Himoya orderi berilgan ayolning eriga quroldan foydalanish taqiqlanadi

Jamiyat 15:49 / 09.09.2020 3238

Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining yig‘ilishida ba'zi qonun hujjatlariga kiritilishi kutilayotgan qo‘shimchalar xususida so‘z bordi.

«O‘zbekistonda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan saqlash bo‘yicha himoya orderi berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Tazyiq yoki zo‘ravonlikka uchragan ayolga himoya orderi berilgani bilan, uning talablarini bajarmaganlarga ko‘riladigan javobgarlik yo‘q. Endilikda order talablarini buzgan shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortiladi.

Tazyiq yoki zo‘ravonlikka uchragan ayol o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zarar uchun fuqarolik sudiga murojaat qiladigan bo‘lsa, u sud bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Shuningdek, himoya orderi berilgan ayolning turmush o‘rtog‘iga quroldan foydalanish huquqi taqiqlanadi», dedi qo‘mita raisi, senator Botir Matmuratov 8 sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Qayd etilishcha, mazkur qo‘shimchalar Senatning 11 sentabr kuni o‘tkazilishi kutilayotgan 7-yalpi majlisida ma'qullanishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, himoya orderi – tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ta'sir ko‘rsatish choralari qo‘llanishiga sabab bo‘ladigan hujjat hisoblanadi.

Himoya orderi berish tartibi «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: