«Real» afsonasi O‘zbekiston milliy jamoasi taklifini nega rad etgan? Fernando Yyerro bilan eksklyuziv intervyu

Sport 19:40 / 28.08.2020 33585

Ispaniya milliy jamoasi hamda Madridning «Real» klubi afsonasi Fernando Yyerro Kun.uz hamda El Golazo loyihasi doirasida eksklyuziv intervyu berdi. Ispaniyalik mashhur sobiq himoyachi suhbat davomida «Real»dagi ajoyib faoliyati, APLda o‘tkazgan mavsumi, Ispaniya milliy jamoasida JCh-2018dagi muvaffaqiyatsizligi sababi, La Liga klubining O‘zbekistonda o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi imkoniyati, O‘zbekiston milliy jamoasi taklifini nega rad etgani va yana bir qator qiziqarli savollarga javob berdi. Suhbat El Golazo loyihasi rahbari Zokir Xoliqov hamda dastur xalqaro hamkori Anxel Lopes yordamida uyushtirildi.

 «Eng noqulay raqib – Ronaldo edi»

 - Fernando, suhbatimizni futbolchilik faoliyatingiz haqidagi savol bilan boshlasak. Siz qarshi o‘ynagan eng noqulay raqib kim bo‘lgan?

- Avvalambor, dasturingizda ishtirok etishdan mamnunman. Qaysidir futbolchini ko‘rsatish doim qiyin bo‘lgan. Chunki 14 yil davomida Madridning «Real» klubi safida La Liga, Chempionlar ligasi hamda Ispaniya milliy jamoasida juda ko‘p kuchli raqiblarga qarshi o‘ynaganman. Undan tashqari, «Real» tarkibida buyuk futbolchilar bilan mashg‘ulotlar davomida to‘qnash kelganmiz. Masalan, Roberto Karlos, Salgado, Kasilyas, Elgera, Zidan, Figo, Makelele, Raul, Ronaldo va boshqalar. Raqib sifatida bitta futbolchini alohida ajratib ko‘rsatish qiyin bo‘lsa-da, braziliyalik Ronaldo eng noqulay raqib bo‘lgan, deya olaman.

 - Sizni uzoq vaqt maydonda ikkita pozitsiya - markaziy himoya va yarimhimoyachi sifatida ko‘rganmiz. O‘zingizga qaysi pozitsiyada o‘ynash ko‘proq yoqqan?

- Qiziqarli savol. Murabbiy sifatida agar qo‘l ostingdagi futbolchi ko‘p pozitsiyalarda o‘ynay olishini sezsang, albatta o‘zing uchun qulay bo‘lgan pozitsiyada o‘ynatishga harakat qilasan. 21 yoshimgacha «Valyadolid»da hujumkor yarimhimoyachi pozitsiyasida o‘ynaganman. Ammo keyinchalik murabbiylarim iqtidorimni markaziy himoyachi ampluasida ko‘rishgan va ularning ko‘rsatmalariga binoan «Real» va Ispaniyada markaziy himoyada o‘ynagandim. Ammo shaxsan o‘zimga maydon markazida to‘p surish ko‘proq yoqardi. Keyinchalik o‘zim ham jamoamga markaziy himoyachi sifatida ko‘proq foydam tegishini his etdim va bunga ko‘nikdim.

 «Peres Madridga kelmaguncha, «Real»ning xalqaro miqyosda mashhur emasdi»

 - Futbolchi va yordamchi murabbiy sifatida «Real»da faoliyat olib bordingiz va allaqachon Madrid afsonasiga aylangansiz. Aytingchi, Florentino Peres qaror qabul qilishda kim bilandir hisoblashadimi yoki diktatormi u?

- Yo‘q, u diktator emas. 90-yillar oxiriga kelib 32 yillik tanaffusdan so‘ng «Real» yana Chempionlar ligasini yutishni boshladi. «Real» o‘yinchisi sifatida 5 yil ichida 3 marotaba YeChLni yutdik. Shunga qaramasdan, Florentino Peres «qirollik klubi»ga kelguncha, «Real»ning xalqaro imiji u darajada mashhur emasdi. Florentino «Real» Madrid brendining dunyoda obro‘sini ko‘tarishga juda katta hissa qo‘shdi. U o‘zining ahil jamoasi bilan Madrid brendining globallashuviga sabab bo‘ldi. Bu uning yaxshi boshqaruvchi ekanligidan dalolat.

 - Ispaniya milliy jamoasidagi faoliyatingiz xaqida gaplashsak, futbolchi sifatida jahon va Yevropa chempioni bo‘la olmaganingizdan afsuslanasizmi? Yoki ispan futbolining «oltin avlodi» davrida ishlaganingiz buni unutishga yordam beradimi?

- Ispaniya milliy jamoasidagi faoliyatim haqida gapirsam, o‘sha davrda milliy jamoamiz darajasidagi juda ko‘p jamoalar bor edi. Masalan Braziliya, Argentina, Fransiya, Angliya. Mening davrimda Ispaniyada yaxshi o‘yinchilar bo‘lgan, lekin sanoqli edi. 2008 va 2012 yillardagi milliy jamoada esa futbolchilarning 80 foizi o‘zining pozitsiyasida dunyoda eng yaxshilari sanalishardi. Chunki o‘sha davrda yoshlar o‘rtasida jahon chempioni va Olimpiada chempionlari bo‘lgan 3ta avlod birlashgandi.

Yodimda, 2011 yil AQShning Boston shahrida 90 minglik stadionda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazganimizda, 70 mingdan ortiq muxlislar stadionga Ispaniya libosida tashrif buyurgan. Bu men uchun katta sharaf bo‘lgan va ispan futboli vakili ekanligimdan juda faxrlanganman. Avval Ispaniya bilan boshqa davlatlarda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazganimizda, muxlislar asosan Braziliya yoki Argentina libosida stadionga tashrif buyurardi. 2008 va 2012 yillardagi muvaffaqiyatlardan so‘ng, ispan futboli jahonga brend sifatida tarqaldi va bu jarayonning bir qismi bo‘lganimdan faxrlanaman.

 - Ispaniya futbol federatsiyasida 2007-2011 yillarda sport direktori sifatida qanday vazifalarni bajargansiz?

- 2005 yil futbolchilik faoliyatimni tugatgan bo‘lsam, bir yil davomida dam olib, 2007 yil murabbiylik kurslarida o‘qishni boshladim. O‘shanda Ispaniya FF bosh kotibi Xorxe Peres qo‘ng‘iroq qilib, tushlikka taklif qildi. O‘sha paytdagi Ispaniya futbol federatsiyasi prezidenti Anxel Viyyar topshirig‘i bilan sport direktorligi lavozimi joriy etmoqchiligini va bu lavozimga meni ideal nomzod sifatida ko‘rishini aytdi. Taklifni qabul qildim va 2007 yildan boshlab Ispaniya futbol federatsiyasida sport direktori lavozimida faoliyat olib bordim. Asosiy vazifalarim – turli yoshlardagi jamoalarga murabbiylarni tavsiya qilish va har xil yosh toifasidagi jamoalarimizni bir xil uslubda o‘ynatishga yordam berish, tizim yaratish va turli yosh toifasidagi milliy jamoalar murabbiylari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda jamoalar uchun seleksiya tizimini yaratish bo‘lgan. Shundan so‘ng, Germaniya, Fransiya va Braziliya futbol federatsiyalarida ham sport direktorligi lavozimi joriy etildi. O‘sha paytda biz barcha murabbiylar bilan ahil jamoa edik va yosh futbolchilarga o‘tish davrida katta yordam berdik.

 «Real»ning DNKasida g‘oliblik ruhi mavjud»

 - Kelajakda Fernando Yyerroni murabbiy sifatida ko‘ramizmi?

- Menga futbol maydoniga yaqin bo‘lish yoqadi. Ammo asosan futbol loyihalarini amalga oshirishda ko‘proq muvaffaqiyatlarga erishganman. 2018 yildagi mundialdan so‘ng murabbiylik faoliyatimda qator takliflar bo‘lishiga qaramay tanaffus olishga qaror qildim. Xozirgi kunda La Liga elchisi sifatida faoliyat olib borayapman. Kelajakda futbol sohasida katta loyihalarni amalga oshirish niyatim bor.

 - Ekspert sifatida fikringiz qanday: Anchelotti «Real»ga kelgunga qadar 12 yildan beri YeChLda g‘alaba qozonmayotgandi. Karlo kelganidan so‘ng «Real»da nima o‘zgardi yoki Anchelotti omili hal qiluvchi rol o‘ynadimi?

- «Real» bilan Chempionlar Ligasini yutgan deyarli barcha murabbiylar bir xil xarakterga ega bo‘lgan insonlar. Ular asosiy qaxramon sifatida o‘zlarini emas, futbolchilarni ko‘rsatadi. Masalan, Visente Del Boske, Anchelotti va Zidan futbolchilar bilan juda yaxshi insoniy munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan. Undan tashqari, «Madrid»ning boshqa klublardan ajralib turadigan asosiy farqi shundaki, uning «DNK»asida g‘oliblik ruhi mavjudligi. «Real» har doim sovrinlar yutishga chanqoq, masalan, Zidan 3 marta ketma-ket Chempionlar ligasini yutgan. Tarixda bunaqasi bo‘lmagan. Qolaversa, Madrid falsafasi asosini hech qachon taslim bo‘lmaslik, tartib va g‘oliblik ruhi tashkil etadi.

 - O‘yinchi sifatida «Real» tarkibida YeChLda o‘ynagan, Ispaniya tarkibida jahon va Yevropa chempionatlarida ishtirok etgansiz. Musobaqalardagi mavjud formatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan deb o‘ylaysizmi?

- Ispaniya FFda sport direktori bo‘lib ishlaganimda FIFA va UYeFAning musobaqalar taqvimini tuzishda ko‘p ishtirok etganman. Shundan kelib chiqqan holda davraviy 38 turdan iborat chempionat haqida gapiradigan bo‘lsam, bu to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan adolatli format hisoblanadi. Chunki bu format murabbiy va futbolchilarning bor mahoratini namoyon qilishga to‘liq imkoniyat beradi. YeChLning uy va mehmonda o‘ynash tizimi ham to‘g‘ri desak bo‘ladi. Lekin jahon va Yevropa chempionati nimchorak finalidan boshlab bir o‘yindan iborat ekanligini adolatli va to‘g‘ri deb hisoblamayman. Chunki, har qanday jamoada bir bahsda o‘yini chiqmasligi mumkin va o‘sha kuni sen musobaqani tark etasan. Xatoni to‘g‘irlashga imkoniyat berilmaydi.

 «Ispaniya milliy jamoasidagi muvaffaqiyatsizlik uchun Lopetegini ayblamayman»

 - APLning «Bolton» klubida 1 yil o‘ynagansiz. Ispan va ingliz futboli farqi nimada?

- 34 yoshimgacha «Real»da o‘ynadim, shundan so‘ng Qatarning «Ar-Rayyan» klubida bir yil faoliyat olib bordim. APLda o‘zimni sinab ko‘rish xohishi bo‘lgan. Chunki Angliyada futbol madaniyati o‘zgacha, ayniqsa muxlislarning klub sharflarini ko‘tarib turishi, sevimli jamoasini olqishlashi menda iliq taassurot qoldirgan. O‘sha paytda «Bolton» Angliyaning 5 yoki 6-jamoasi sanalardi. Ingliz futbolida tezlik va jismoniy yuklamalarga ko‘proq e'tibor beriladi. «Bolton» bilan Yevropa ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandik.

 - «Valensiya»da bo‘layetgan voqealardan so‘ng jamoa muxlislari Piter Lim va futbol agenti Jorjye Mendeshning klubdan ketishlarini so‘rashmoqda. Ispan klublarining chet ellik investorlarga sotilishiga qanday qaraysiz? Har holda «Malaga»da ham Al-Tani bilan ishladingiz...

- Globallashuv jarayonida klublar boshqaruvida xilma-xillikni kuzatishimiz mumkin. «Malaga» bosh menedjyeri bo‘lib ishlaganimda qatarlik Shayx Al-Taniga o‘zimning dasturimni taqdim etgandim. Lekin boshqa tomondan xorijlik investorlar foyda olish uchun klubni sotib oladi, ularni ham tushunishimiz kerak. «Valensiya» haqida gapiradigan bo‘lsak, uning egasi uchun birinchi o‘rinda foyda ko‘rish turadi. Bu degani kim pul tiksa, o‘sha odam buyruq beradi. Bunday paytlarda klub qadriyatlari o‘z o‘rnini yo‘qotadi. Ammo futbolda pul hamma narsani hal qilmaydi. Masalan «Manchester Siti» va «PSJ» juda katta pullar tikilishiga qaramay haligacha Chempionlar ligasini yuta olgani yo‘q.

 - JCh-2018 arafasida Lopetegidan keyin Ispaniya milliy jamoasini qabul qilib olgan edingiz. O‘shanda nimadir qilish mumkinmidi yoki jamoa tarqoqlanib bo‘lganmidi?

- Mundialdagi holat barchamiz uchun kutilmagan va alohida voqelik edi. Bunda Lopetegini ayblash niyatim yo‘q, u ajoyib inson va murabbiy. Hozirgi kunda «Sevilya» bilan katta natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Taklif men uchun kutilmaganda bo‘lganligi uchun yurak amriga bo‘ysungan holda Ispaniya bosh murabbiyligini bo‘ynimga olgandim. Bu juda qisqa vaqt edi va shuning uchun ham biror narsani o‘zgartirish qiyin edi. Agar yana shunaqa holat takrorlansa, vatanimga bo‘lgan muhabbatim uchun ham hech ikkilanmay mas'uliyatni gardanimga olishga tayyorman.

 «O‘zbekistondan taklif tushgan paytda faoliyatimda tanaffus qilishga qaror qilib bo‘lgandim»

 - (Zokir Xoliqov) Rossiyadagi JCh-2018dan keyin O‘FA prezidenti Umid Ahmadjonov mendan siz bilan gaplashishni va O‘zbekiston milliy jamoasiga bosh murabbiy bo‘lishga taklif qilgan edilar. Bu o‘zbek futboli muxlislari uchun qiziq, o‘zingiz batafsil so‘zlab bersangiz...

- Haqiqatan ham Rossiyadagi jahon chempionatidan Ispaniyaga qaytganimizdan so‘ng, siz menga qo‘ng‘iroq qilib, O‘FA rahbari taklifini yetkazgan edingiz. Buni Madridda uchrashib muhokama qilgandik. O‘shanda Ispaniya milliy jamoasidagi kutilmagan va qiyin voqealardan so‘ng faoliyatimda tanaffus qilishga qaror qilib bo‘lgandim. Shuning uchun sizlarning takliflaringizni qabul qila olmadim. Ammo shuni qayd etishim kerakki, 2018 yil boshida O‘FA rahbari bilan Ispaniya futbol federatsiyasiga tashrif buyurib, ish uslubimizni o‘rgangan edinglar. Bu juda to‘g‘ri yo‘l. Fransiya, Germaniya va Braziliya kabi futboli rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganishingiz kerak. Bilishimcha, O‘zbekiston Qatardagi JCh-2022ga chiqish uchun Osiyo grandlari bo‘lmish Eron, Yaponiya, Qatar, Xitoy va Avstraliya kabi jamoalar bilan kurash olib boradi. Har safar saralash bahslarini kuzatib, esimga tushasizlar. Bu yo‘lda sizlarga omad tilayman.

 - Murabbiy sifatida sizga g‘oyalaringiz muhimmi yoki futbolchilarning xususiyatlarimi?

- Juda yaxshi savol. Albatta, har bir murabbiy o‘z g‘oyalariga ega bo‘lishi kerak. Shuning uchun men ham o‘z g‘oyalarimni birinchi o‘ringa qo‘yaman. Ammo aytaylik, 4-4-2 yoki 4-3-3 taktik sxemasining muqim tarafdori emasman. Chunki men qo‘l ostimdagi futbolchilarning xususiyatlariga ham e'tibor bergan holda taktika tanlashim kerak. To‘g‘ri, agar sen biron klubni boshqarsang, taktik g‘oyalaringga mos futbolchini topib olishing mumkin. Lekin milliy jamoani boshqarganda ko‘proq futbolchilarning texnik xususiyatlariga tayangan holda jamoa shakllantirishga to‘g‘ri keladi.

 - Hozirgi kundagi La Liga elchisi sifatidagi vazifalaringiz haqida so‘zlab bersangiz...

- Sizlar bilan suhbat jarayoni La Liga elchisi sifatida vazifalarimdan biri hisoblanadi. Biz Fernando Sans boshchiligida La Liga tarkibini sobiq o‘yinchilar bilan ispan futbolini butun dunyoga yoyamiz. Bu tajriba bizdan avval APLda 20 yil oldin boshlangan. Biz asosan marketing ishlari bilan shug‘ullanamiz. Vazifamiz marketing va tadbirlar orqali La Ligaga bo‘lgan qiziqishni butun dunyoda oshirish.

 «O‘zbekistonga borish ishtiyoqim bor»

 - La Liga klublaridan birini O‘zbekistonga kelib, o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etishga taklif qilardik. Garchi moliyaviy foydasi kamroq bo‘lsa ham Primera ko‘proq muxlis yig‘ish uchun O‘zbekistonda ham turnir tashkil etsa bo‘ladimi?

- Bu borada xavotir olmang, men Fernando Sans bilan gaplashib, uning telefon raqamini sizga beraman. Albatta, futbol global sport turi hisoblanadi. Bu jarayon yil sayin o‘sib bormoqda. Bundan tashqari, bunday turnirlar orqali La Ligaga bo‘lgan qiziqishni oshirish biz elchilarning asosiy vazifamiz hisoblanadi. Shaxsan o‘zim O‘zbekistonga borish ishtiyoqidaman.

 - Murabbiyi bo‘lishdan tashqari, yaxshi menedjyer hisoblanasiz. Shundan kelib chiqqan holda La Liga va APL bilan o‘rtadagi daromad tafovutini qisqartirish uchun qanday strategiyalarni amalga oshirmoqchi?

- APL TV-translatsiyalarni markazlashgan holda sotish va tijoriy jihatdan 20 yildan buyon yaxshi tizim yaratilgani uchun yaxshi ishlamoqda. La Liga esa 5 yildan beri APLga o‘xshagan tizimda ishlashni boshladi. Bu borada APL La Ligaga qaraganda ancha tajribaliroq va tijoriy tizim ancha oldin yo‘lga qo‘yilgan. Bizning ustunlik jihatimiz esa «Real» va «Barselona» kabi grand klublarga ega ekanligimizdir. Undan tashqari, «Atletiko», «Sevilya», «Valensiya» kabi yildan yilga kuchayib borayotgan klublarimiz borligi, oxirgi yillarda ispan klublarining UYeFA musobaqalarida chempion bo‘lib kelayotgani va Ispaniya milliy jamoasi muvaffaqiyatlari La Liga imijini oshirib bormoqda.

 «Zamonaviy futbolda taktik bilimdan ko‘ra, murabbiyning futbolchilar bilan munosabati muhimroq»

 - Murabbiy Pirlo xaqida so‘ramoqchi edim. Men uzoq vaqt o‘qib, keyin murabbiylikka qadam qo‘yish tarafdoriman. Pirlo hech qayerda ishlamasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Yuventus» bosh murabbiyi etib tayinlanishi murabbiylik kasbiga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

- Murabbiy sifatida ko‘p tajribaga ega bo‘lmagan sobiq futbolchilarni klublarga taklif etish hozirgi kunda tendensiyaga aylangan. Buni Pep Gvardiola o‘z vaqtida «Barselona»dagi faoliyati orqali boshlab bergandi va yaxshi natijalarga erishdi. Masalan, Zidan ham «Real» bosh murabbiyi etib tayinlanganda unga hech kim ishonmagandi. Lekin u 3 marta ketma-ket Chempionlar ligasini yutdi. Yoki aytaylik, «Leypsig»ning 33 yoshli murabbiyini oling. Shunday ekan, «Yuventus» rahbariyati ham Pirloda nimanidir ko‘rgan va o‘sha uchun unga ishonch bildirdi. Chunki zamonaviy futbolda grand klublarni boshqarish uchun taktik bilimlardan ko‘ra, murabbiyning futbolchilar bilan insoniy munosabati va obro‘si muhimroqdir.

 - Gvardiola 25 yoshidayoq o‘zini murabbiy sifatida his qila boshlagandi...

- Rostdan ham ko‘p futbolchilarda murabbiylikka tug‘ma iste'dod bo‘ladi. Masalan, men Raulni yaxshi bilgan inson sifatida aytishim mumkinki, Raul allaqachon grand klublarni boshqarishga tayyor. Chunki u futbolchilar bilan munosabatlarni juda tez yo‘lga qo‘ya oladi.

 - Oxirgi savol. «Real»ning «galaktikos» davridagi qaysi futbolchilar bilan do‘stona munosabatlarni saqlab qolgansiz?

- Barchasi bilan. O‘sha futbolchilar Madridga kelgan dastlabki yildayoq, o‘z vataniga qaytib ketmoqchi bo‘lardi. Figo Portugaliyaga, Roberto Karlos va Ronaldo Braziliyaga, Zidan Fransiyaga. Men esa ularga doim Madridda qolishlarini aytardim. Chunki Ispaniya, ayniqsa Madrid yashash uchun juda qulay. Madridda har ikki haftada Raul, Roberto Karlos bilan ko‘rishib, birga tushlik qilamiz. Bir oyda bir marta esa Zidan, Ronaldo va Figolar bilan ko‘rishib, futbolchilik xotiralarini eslab turamiz. Masalan, Dubayga borganimda Michel Salgado bilan ko‘rishaman.

 - Mazmunli suhbat uchun rahmat! O‘zbekistonga taklif etib qolamiz.

 - Taklif uchun rahmat. Kelajakda albatta O‘zbekistonga borib madaniyatingiz bilan tanishishga harakat qilaman.

Ko‘proq yangiliklar: