Komil Allamjonov OAV rivojiga «katta turtki» beradigan yangiliklar haqida yozdi

O‘zbekiston 16:14 / 11.09.2020 8686

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov AOKA va Adliya vazirligini tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo turlarini tayinlashni bekor qilish hamda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ma'lumot taqdim etmaganlik yoki noto‘g‘ri ma'lumot taqdim etganlik, shuningdek, OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlikni belgilashga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgani haqida ma'lum qildi.

«Bu yil juda og‘ir keldi. Pandemiya hammani esankiratib qo‘ydi. Rejalar buzilib ketdi. Tadbirlar qoldirildi. O‘z navbatida, matbuot ham gap ko‘tara olmaydiganlar qahriga bir necha bor uchrab, ancha sinovlarni boshidan o‘tkazdi.

Hammaning asabi taranglashgan, bitta gap – kam, ikkitasi – ko‘p, deydigan davr bo‘ldi. Faqat bizda emas, butun dunyoda matbuot tazyiqlarga uchradi. 

Lekin bu so‘z erkinligi yana bo‘g‘iladi, Prezidentimiz tomonidan boshlangan islohotlar amalga oshmay qoldi, degani emas. Mana, ayni kunlarda AOKA va Adliya vazirligi tomonidan qator normativ hujjatlar tayyorlanmoqda. 

Birinchisi – Prezidentning PQ-4551 sonli qarori ijrosi bo‘yicha. Unga ko‘ra, AOKA va Adliya vazirligi tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo turlarini tayinlashni bekor qilish yuzasidan takliflar tayyorlab, kiritishi lozim.

Shu o‘rinda, mazkur qaror OAV rivojiga katta turtki beradi, deb o‘ylayman. Avval ham ta'kidlaganimizdek, jurnalist yoki bloger matbuotda aytgan so‘zi uchun qamalmasligi kerak. Mayli, jarima to‘lasin, qilgan xatosi uchun ma'muriy javobgarlikka tortilsin, lekin ozodlikdan mahrum bo‘lmasin.

Ishi hamma rivojlangan davlatlar kabi ochiq sudda adolatli ko‘rilsin.

O‘rganib chiqdik. Ishonasizmi, yo‘qmi, bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha biror jurnalist bu modda bilan ozodlikdan mahrum qilinmagan ekan.

Xullas, amalda ishlamaydigan bu qonun jahon miqyosidagi indeks va reytinglarimizning o‘sishiga xalaqit beryapti, xolos. Shunday ekan, Prezident qarorida belgilangan vazifa tez kunlarda bajariladi, deb umid qilamiz.

Ikkinchi hujjat, Prezidentning PQ-4366 qaroriga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ma'lumot taqdim etmaganlik yoki noto‘g‘ri ma'lumot taqdim etganlik, shuningdek, OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlikni belgilashga qaratilgan. Bu masala yuzasidan ham AOKA va Adliya vazirligi takliflarni ishlab chiqib, kiritishi lozim.

O‘z navbatida, bizning Fond ham Prezidentimiz tomonidan ushbu yo‘nalishda belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash, ochiqlik, matbuot va davlat idoralari hamkorligi mexanizmlarini yanada takomillashtirishda har tomonlama yordamga tayyor ekanligini, jurnalist va blogerlarni yig‘ib, bu masalalar yuzasidan ularning takliflarini o‘rganishini ta'kidlab o‘tmoqchiman.

Bizning bosh maqsadimiz ham OAV xodimlari uchun xavfsiz faoliyat maydonini yaratishga erishishdir», deya yozadi Allamjonov telegramdagi kanalida.

Eslatib o‘tamiz, shu yil yanvarida AOKA prezident qarori asosida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum etishni chiqarib tashlash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqqandi.

Ko‘proq yangiliklar: