Pandemiya sharoitida o‘quv markazlari faoliyati qay tartibda tashkil etilishi kerakligi bo‘yicha ma'lumot berildi

O‘zbekiston 11:26 / 09.09.2020 3110

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Sevara Ubaydullayeva AOKAda o‘tkazilgan brifingda pandemiya sharoitida o‘quv markazlari faoliyati qanday tartibda tashkil etilishi haqida ma'lumot berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan pandemiya sharoitida tashkilotlar va korxonalar, jumladan xususiy maktab va bog‘cha, shu bilan birga xususiy o‘quv markazlarda ish faoliyatini tashkil etish borasida vaqtinchalik SANPIN qoidalari va me'yorlari tasdiqlangan. Mazkur qoidalar va me'yorlar asosida xususiy maktablar, bog‘chalar va o‘quv markazlarga quyidagilar belgilab berilgan:

  • barcha korxona va tashkilotlarda tashrif buyurayotganlarni filtrdan o‘tkazish (tana haroratini o‘lchash, antiseptik vositalari bilan qo‘llarga ishlov berish), shu bilan birga agar imkoniyat bo‘lsa niqoblar va qo‘lqoplar bilan ta'minlash;
  • har bir qavatlarda antiseptik vositalari bilan qo‘llarni ishlov berish yoki qo‘llarni sovun bilan yuvish imkoniyatlarini yaratish;
  • kundalik xlor tarkibli vositalar bilan tozalov ishlarini olib borish va belgilangan tartibda DSEN bilan kelishgan holda birlamchi va keyinchalik shartnoma asosida binolarni dezinfeksiyalash;
  • darslarni tashkil etish borasida 2 metrlik masofani saqlagan holda ta'lim oluvchilarni joylashtirish, bunda auditoriyalarni katta kichikligidan kelib chiqqan holda tahsil oluvchilar soni 10-15tadan oshmasligi kerak;
  • barcha o‘quvchilar niqobda bo‘lishlari kerak va har 2-3 soatda niqoblarni almashtirish talab etiladi;
  • xonalarni kuniga 2-3 marta shamollatish;
  • darslar davomiyligi o‘quv markazi belgilagan tartibda o‘tkaziladi, lekin 30-40 daqiqa oralig‘ida xonalarni shamollatish uchun o‘quvchilarga tanaffuslar berish;
  • imkon bulsa, barcha darslar tugaganidan so‘ng xonalar havolarini kvarslash.

Shuningdek, surunkali gepatit kasalligi bor o‘qituvchilar maktabda ishlashi qay darajada xavfli ekani haqidagi savoliga javob berildi.

«Surunkali gepatiti bor shaxslar koronavirus infeksiyasi og‘ir kechishi ko‘ra xavf guruhiga kiradilar. Ular imkon qadar boshqalar bilan kamroq aloqada bo‘lishlari lozim. Bolalar kasallikni yengil yoki simptomsiz o‘tkazishlari va virus tashuvchisi bo‘lishlarini hisobga olgan holda karantin qoidalariga qat'iy rioya qilish lozim.

Surunkali gepatit bilan og‘rigan bemorda koronavirusning ilk belgilari paydo bo‘lishi bilanoq poliklinika shifokoriga murojaat qilish va o‘z vaqtida muolajalarni boshlash kerak», dedi shtab a'zosi.

Ko‘proq yangiliklar: