarsa-da, yangi yetakchilar saylansa ham, ular Xitoy bilan hamkorlik qilishga boradi. Bu geografik joylashuv bilan ifodalanadi. Shuningdek, allaqachon o‘rnatilgan savdo aloqalaridan kelib chiqib, uni davom ettirish ma'qul. Mamlakatlar iqtisodiy jihatdan Xitoyga qaram bo‘lib boryapti, Pekinning siyosiy nufuzi ortyapti.

Xitoy manfaati mavjud davlatda vaziyat izdan chiqib, tebranishlar paydo bo‘lmaguncha, biror shaxsni yo rejimni saqlab qolish uchun harakat qilmaydi. Chegarada muammo bo‘lib, ichki siyosatiga bosim kuchaymasa, ularning bu bilan ishi bo‘lmaydi. 

10 yildan keyin vaziyatni qanday bo‘ladi? 

Keyingi 10 yil davomida mintaqa iqtisodiy jihatdan Xitoyga ko‘proq qaram bo‘ladi. Bu qaramlik Xitoyning Markaziy Osiyodagi siyosiy nufuzi ortib borishiga sabab bo‘lishini kuzatish mumkin bo‘ladi. Mintaqada Xitoy ko‘proq ko‘rinish berib, xitoylik biznesmenlar faoliyati jadallashib qolishi mumkin. 

Bundan tashqari, siyosiy elitaning ichki muammolarni hal etish uchun Xitoy tajribasini o‘rganishi va tatbiq etishi ommalashadi. Masalan, Qozog‘iston jamoat xavfsizligini ta'minlash uchun kuzatuv kameralarni o‘rnatyapti. Rivojlanish va taraqqiyot yo‘lida ham Xitoydan ko‘proq andoza olishi mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish haqida fikr bildirib, Xitoy tajribasini tilga olgandi. Menimcha, mintaqa davlatlari Xitoy bilan munosabatlarda savdo aloqalari bilan cheklanib qolmaydi, balki ichki siyosatni yuritishda ham andoza ola boshlaydi. 

Keyingi yillarda ayrim joylarda aksilxitoy aksiyalari ko‘payishini kuzatish mumkin. Bu davlatlar tomonidan qattiq bosimga olinmaydi. Hukumatlarga qarshi norozilik qat'iylik bilan bostirilsayam, tashqi omillarga norozilik bildirishga yo‘l qo‘yib beriladi. Shu bilan birga, odamlarning bir qismi Xitoy kompaniyalari bilan yaqindan ishlashni o‘rganadi, sayohat qilish va ta'lim olish faollashadi. 

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi —​ Otaxon Yusupov.

Ko‘proq yangiliklar: