Turkiyada koronavirus yana avj oldi. Barcha hududlarda niqob taqish majburiy qilindi

Jahon 12:13 / 10.09.2020 7679

Turkiya hukumati 8 sentabr kuni koronavirus profilaktikasi choralari qat'iylashtirilgani haqida e'lon qildi. Mamlakatning barcha hududlarida jamoat joylarida (jumladan jamoat plyajlarida, ammo mehmonxonalar plyajlarida emas) niqobda yurish majburiy bo‘ldi. Kafelarda, restoranlar va mehmonxonalarda tungi konsertlar bekor qilindi, jamoat transportida ijtimoiy masofa saqlash talab etiladi. Qoidabuzarlar uchun ma'muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan.

Turkiyada yangi profilaktika choralari e'lon qilingan kunda 1761ta yangi kasallanish holati qayd etilgan — bu may oyidan buyon rekord ko‘rsatkich edi, o‘shanda mamlakatda koronavirusning birinchi to‘lqini pasayishni boshlagandi. Bundan tashqari, Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Xo‘janing ma'lum qilishicha, mamlakatda koronavirusning og‘ir darajasiga chalinganlar soni o‘smoqda. «Bu vaziyatni faqatgina sanitar qoidalariga birgalikda amal qilgan holda to‘xtatishimiz mumkin», — deya yozgan ushbu amaldor tvitterida.

Vazir o‘tgan haftada Turkiyada kasallanish holatlari o‘sa boshlaganini qayd etgan (shu bilan birga u bu holatni epidemiyaning ikkinchi to‘lqini emas, birinchi to‘lqinning ikkinchi cho‘qqisi deb atagandi). Bu cho‘qqi avgust oyida boshlangan. O‘shanda u bu vaziyat yuzaga kelishiga fuqarolar profilaktika choralariga rioya etmayotganini sabab sifatida keltirgandi. «Biz afsus bilan kuzatayapmizki, dam olish joylarida, ko‘ngilochar maskanlarda, bozorlarda va marosimlarda xavfsizlik choralariga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti», — degandi vazir.

9 sentabr holatiga ko‘ra, Turkiyada koronavirusdan davolanayotganlar soni 30 mingdan oshiq. Shu vaqtgacha qayd etilgan jami holatlar soni 284 mingdan oshgan, 6837 kishi vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: