Microsoft Rossiya, Xitoy va Erondan AQSh saylovlariga qarshi kiberhujumlarni aniqladi

Jahon 09:51 / 11.09.2020 4300

Microsoft korporatsiyasi Rossiya, Xitoy va Erondan bo‘lgan kiberjinoyatchilar AQSh prezidentlik saylovlariga aralashishga urinayotgani haqida ogohlantirdi. Bayonot kompaniya saytida e'lon qilingan.

Hakerlik hujumlari shtabga va ular bilan aloqador bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, prezident Donald Tramp hamda uning raqibi Jo Baydenning jamoasiga qarshi amalga oshirildi.

Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, «Stronsiy» deb nomlangan guruh Rossiyada joylashgan va nomzodlar shtablari, nodavlat tashkilotlar, partiyalar va siyosiy maslahatchilarni o‘z ichiga olgan 200dan ortiq tashkilotga hujum qilgan. «Myullerning (maxsus prokuror Robert Myuller - tah.) hisobotida u 2016 yilda demokratlarning prezidentlik kampaniyasiga amalga oshirilgan hujumlar uchun asosiy javobgar bo‘lgan tashkilot sifatida ham ko‘rsatilgan», - deyiladi Microsoft bayonotida.

Kompaniyada ta'kidlanishicha, «Stronsiya» a'zolari 2016 yilgi saylovlardan so‘ng o‘z taktikasini o‘zgartirib, operatsiyalarni yashirish uchun yangi razvedka vositalari hamda yangi usullarni o‘rganib olganlar, ularning aksariyati hakerlar tomonidan avtomatlashtirilgan.

«Stronsiy» - Sofacy, Pawn Storm, Tsar Team, Sednit va APT28 nomi bilan ham tanilgan Fancy Bear hakerlar guruhining nomlaridan biri. AQShda Fancy Bear guruhi 2016 yilgi saylovlarda AQSh Demokratik partiyasi serverlarini buzishda, shuningdek, antidoping xizmatlar saytlariga kiberhujumlarda ayblangan, bu guruh Rossiya davlat idoralari va maxsus xizmatlariga yaqin hisoblanadi.

«Tsirkoniy» guruhi Xitoydan ishlaydi, u 2020 yil martidan 2020 yil sentyabrigacha bir necha ming kiberhujumlar uyushtirdi, ulardan 150tasi nisbatan muvaffaqiyatli bo‘ldi. Guruh prezidentlik kampaniyalari va AQSh prezidentligiga nomzodlar bilan bog‘liq bo‘lgan odamlarni nishonga olgan. «Tsirkoniy» xalqaro hamjamiyatning taniqli a'zolari, 15dan ortiq universitetlarning xalqaro aloqalar bo‘yicha olimlari, shuningdek 18ta xalqaro tashkilot va siyosiy tashkilotlar bilan bog‘liq akkauntlarga hujum qiladi.

«Fosfor» hakerlar guruhi, Microsoft ma'lumotlariga ko‘ra, Erondan ishlaydi. Guruh a'zolari AQShdagi prezidentlik saylovlariga bevosita yoki bilvosita aloqador bo‘lgan shaxslarning shaxsiy yoki ish akkauntlariga kirishga harakat qildi. 2020 yil may va iyun oylari orasida «Fosfor» Donald Tramp ma'muriyati va prezidentning saylovoldi shtabidagi mansabdor shaxslarning sahifalariga kirishga urindi.

Microsoft raqamli infratuzilmani himoya qilish uchun federal mablag‘larni ko‘paytirishga chaqirdi, bu esa odamlarning ovoz berish huquqini va «oxir-oqibat bizning demokratiyamizni» himoya qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: