Rasman: Odil Ahmedov - «Tyanszin Teda» futbolchisi

Sport 22:28 / 09.09.2020 15024

«Xitoyning «Shanxay SIPG» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Odil Ahmedov faoliyatini boshqa jamoada davom ettiradigan bo‘ldi. 

Hamyurtimiz Xitoy Superligasining boshqa bir jamoasi «Tyanszin Teda» bilan kelishuvga erishgan», - deya yoziladi xabarda.

Odil Ahmedov shanxayliklar safida 2017 yildan buyon hozirgacha 98ta uchrashuvda maydonga tushib, 10ta golga mualliflik qilgan, Xitoy Superligasi chempionligi va Superkubogi g‘olibiga aylangandi.

O‘zbekistonlik 32 yoshli futbolchi Xitoy Superligasi 10-turi doirasidagi «Shanxay SIPG» klubining «Tsindao» bilan o‘tadigan 10 sentabr kungi bahsidan so‘ng «Tyanszin Teda» safiga borib qo‘shiladi.

Ma'lumot uchun, «Tyanszin Teda» klubini Janubiy Koreya milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi germaniyalik Uli Shtilike boshqarmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, yarimhimoyachimiz «Shanxay SIPG» klubi safidagi so‘nggi tur o‘yinida maydonga tushmagan va natijada klubi mavsumdagi ilk mag‘lubiyatni qarshi olgandi. Shanxayliklar Xitoy Superligasi 9-turidan keyin 8 jamoa joy olgan «V» guruhida 20 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. «Tyanszin Teda» esa shu guruhda oxirgi – 8-o‘rinni egallab turibdi. Bu klub mavsumdagi 9 o‘yinda faqat bitta durang va 8ta mag‘lubiyat qayd etib, 1 ochko to‘plagan.

Ko‘proq yangiliklar: