Germaniya terma jamoasi 260 km masofaga samolyotda borgani uchun tanqid ostida qoldi

Sport 21:27 / 07.09.2020 9502

Ko‘plab futbol muxlislari va ayniqsa atrof-muhit himoyachilarini Nemis futbol ittifoqi (DFB) va Germaniya termasining ekologiyaga munosabati norozi qildi. Futbolchilar Shtutgartdan Shveytsariyaning Bazel shahriga (oradagi masofa 260 km atrofida) avtobus yoki poyezdda emas, samolyotda borishdi.

GFR terma jamoasining Twitter sahifasida Bazelga samolyotda qanday yetib borgani aks etgan fotosurat ostiga ishqibozlar tanqidiy ruhdagi izohlarini yozib qoldirishdi: "Uyalishingiz kerak!", "Samolyotda? Rostdanmi?", "Bema'nilik. Iqlim o‘zgarishi haqida eshitishmaganmi?"

Germaniya terma jamoasi bosh menejyeri Oliver Birxoff samolyot tanlanishiga jamoaning gigiyenik xavfsizligiga e'tibor va o‘yinchilarning jismoniy tiklanishini ta'minlash maqsadi bilan izohladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu holatda charter aviareysi masofadan qat'i nazar, UYeFA tavsiyasiga ko‘ra avtobus (uch yarim soat yurish sportchilarning o‘zini yaxshi his qilishlariga ta'sir ko‘rsatadi) yoki poyezdda (Karlsrueda almashish koronavirus yuqtirish xavfini oshiradi) borishga nisbatan eng yaxshi tanlov hisoblanadi.

Bundan tashqari, Birxoffning qo‘shimcha qilishicha, DFB futbolchilarning salomatligi uchun ularning klublari oldida javobgar. Bosh menejyerni jamoa himoyachisi Tilo Kerer ham qo‘llab-quvvatladi: "45 daqiqa va 3,5 soat harakatsiz o‘tirish o‘rtasida farq bor".

Ko‘proq yangiliklar: