Vadim Abramov: «Ikkinchi golni penaltidan kiritgan bo‘lsak-da, haqli g‘alabaga erishdik»

Sport 22:42 / 03.09.2020 5983

«O‘yinimiz yomon chiqmadi deb o‘ylayman. Uchrashuvda bir qator yosh futbolchilarni sinovdan o‘tkazdik. Shunday ekan, o‘yin ma'lum ma'noda foydali bo‘ldi deyishim mumkin. Uchrashuvdagi ikkinchi golni penaltidan kiritgan bo‘lsak-da, haqli g‘alabaga erishdik. O‘yindagi ustunlik ham biz tomonda edi», - deya gap boshladi Vadim Karlenovich.

- Bugungi tarkibdan qaysi futbolchini rasmiy o‘yinlarda tushira olgan bo‘lardingiz?

- Bu tarkibdan istalgan futbolchi milliy jamoada o‘ynab keta olishi mumkin. Biz ularga imkoniyat berdik, buyog‘i ularning o‘ziga bog‘liq. Tojikiston milliy jamoasi FIFA reytingida 126-o‘rinda bo‘lsa-da, raqibmiz ancha qiziqarli jamoa ekanligini ko‘rsatdi. Shu bois ularni mensimay o‘ynash noto‘g‘ri bo‘lardi. Shunday ekan, Tojikiston bilan o‘yinimiz tom ma'noda boshqacha o‘yin bo‘ldi. Masalan, Germaniya Niderlandiya bilan qanday o‘yinda uchrashishidan qat'i nazar, ular prinsipial raqib sanaladi. Bizni ham shunday desa bo‘ladi. Balki shuning uchundir o‘yin ikki tomon uchun ham qiyin o‘tdi. Tarkibda tushirilgan futbolchilardan hammasi bo‘lmasa-da, ayrimlari keyingi bahslarimizda jamoani kuchaytira olishi mumkin. Jamoaviy o‘yin ko‘rsata olmaganimiz sababi, yig‘ilganimizga hali endi 4 kun bo‘lgandi. Hozirgi tarkibdagi barcha futbolchilardan umidim katta.

- Avval qo‘l ostingizdagi jamoalar hujumkor o‘yin namoyish etishardi. Oxirgi paytlarda esa «Bunyodkor» ham, O‘zbekiston ham himoyaviy o‘yin namoyish etayotgandek?

- Milliy jamoa qariyb bir yildan buyon o‘ynamagan bo‘lsa siz nimaga asoslanib bunday savol berayapsiz? Bugungi o‘yin nazarda tutilayaptimi yoki boshqami? Jamoalar raqibi qay daraja imkoniyat berganiga qarab, o‘yin namoyish etadi. Bizdan hozirgi vaziyatda hujumkor o‘yin kutish noto‘g‘ri. 3-4 kunda hujumkor o‘yinni yo‘lga qo‘yish uchun sehrgar bo‘lish kerak. Men esa sehrgar emasman. Shunga qaramay, himoyaviy o‘yin namoyish etdik deb hisoblamayman. Hozir natija muhimroq edi.

- Oktabr oyida milliy jamoaning o‘yini rejalashtirilganmi? 

- Ha, oktabr oyida ham yig‘in o‘tkazamiz. Sentabr oyidagi Eron bilan o‘rtoqlik uchrashuvmiz ham oktabr oyiga ko‘chirilgan. Shuningdek, BAA milliy jamoasi bilan ham kelishuvga erishdik. Oktabr oyida ularga qarshi maydonga tushamiz. FIFAning ikki rasmiy sanasida Eron va BAAga qarshi o‘yin o‘tkazamiz. Legionerlarning kelishi o‘sha paytdagi xalqaro reyslarning qay daraja amalga oshishiga bog‘liq. BAAga uchish uchun reyslar ochilgan. Bu borada muammo bo‘lmaydi deb umid qilman. Hozirda barcha legionerlarimiz bilan aloqada bo‘lib turibmiz. 
Eron va BAA bilan o‘ynab bo‘lganimizdan keyin noyabr oyida ham bizda ikkita uchrashuv o‘tkazish imkoni bo‘ladi. Ushbu sanalar uchun ham raqib topib, o‘ynaymiz.

Ko‘proq yangiliklar: