Narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar ro‘yxati qisqartiriladi

O‘zbekiston 08:56 / 09.09.2020 17710

Vazirlar Mahkamasining “Tovar bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 30 martdagi 249-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi 249-son qarori bilan tasdiqlangan Narxlari (tariflari) davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar (xizmatlar) va ularning strategik turlari ro‘yxatida:

4, 6, 7, 8, 11, 12, 14, 18, 20 va 22-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

Bular:

4. Ijtimoiy muhim dori vositalari va tibbiy buyumlar (maxsus tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha).

6. Aholiga hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha budjet tashkilotlari va avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchalariga sotiladigan avtomobil benzini (Ai-80 va Ai-91 markalari).

7. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha budjet tashkilotlariga, davlat buyurtmasi bo‘yicha paxta xomashyosi va don yetishtiradigan fermer xo‘jaliklari, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, «Toshshahartransxizmat» AJga, maishiy chiqindilarni to‘plash va tashish bo‘yicha davlat korxonalariga sotiladigan, shuningdek, boshqa iste'molchilarga chakana narxda sotiladigan dizel yonilg‘isi.

8. Paxta mahsuloti (paxta xomashyosi, paxta tolasi, texnik urug‘lik).

11. Don (xarid narxlari).

12. Mineral o‘g‘itlar.

14. «Davlat belgisi» davlat ishlab chiqarish birlashmasida maxsus himoya darajasiga ega bo‘lgan qog‘ozdan tayyorlanadigan mahsulotlar (qimmatli qog‘ozlar, pasport, harakatlanish hujjati va shu kabilar).

18. Griflangan paketlarni (jo‘natmalar, posilkalarni) jo‘natish.

20. Xo‘jalik sub'yektlarining pul mablag‘lari inkassatsiyasi va pul mablag‘lari va boshqa qimmatliklarni banklararo tashish xizmatlari.

22. Umumiy o‘rta ta'lim muassasalariga tegishli umumta'lim fanlari bo‘yicha darslik va o‘quv-metodik majmualarni nashr etish xizmatlari (Xalq ta'limi vazirligining maxsus tasdiqlanadigan ro‘yxati bo‘yicha).

Shuningdek, 5-banddagi (Turmushda iste'mol qilinadigan siqilgan gaz va «O‘ztransgaz» AJ va/yoki uning hududiy bo‘linmalari orqali sotiladigan tabiiy gaz) “siqilgan gaz va “O‘ztransgaz” AJ” so‘zlari “suyultirilgan gaz, “O‘ztransgaz” AJ xamda “Hududgazta'minot” AJ” so‘zlari bilan almashtiriladi.

13-banddagi (To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha aholiga, budjet tashkilotlariga va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ korxonalariga, shu jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ “Temiryo‘lyonilg‘ita'min” boshqarmalari orqali sotiladigan ko‘mir) “, budjet tashkilotlariga va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ korxonalariga,” so‘zlari chiqarib tashlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: