«Andijon» klubida rahbariyat o‘zgardi. Endi jamoaga shprits zavodi homiylik qiladi

Sport 23:52 / 29.08.2020 7806

«Andijon» futbol klubining ta'sischisi va direktori Ma'ruf Abdusalomov klub boshqaruvini «Makro farm» MChJ rahbari Jur'atbek Quvvatovga topshirdi. Tadbirkor Jur'atbek Quvvatov klubga homiylik qilishni o‘z zimmasiga olgan. Klubda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berishi kutilmoqda.

«Bundan buyon Andijon futbolida yangi tizim yaratilib, asosiy e'tiborni mahalliy iste'dodli futbolchilarga qaratmoqchimiz. Bosqichma-bosqich mustahkam infratuzilma quriladi, joriy yilning o‘zida baza qilamiz, avtobus olamiz, stadionni to‘g‘rilaymiz, jamoani shakllantiramiz. Birinchi navbatda poydevorni mustahkamlaylik, o‘zimizning yoshlarni olib chiqaylik. Bu yil bir tavakkal qilib, mahalliy o‘yinchilarga imkon beraylik.

Hozir asosiy vazifa poydevor qurish, mahalliy yoshlarga e'tibor qaratib, jamoaning Superligadagi o‘rnini saqlab qolishdan iborat. Keyingi yildan esa yangi vazifa va marralar qo‘yiladi», deb Andijon viloyati futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Bekzod Karimovning so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.
 
Ma'lum bo‘lishicha, endilikda «Andijon» to‘laligicha shprits ishlab chiqaruvchi «Makro farm» MChJ homiyligida bo‘ladi. Hokimlik jamoaning ishlariga aralashmaydi va uni moliyalashtirmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: