#FootWeek: Milliy jamoamiz Tojikiston bilan bahsga tayyormi? Yoxud hafta o‘yini, Superligadagi g‘alati gollar va Nuraliyev o‘z iste'fosi haqida

Sport 17:35 / 02.09.2020 14069

#FootWeek ko‘rsatuvining navbatdagi sonida Toshkentda yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston milliy jamoasi lagerida mehmon bo‘ldik. Vadim Abramov jamoasi 3 sentabr kuni Tojikiston milliy jamoasiga qarshi o‘yinga hozirlik ko‘rmoqda. Ko‘rsatuvning bu sonida bosh jamoamizning poytaxtdagi bu yilgi birinchi bahsiga tayyorgarligi, Dilshod Nuraliyevning «Lokomotiv»ni tark etgani sabablari, Superligadagi g‘alati gollar va jahon futbolidagi bir qator e'tiborli voqealar joy olgan.

«O‘zbekiston milliy jamoasining yangilangan tarkibini ko‘rasiz...»

Milliy jamoamizning «Bunyodkor» akademiyasi maydonida o‘tayotgan mashg‘ulotlarida ishtirok etib, Vadim Abramov boshchiligidagi tayyorgarlikni kuzatib borayotgan O‘FA matbuot xizmati rahbari, hamkasbimiz Davron Fayziyevning fikrlari bilan qiziqdik.

«JCh-2022 saralash bosqich o‘yinlari FIFA tomonidan 2021 yilga qoldirilgan bo‘lsa-da, Tojikiston bilan kelishuvimiz bekor bo‘lmadi va o‘rtoqlik bahsini o‘tkazib olishga qaror qilindi. Milliy jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Karlenovich hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, tarkibni yanada yangilab oldi, deyish mumkin. O‘tgan safardagidek bu safar ham yig‘in legionerlarsiz va «Paxtakor» futbolchilarisiz o‘tkazilmoqda. O‘tgan safar chempion jamoamizning 13 nafar a'zosi karantin sababli qatnasha olmagandi, bu safar esa ular Superliga doirasida Namanganda o‘yin o‘tkazishdi. Shunga qaramay, murabbiylar jamoa bilan yaxshi ishlashmoqda. Futbolchilar ham yuqori sport formasida deyish mumkin. Sababi Superligada mavsum qiziyotgan vaqt hozir. O‘rtoqlik uchrashuvi qiziqarli o‘tishiga shubham yo‘q. Bahs TV va YouTube orqali translatsiya qilinishi rejalashtirilgan», - deydi Davron Fayziyev. 

Yirik mag‘lubiyatlardan keyin iste'foga chiqqan «Loko» murabbiyi nimadan ranjidi?

Navbatdagi manzilimiz «Lokomotiv» yoshlar jamoasining mashg‘ulot maydoni bo‘ldi. U yerda uchta mag‘lubiyatli bahsdan keyin kuni kecha «Lokomotiv» klubi bosh murabbiyligini tark etgan Dilshod Nuraliyevni suhbatga tortdik. Tajribali mutaxassis «Loko»ni vaqtinchalik qabul qilib olganidan keyin «Paxtakor» (0:7) va «Nasaf»ga (0:4) uchralgan yirik hisobdagi mag‘lubiyatlardan keyin matbuotda shogirdlari haqida keskin fikrlar bildirgandi.

«Qo‘qon-1912»ga qarshi o‘yin kuni meni vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida taklif qilishdi. Klub rahbarlari Andrey Fyodorov ketganidan keyin qiyin pallada taklif qilishgani uchun yo‘q deya olmay, rozi bo‘ldim. Ammo ketma-ket uchta o‘yindagi mag‘lubiyat meni ancha asabiylashtirdi. Hattoki 0:7 va 0:4 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin sog‘lig‘imni biroz yo‘qotib ham qo‘ydim. Meni xafa qilgani jamoani o‘z ortidan ergashtira oladigan futbolchi chiqmagani bo‘ldi. Imkoniyatim darajasida klubni og‘ir vaziyatdan olib chiqishga harakat qildim. Afsus buni uddalay olmadik. Ammo bu qo‘limizdan kelardi deb o‘ylayman», deydi iste'foga chiqqan va hozir yana jamoaning yoshlari bilan ishlayotgan Dilshod Nuraliyev. Intervyuning to‘liq qismini tomosha qilganingiz afzal.

Superligadagi g‘alati gollardan Messining bolalikdagi kamyob kadrlarigacha...

Shuningdek, bu galgi ko‘rsatuvda ham ko‘plab qiziqarli mavzulardagi mulohazalar o‘rin olgan. Jumladan, Superliga o‘yinlarida kiritilgan g‘alati gollardan tortib, Maradonaning Yevropada ishlashi mumkinligi, Kantening finti, Buffonni suvdagi superseyvi hamda Messining bolalikdagi ajoyib o‘yinlari muhrlangan kamyob videokadrlar joy olgan.

#FootWeek'ning yangi sonini tomosha qiling va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda o‘z fikrlaringizni bildiring. Biz barcha fikrlarni kuzatib boramiz.

Ko‘proq yangiliklar: