Turkiyada koronavirus qurbonlari bo‘yicha ma'lumotlar yashirilyaptimi: holatlar, o‘limlar va testlar haqida ma'lumot

Jahon 10:41 / 09.09.2020 13059

Yangi kasallanish holatlari va vafot etganlar sonining kunlik o‘sishi sentabr oyi boshi holatiga ko‘ra, may oyining o‘rtalaridan beri eng yuqori nuqtaga ko‘tarildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja «birinchi to‘lqinning ikkinchi cho‘qqisi» bo‘lganini aytdi.

«Urf-odatlarimizning muhim qismi bo‘lgan bayramlar hamda to‘ylardagi faolligimiz va beparvoligimiz bizni bu ostonaga yetaklab keldi», deya ta'kidladi u. 

Qayd etish joiz, Turkiyada 1 iyundan e'tiboran sayohat cheklovlari va komendantlik soati bekor qilingan, iyul oyida esa kinoteatrlar, teatrlar va to‘yxonalar faoliyatini qaytadan boshlagandi.

Bundan tashqari, may oyi oxiridagi Ramazon bayramidan farqli o‘laroq, 31 iyul va 3 avgust kunlari orasidagi Qurbon hayiti paytida hech qanday cheklovlar qo‘llanmadi.

Cheklovlar yumshatila boshlagan iyun oyining birinchi haftasi epidemiya cho‘qqiga ko‘tarilgan aprel oyidan keyin eng kam yangi holat va o‘lim kuzatilgan davr bo‘ldi.

Ammo Sog‘liqni saqlash vazirligining bayonotlaridan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, yoz oylaridagi yengil to‘lqinlanishlar ortidan, ayniqsa, avgust oyidan boshlab yangi kasallanish holatlari va o‘limlar sonida o‘sish kuzatilmoqda.

O‘limlar soni
Turkiyada koronavirusdan vafot etish holatlaridagi pasayish iyun oyida boshlandi va keyingi oyda ham bu tendensiya davom etdi. Iyul yoz faslining eng kam o‘lim kuzatilgan oyiga aylandi.

Biroq avgust oyida koronavirus tufayli vafot etganlar soni iyul oyiga nisbatan 21 foizga oshib, 679 kishiga yetdi. So‘nggi haftalarda e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, kunlik o‘limlar soni yana 40dan yuqorilagan.

Biroq so‘nggi haftalarda ba'zi viloyatlar hokimlari va viloyat tibbiyot birlashmalari holatlar va o‘limlar soni, aslida, rasmiy ma'lumotlarda aks etganidan ko‘ra ancha ko‘p ekanini aytishmoqda.

Ilgari surilayotgan ayblovlardan biriga ko‘ra, yangi turdagi koronavirus –tufayli hayotdan ko‘z yumganlarning o‘lim sababi rasmiy qaydlarga «yuqumli kasallik» sifatida kiritilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘tgan haftada o‘tkazilgan yig‘ilishda bu da'volar haqiqatdan yiroqligini ta'kidladi va yillik o‘lim ma'lumotlarini taqdim etdi.

Vazir bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning dastlabki sakkiz oyida Turkiyada sodir bo‘lgan umumiy o‘limlar soni 2019 yilga qaraganda u qadar yuqori bo‘lmagan va prognoz qilingan o‘sish tendensiyasiga moslik kuzatilmoqda.

Xususan, 2019 yilning dastlabki sakkiz oyida infeksion kasalliklar oqibatida 8 ming 72ta, 2020 yilning xuddi shu davrida esa 7 ming 491ta o‘lim holati kuzatilgan.

Holatlar soni
Turkiyada kunlik yangi holatlar soni iyun va iyul oyining birinchi yarmida 1000dan oz bo‘lgani holda, iyul oyining ikkinchi yarmidan 1000 va 1500 orasida «o‘ynab» turdi.

Iyun oyi boshida shaharlararo sayohat cheklovlarining bekor qilinishi va ba'zi xalqaro reyslarning tiklanishi ortidan oyning o‘rtasida holatlar soni qisqa muddat ichida 1500dan oshdi.

Biroq asosiy barqaror o‘sish avgust oyida boshlangani ko‘rinib turibdi.

Holatlar soni 4 avgust kuni yana 1000dan yuqoriladi va oy oxirida 1500dan ortdi.

Turkiyada bemorlar musbat ko‘rsatkichining ma'lumotlarda aks etishi bir hafta-o‘n kun orasida kechadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Qurbon hayitidan so‘ng holatlar soni ko‘payishi tezlashib borgan.

Avgust oyida salbiy tomonga o‘zgargan ko‘rsatkichlardan yana biri yangi holat va sog‘aygan bemorlar o‘rtasidagi farqdir.

Yozning dastlabki ikki oyida sezilarli darajada ijobiy bo‘lgan ushbu ko‘rsatkich avgust oyida salbiy tomonga o‘zgardi va bu tendensiya hamon davom etmoqda.

Og‘ir bemorlar soni
Sog‘liqni saqlash vazirligi iyul oyi oxirida e'lon qilingan ma'lumotlarni o‘zgartirdi. Koronavirusning avvalgi kundalik jadvaliga kiritilgan intubatsiya (traxeyaga endotraxeal naychani kiritish orqali nafas olish yo‘llarining o‘tkazuvchanligini ta'minlash – tahr.) qilingan va intensiv terapiyadagi bemorlar haqidagi ma'lumotlari olib tashlandi va uning o‘rniga og‘ir bemorlar soni va pnevmoniya darajasi qo‘shildi.

So‘nggi bayonotlarda og‘ir kasallar soni vazir Fahrettin Koja tomonidan «muhim ko‘rsatkich» sifatida ifoda etilmoqda.

Bu ma'lumotlarda ham avgust oyidan e'tiboran ortish mavjud. Avgust oyida og‘ir kasallarning kunlik soni 77 foizga oshdi.

Shuningdek, iyul oyi oxiridan boshlab e'lon qilinayotgan yangi intubatsiya qilingan bemorlar sonida ham o‘sish tendensiyasi mavjud. Ma'lumotlar e'lon qilingan kunda 43ta bo‘lgan yangi intubatsiya qilingan bemorlarning soni avgust oyining so‘nggi haftasida 90 dan oshdi.

Turkiyada umumiy intubatsiya qilingan bemorlarga oid rasmiy raqamlar mavjud emas. Vazir Fahrettin Koja intensiv terapiya va intubatsiya qilingan bemorlar asosan 65-75 yosh orasida ekanligini aytmoqda.

G‘ozi universiteti tibbiyot fakulteti sog‘liqni saqlash bo‘limining boshlig‘i va Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy fanlar qo‘mitasi a'zosi doktor Mustafo Nejmi Ilhanning ta'kidlashicha, koronavirus bilan kasallangan bemorlarning 20dan 1tasi intubatsiya qilingan.

Testlar soni
So‘nggi paytlarda Turkiyada o‘tkazilgan testlar soni rekord darajada. Fahrettin Koja testlar talab va shikoyatlarga bog‘liq holda o‘tkazilayotganini ta'kidlamoqda.

Testlar soni avgust oyining yarmiga qadar 60-70 mingta atrofida bo‘lgan. Biroq avgust oyining ikkinchi yarmidan bu raqamlar ham tezlik bilan o‘sdi va kunlik testlar soni 100 mingdan oshdi.

31 avgust kuni o‘tkazilgan testlar soni 110 mingdan oshib, pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori darajaga yetdi. Shuningdek, pandemiya boshlanganidan beri o‘tkazilgan testlarning umumiy soni 7 milliondan oshdi.

Vazir jamiyatning har bir a'zosi epidemiyaga qarshi kurashda sergak bo‘lishi kerakligini ta'kidlagan.

«Umid qilamizki, bu yangi davrni fuqarolarimiz aql-idrok bilan yaxshi anglaydilar. Agar anglashilgan bo‘lsa, u holda, nima qilish kerakligini o‘zingizga havola qilaman. Dam olish joylarida, ko‘ngilochar maskanlarda, bozorlarda, marosimlarda qanday holat hukm surayotganini barchamiz achinish bilan ko‘rib turibmiz», dedi u.

Turkiya tibbiyot birlashmasi (TTB) avgust oyi o‘rtalarida o‘tkazgan Covid-19 epidemiyasining beshinchi oyini baholash yig‘ilishida 11 mayda savdo markazlari ochilganidan so‘ng normallashish jarayoni 1 iyun kuni tezlashganini ma'lum qildi.

TTB yig‘ilishga oid bayonotda pandemiya bilan kurashish choralari odamlarning hukmiga qoldirilishi mumkin bo‘lgan muammo emasligini ta'kidladi.

TTB Covid-19 monitoring kengashi a'zosi professor-doktor Feride Aksu Tanikning aytishicha, epidemiya ta'sirini kamaytirish bo‘yicha hukumat strategiyasi yetarlicha javob olmagan. U xotira yig‘inlari, bayramlar, millionlab abituriyentlar ishtirok etadigan imtihonlar, Ayo Sofiyaning ochilishi kabi tadbirlar kutilgan irodani namoyish qilmaganini ta'kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: