Zominda kaltaklangan shifokor: «Bizni himoya qiladigan qonunlar va tizim bo‘lishini istardim»

Jamiyat 13:06 / 25.08.2020 26988

25 avgust kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu hodisa yuzasidan o‘rganish natijalarini ma'lum qildi.

Unga ko‘ra, 23 avgust kuni tez yordam xodimi chaqiruv bo‘yicha yetib borgan xonadonda bemorning biologik o‘limi qayd etilgach, marhumning yaqinlari uni kaltaklashgan.

Feldsher E.I. zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limiga olib kelingan vaqtda u karaxt holda ko‘ngli aynib, qayd qilishi kuzatilgan. Bemor tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilib, shoshilinch xirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga yopiq bosh miya chayqalishi, bo‘yin sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, teri osti gematomasi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda bemorga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan Zomin tumani IIO FMB 1-sonli IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani, feldsherga yetkazilgan tan jarohatlarining og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekpertizasi tayinlangani haqida ma'lum qildi. Tekshirish olib borilishi ustidan Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

Kun.uz muxbiri Zomin tuman tez yordam bo‘limi bilan bog‘lanib, kaltaklangan shifokorning holati va voqeaga o‘zining munosabati bilan qiziqdi.

«Ochig‘i, E.I bo‘limimizdagi bilimli va fidoyi shifokorlarlardan biri hisoblanadi. Koronavirus pandemiyasi davrida ushbu kasallikka qarshi kurashish uchun birinchilardan bo‘lib jalb qilingan. Tez yordam bo‘limining maxsus brigadasida faoliyat olib boradi.

Ayni vaqtda uning holati qoniqarli, og‘riqlar ketib, o‘zini yaxshi his qila boshlayapti. Ammo shuncha voqea bo‘lishiga qaramay, shifokorga aziyat yetkazgan tomondan hech kim kelib uning holidan xabar olmadi, uzr ham so‘ramadi», deydi Zomin tumani tez tibbiy yordam bo‘limi mas'ul xodimi.

Jabrlanuvchi E.I. ham vaziyat yuzasidan munosabat bildirgan.

«Menga orqa tomondan zarba berishdi. Tushunaman, yaqinini yo‘qotgan odam jahlga berilishi, o‘zini tuta olmasligi mumkin. Ammo o‘sha vaqtda shifokorga qo‘liga ilingan biror xavfliroq jism bilan ham zarar yetkazishi mumkin edi.

Hammamiz ham insonmiz, aqli bor shifokor kimgadir zarar yetkazish uchun bormaydi yoki og‘ir holatdagi odamga shunchaki qarab turmaydi. Buni yurtdoshlarimiz ham tushunishlari kerak. Ochig‘i, shifokorlar boshqa kaltaklanmasligi va ularni himoya qiladigan qonunlar hamda tizim bo‘lishini istardim», deydi u.

Ko‘proq yangiliklar: