Samarqandda tramvay liniyalariga mas'ul davlat korxonasi mansabdorlari 1,3 milliard so‘mga yaqin pulni «yeb yuborgan»

O‘zbekiston 22:35 / 03.09.2020 8278

DXX Samarqand viloyat boshqarmasi hamda Bosh prokuratura qoshidagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv natijasida Samarqanddagi «Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi» davlat tashkiloti rahbarlari amalga oshirgan jinoyatlar aniqlandi. Bu haqda stv.uz sayti yozmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Samarqand shahar hokimligi qoshidagi «Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi» mansabdorlari 2017-2019 yillar davomida komandirovka uchun 74,6 million so‘m sarflashgan. Bundan tashqari, 235,8 million so‘m asossiz tarzda ishchilar maoshiga qo‘shilgan bo‘lsa, 112,3 million so‘m bankdan maoshga deb olingan, biroq ishchilarga berilmagan.

Tashkilotda ishlamaydigan odamlarning kontrakt to‘lovlari, shuningdek, boshqa xarajatlari uchun 137 million so‘m asossiz sarflangan. Boshqa korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga 62,5 million so‘m yo‘naltirilgan. Umumiy hisobda davlat korxonasi mansabdorlari tomonidan 1 milliard 258,3 million so‘m asossiz tarzda ishlatilgan.

Korxona hisob raqamidan 232,4 million so‘m Al Xorazmiy ko‘chasida 3 xonali kvartira sotib olishga ham sarflangan. «Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi» mansabdorlariga nisbatan jinoyat kodeksining 167 va 243 moddalari bilan jinoiy ish ochilgan.

Ko‘proq yangiliklar: