Bugun, 24 avgust kuni Davlat xizmatlari agentligi brifingida nikohdan ajrashishni qayd etish uchun qanday hujjatlar kerakligi ma'lum qilindi.
DXA bo‘lim boshlig‘i Kamoliddin Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 218-moddasiga asosan er-xotinning o‘zaro roziligi bo‘lganda hamda o‘rtada voyaga yetmagan bolalari va mulkiy nizolari yo‘qligi tasdiqlangan holatda nikohdan ajralish fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga bergan arizalariga asosan qayd etiladi.
Er-xotindan birining arizasi bo‘yicha nikohdan ajralishni qayd etish uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga quyidagilar taqdim etiladi:
- er (xotin)ning muomalaga layoqatsiz yoxud bedarak yo‘qolgan deb topilgani to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluvchi qarori;
- er (xotin) uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingani to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmidan ko‘chirma, shuningdek, sudlangan er (xotin)ning o‘rtadagi bolalari va mol-mulki yuzasidan nizosi yo‘qligi to‘g‘risidagi tilxat.
«Nikohdan ajralish ariza beruvchilarning yashash joyidagi FHDYo organiga ariza berilgan kundan boshlab uch oy muddat o‘tgach qayd etiladi», dedi DXA bo‘lim boshlig‘i.