Rossiya IIV xorijliklarning fuqarolik olishini osonlashtiruvchi yangi qonunni tayyorlamoqda

Jahon 19:04 / 10.09.2020 8298

Rossiya hududida bo‘lib turish tartibi o‘zgaradi, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni soddalashtiriladi.

Rossiya IIV xorijliklarning Rossiya fuqaroligini olishi va ishga joylashishini soddalashitruvchi yangi qonun loyihasi konsepsiyasini tayyorladi va muhokama qilmoqda. Bu haqda Rossiya IIV migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakova ma'lum qildi.

"Qonun loyihasida ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ladi degan fikrdamiz. Rossiya hududida bo‘lib turish tartibi o‘zgaradi, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni soddalashtiriladi", - dedi Kazakova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qonunda migratsion rejimlar bo‘linishi rejalashtirilmoqda.

"Agar xorij fuqarosi ishlash maqsadida kelsa, u barcha hujjatlarni oson, sifatli rasmiylashtira oladi. Buning uchun turli elektron reyestrlar joriy etiladi. Ish beruvchilar reyestri, xorijlik ishchilar reyestri", - deya aniqlik kiritdi Kazakova.

Uning qayd etishicha, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi institutidan ham voz kechish rejalashtirilmoqda.  

Kazakova mazkur loyiha 9 sentabr kuni Rossiya jamoat palatasida "nolinchi o‘qish"dan o‘tganini aytdi. Hozirda Rossiya IIV ishlab chiqilgan konsepsiya bo‘yicha taklif va e'tirozlarni kutmoqda. Federal qonun loyihasi 2021 yilda paydo bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: