Uzbekistan Airways muntazam aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklaydi. Parvozlar vaqtida amal qiladigan cheklovlar ma'lum qilindi

O‘zbekiston 21:21 / 11.09.2020 34754

Aviakompaniya Covid-19 tarqalishining oldini olish maqsadida servis xizmatlariga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilganini ma'lum qilgan:

  • Barcha ekipaj a'zolari parvozdan oldin majburiy tibbiy tekshiruvi va harorat o‘lchovlaridan o‘tadilar. Butun parvoz davomida ular tibbiy niqob va himoya qo‘lqoplarida bo‘lishadi.
  • Har bir reysdan so‘ng samolyot maxsus vositalar bilan yaxshilab tozalanadi, yuza va ashyolarga ishlov beriladi. 
  • Samolyotning yo‘lovchilar bo‘linmasida havo ventilyatsiyasi yuqoridan pastga aylanadi. Bu esa boshqa qatordagi yo‘lovchilardan kimdir aksa urganda havo tomchilari boshqa yo‘lovchilarning nafas yo‘llariga tushmasligini ta'minlaydi. Yo‘lovchilarning niqobda bo‘lishlari esa kichik zarrachalar tarqalishining oldini oladi.
  • Uzbekistan Airways aviakompaniyasi samolyotlari virus  va bakteriyalarning 99,97 foizini  ushlab qoluvchi zamonaviy NeRA-filtrlari bilan jihozlangan.
  • Suv, quloqchinlar, oziq-ovqat, shuningdek biznes klass uchun yo‘l va bolalar to‘plamlari alohida o‘ramlarda beriladi. 

«Umid qilamizki, kiritilgan cheklovlar sizning parvozdan oladigan taassurotlaringizga ta'sir ko‘rsatmaydi. Epidemiologik vaziyat yaxshilanishi bilan, to‘liq servis xizmatlarini  ko‘rsatishga qaytamiz», deyiladi aviakompaniya xabarida.

Shuningdek, yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash uchun samolyot sahnida amal qilinishi lozim bo‘lgan qoida va tavsiyalar keltirib o‘tilgan:

  • butun parvoz davomida yo‘lovchilar og‘iz va burunni yopib turuvchi niqoblarni taqishlari shart (2 yoshgacha bo‘lgan bolalardan tashqari);
  • qo‘l yuki sifatida siz ayollar sumkasi, portfel, noutbuk, bolalar bo‘lsa, ular uchun kerak bo‘ladigan ashyolar solingan sumkani olish mumkin. Boshqa barcha buyumlar qatnovga ro‘yxatdan o‘tilayotgan vaqtda bagajga topshirilishi shart;
  • havo kemasiga chiqarish ijtimoiy masofa saqlagan holda amalga oshiriladi;
  • agar yo‘lovchi parvoz paytida o‘zini yomon his qilsa (isitma, yo‘tal, tumov va boshqalar), zudlik bilan bortkuzatuvchini chaqirish tugmasini bosishi kerak. Ekipaj kasallik belgilari bo‘lgan yo‘lovchiga qanday munosabatda bo‘lishga o‘rgatilgan;
  • parvoz paytida havo kemasi sahnida harakatlanishdan tiyilish tavsiya etiladi. Hojatxonaga tashrif buyurish uchun, uning bo‘shligiga ishonch hosil qilish maqsadida yorug‘lik tablosiga e'tibor qaratish, hojatxona oldida navbat hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak;
  • samolyot yerga qo‘nganidan so‘ng, ekipajning ko‘rsatmasiga qadar o‘rindan turmaslik so‘raladi. Havo kemasidan tushish ham, xuddi unga chiqqandek, ijtimoiy masofaga amal qilgan holda amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi boshida O‘zbekiston hukumati barcha turdagi xalqaro qatnovlarni bosqichma-bosqich tiklashini ma'lum qilgandi.

4 sentyabrdan O‘zbekiston 5ta davlat bilan - Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiyadan muntazam reyslar boshlanishi haqida e'lon qildi. Bu davlatlardan Uzbekistan Airways reyslarida O‘zbekistonga kelishni rejalashtirgan yo‘lovchilar parvozdan 72 soat oldin COVID-19’ga PZR usulida olingan test haqidagi ma'lumotnomani rus yoki ingliz tilida taqdim etishlari kerak. Test musbat natija bergan bo‘lsa, yo‘lovchilar parvozga chiqarilmaydi. Bu davlatlardan kelganlar O‘zbekistonda 14 kun davomida izolyatsiya qilishi talab etiladi.

4 sentabr kuni Turkiya va BAAdan reyslar boshlandi, 10 sentabr kuni Germaniya, 11 sentabr kuni Qozog‘iston bilan muntazam reyslar tiklandi, 14 sentabr kuni Toshkent - Bishkek - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar amalga oshirilishi boshlanadi.

Hozircha epidemiologik vaziyat tufayli Rossiya bilan aviaqatnovlar tiklanmagan. 

Boshqa davlatlar bilan doimiy reyslar aynan qachondan ochilishi noma'lum bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, yo‘lovchilar qachondan hech qanday cheklovlarsiz va istagan yo‘nalishlari bo‘yicha uchib ketishlari mumkin bo‘lishi ma'lum emas.

Ko‘proq yangiliklar: