Aholi punktlarida gaz tarmog‘idan uzish jarayoni hali ham shaffof emas – Senator energetika sohasidagi muammolarni sanadi

O‘zbekiston 19:58 / 11.09.2020 3227

Senator Malika Qodirxonova parlament so‘rovi natijasi to‘g‘risida axborot berdi va sohadagi tizimli muammolarni sanadi.

«Aholi punktlarida gaz tarmog‘idan uzish jarayoni hali ham shaffof va aniq emas. Bu gaz ta'minotchisi va iste'molchilar o‘rtasida turli nizolar kelib chiqishiga olib kelyapti. Tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarga ko‘mir va suyultirilgan gaz yetkazib berish ham ko‘zda tutilgan. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida uzilishlar juda ham ko‘p. Hududlarda ko‘mir deb, ularga ko‘mir emas, ko‘mir kukuni – sifatsiz mahsulot yetkazib berish holatlari ham mavjud. Tabiiy gaz shartnomalarini yetkazib berishda mavjud imkoniyatlar inobatga olinmagan.

Bundan tashqari, tabiiy gaz ta'minotidagi muammolar va aholining tabiiy gazga bo‘lgan real ehtiyojlarini aniqlash yuzasidan o‘tkazilgan xatlovlar, o‘rganishlarda bevosita jamoatchilik, iste'molchilar ishtiroki, ularning fikrini o‘rganish, inobatga olish talab darajasida emas», dedi Malika Qodirxonova.

Majlisda Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov aholiga joriy yilda yetkazib berilishi rejalashtirilgan ko‘mir, suyultirilgan gaz statistikasini keltirdi.

«Bu yil aholi va ijtimoiy obektlarga 940 ming tonna ko‘mir yetkazib beriladi. Bu oldingi yilga nisbatan 180 ming tonna ko‘p. 386 ming tonna suyultirilgan gaz, oldingi yilga nisbatan 115 ming tonna ko‘p. 9 mlrd kub metr gaz kuz-qish mavsumining o‘zida, bu oldingi yilga nisbatan 1 mlrd kub metr gazga ko‘p. Bu borada aniq ishlar olib borilyapti», dedi vazir o‘rinbosari.

Majlisda bu borada uchrayotgan muammo va kamchiliklarga urg‘u berildi. Xususan, aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini tabiiy gaz bilan ta'minlashda qator kamchiliklar saqlanib qolayotgani, tabiiy gaz yetkazib berish shartnomalarini tuzishda gaz ta'minoti korxonalari tomonidan tabiiy gazni transport qilish va yetkazib berishning mavjud imkoniyatlari inobatga olinmayotgani, hududlarda tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta'minlanmagan xonadonlarni xatlovdan o‘tkazish ishlari sifatli tashkil etilmayotgani qayd etildi.

Bundan tashqari, aholini gaz bilan ta'minlash borasidagi kamchiliklar va muammolarni aniqlash maqsadida amaldagi qonun va qonun osti hujjatlarining iste'molchilar huquqlarini ta'minlash talablariga javob berishi bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish ishlarning sust tashkil etilgani, aholining tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishga bo‘lgan huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarni talab darajasida ta'minlash maqsadida tegishli qonun va qonunosti hujjatlarining talab darajasida qayta ko‘rib chiqilmayotgani kabi muammolar bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishi zarurligi ta'kidlandi.

Mazkur masala ma'lumot uchun qabul qilindi. Lekin hududlarda ushbu yo‘nalishda mansabdor shaxslar tomonidan ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani hamda fuqarolar murojaatlaridan kelib chiqqan holda Senatning navbatdagi yalpi majlisida Energetika vazirligining axborotini eshitish taklifi bildirildi.

Ko‘proq yangiliklar: