«PSJ» vs «Bavariya». Bu mavsumning eng zo‘r o‘yini bo‘ladimi?

Sport 13:45 / 23.08.2020 21268

UYeFA xursandligi aniq
«Bavariya» va «PSJ» — final uchun a'lo darajadagi juftlik. Maqom jihatidan ham, afisha uchun ham keng miqyosdagi muxlislar auditoriyasini o‘ziga jalb qiladi. Jamoalar tarkiblari yulduzlar bilan to‘lgan, ularning ayrimlari, masalan Neymarni nafaqat sport muxlislari, hatto uy bekalari ham yaxshi tanishadi. Umuman olganda, UYeFA rahbariyati mamnun holda qo‘llarini ishqalashlari mumkin — marketing nuqtayi nazaridan eng yaxshi ssenariy ro‘y berdi, ayniqsa har bir sent misqollab topilayotgan pandemiya davrida.

Bu tomondan olib qaralganida «Leypsig» — «Lion» juftligi haqiqiy falokat bo‘lardi, bu ikki jamoaga hurmat saqlagan holda aytish lozimki, bu o‘yin asosan nemislar va fransuzlar uchun qiziq bo‘lib qolardi, xolos. «Bavariya» va «Leypsig» juftligi haqida ham shunga o‘xshash gap aytish mumkin — bu «Bavariya»ning «Borussiya» Dortmundga qarshi finali kabi ham bo‘la olmasdi (2013 yilda bu jamoalar yaxshigina afisha hosil qilishgandi).

Qolaversa, «Leypsig» yoki «Lion» kabi jamoalardan birining finalda o‘ynashi mavjud tizimga qarshi isyondek qabul qilinishi ham mumkin edi. Nemislar klubi ham futbol oligarxlaridan biriga aylanmoqda, bu jamoa ortida ham «PSJ»da bo‘lgani kabi ulkan transmilliy korporatsiya turadi va pulni ayamaydi. Germaniyadagi boshqa klublarning fanatlari bir bo‘lib bu jamoani yomon ko‘rishadi, uni tarixi va an'analariga ega bo‘lmagan, pul evaziga tashkil etilgan sun'iy klub deb bilishadi. «Leypsig» Bundesliganing quyi ligalarida o‘ynayotganidayoq, raqib klublari qog‘oz pullar sochib perfomanslar uyushtirishardi. 

Asosiy e'tiborini o‘z tarbiyalanuvchilariga qaratgan «Lion» jahon bo‘ylab muxlislar orttirgani aniq. Ammo gap baribir yaxshigina resurslarga ega bo‘lgan fransuz top-klubi haqida ketmoqda: Deloitte kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, «Lion» 2018/19 yilgi mavsumda Yevropaning eng ko‘p daromad ko‘rgan klublari yigirmataligiga kirgan (220 million yevro daromad va ro‘yxatda 17-o‘rin).

Futbolda romantikani ustun qo‘yadigan bo‘lsak, finalga  «Malmyo» yoki «Fexervar», yoki «Bryugge»ni chiqarish ham mumkin bo‘ladi. Yo‘q, «PSJ» va «Bavariya» bo‘lgani yaxshi. Qolaversa, ular o‘z o‘yini bilan shunga munosib bo‘lishdi.

10 o‘yinda 42 gol
Myunxenliklar bilan barchasi tushunarli. Ushbu jamoa 2020 yilda birorta o‘yinda mag‘lub bo‘lmadi, koronavirus tanaffusidan keyingi o‘yinlarning barchasida «Bavariya» g‘olib chiqdi — bundesligada ham, Germaniya Kubogida ham, Chempionlar ligasida ham. 3:0, 7:2, 3:2, 2:0, 6:0, 3:1, 3:0, 4:1, 8:2, 3:0 — bu ushbu klubning Chempionlar ligasining joriy mavsumida qayd etgan natijalari. Bu futbol hisoblari, hokkey emas. O‘rtacha samaradorlik — bir o‘yinga 4,2 golga teng.

«Bavariya» bilan «Manchester Siti» to‘qnashishi ham mumkin edi, ammo Pep Gvardiola barchasini barbod qildi. Ispaniyalik mutaxassis shubhasiz, buyuk murabbiy (u hech bo‘lmasa 2008-2012 yillarda «Barselona»dagi faoliyati uchun shunday nomga munosib), ammo uning hozirgi holatini «aqllilik balosi» atamasi bilan izohlash mumkin. Uning barchasini mukammallashtirish istagi borini ham yo‘qqa chiqarib, vaziyatni og‘irlashtiradi. Bu safar Gvardiola shunchaki «Lion»ning imkoniyatlarini yaxshi baholamadi va negadir 3-4-3 sxemasida o‘ynashga qaror qildi, holbuki «Siti» avvaldan bu uslubda o‘ynamagan, shu tufayli futbolchilar chalkashib ketishdi. Murabbiy reja ish bermayotganini tushunganida o‘yinning 2/3 qismi ortda qolgan, ammo kech bo‘lgandi — «Lion» o‘ziga kerakli natijaga erishgandi. Holbuki yarim finalda «Bavariya» va «MS» juftligi nafaqat turnirning, balki bu og‘ir yilning eng chiroyli o‘yiniga aylanishi mumkin edi...

Neymar pressingchi

Foto: Rafael Marchante/Pool via Getty Images

Albatta, «PSJ» bilan ham qiziqarli bo‘ladi. Bu qarama-qarshilikda «Bavariya» — favorit, jamoaning bugungi kundagi holati istalgan bahsda istalgan raqibni qo‘rqitadi. Ha, Parij klubini ko‘plar yoqtirishmaydi — qatarliklarning millionlari, bu pullarga yulduzlarni sotib olishi, moliyaviy feyr-pleyni oyoqosti qilishi, klub prezidenti Nosir Al-Xelayfi UYeFA ijroiya qo‘mitasi a'zosi ekani, Neymarning shaxsiyati muxlislarning hafsalasini pir qilgan. Ammo bu mavsumda va ayniqsa Lissabondagi «Sakkizlik finali»da «PSJ» juda zo‘r futbol namoyish etdi.

Tomas Tuxelning yigitlari guruh bosqichida «Real»ni yirik hisobda yengishgandi — 3:0, pley-offda Holandi bor «Borussiya» Dortmund to‘sig‘idan oson o‘tishdi, «Atalanta»ga qarshi qiyin o‘yinda iroda ko‘rsatishdi, «Leypsig»ga qarshi esa namuna qilishga arzigulik o‘yin ko‘rsatildi. Ularga tanaffus vaqtida shartnomani uzaytirmaslikka qaror qilgan Kavani va Mene yo‘qligi hamda markazdagi asosiy futbolchi Verratti jarohat tufayli safdan chiqqani xalal bermadi. Parij klubida quruq mahorat evaziga ham hammasi joyida edi, ammo endi unda  xarakter va xohish ham bor.

Asosiysi, yulduzlar bir jamoa bo‘lib birlasha oldi, bu albatta Tuxelning xizmati. Hatto Neymar endi tanballik qilmayapti va pressingda faol qatnashmoqda — «Leypsig» bilan o‘yinda u raqibga tinim bermadi. Braziliyalik futbolchi Lissabonda umuman boshqa rolda - «aldamchi to‘qqizlik» rolida paydo bo‘ldi va tez-tez ortga qaytib, to‘pni jamoaga qaytarish uchun tirishdi. «Biz Neymar bilan o‘xshashmiz — ikkimiz ham maydonda vaqtichog‘liq qilishni yoqtiramiz. Ammo hozir biz tushundikki, o‘zimizga kamroq e'tibor berib, g‘alaba uchun butun bir jamoa bo‘lib harakatlanishimiz kerak», — Mbappening bu so‘zlari ko‘p narsani anglatadi.

Levandovski nihoyat erisha oladimi?

Foto: Getty Images

6:3. Bu bugungi final uchun prognoz emas. Bu «Bavariya» va «PSJ» tarkibidagi YeChL g‘olibligini bilmagan futbolchilar soni. «PSJ»da uch g‘olib bor — Neymar («Barselona»-2015), Di Mariya («Real»-2014) va Navas (kosta-rikalik darvozabon «Real» bilan 2016-2018 yillar mobaynida uch bor g‘olib bo‘lgan). «Bavariya»da Tyago («Barselona»-2011) – Noyyer, Alaba, Boateng, Xavi Martines va Myullerdan boshqa futbolchilar Yevropaning eng asosiy kubogini boshlari uzra ko‘tarishga muvaffaq bo‘lishmagan. 2013 yilning 25 mayida «Uembli»dagi nemischa finalda myunxenliklar Dortmundning «Borussiya»sini mag‘lub etishgandi — 2:1.

«Bavariya»ning yulduzlari 7 yil muqaddam katta yo‘l boshida turishgandi. 

O‘shanda Flik bir yildan keyin Braziliya maydonlarida jahon chempioni bo‘ladigan Germaniya terma jamoasida Lyovga yordamchilik qilardi. O‘sha vaqtda 17 yoshda bo‘lgan Gnabri «Arsenal»da debyut qilgan (mavsumda barcha turnirlar doirasida 4 o‘yin), u atigi 100 ming funt evaziga «Shtutgart»dan sotib olingandi. 12 yoshli Devis Kanadadagi Edmonton shaharchasida to‘p ortidan chopib yurardi. Koman rekordlar kitobini yozayotgandi… «PSJ»da. U 2013 yilning 17 fevralida Fransiya chempionati doirasida «Sosho»ga qarshi o‘yinda maydonga tushib, parijliklar tarixida maydonda o‘ynagan eng yosh futbolchi bo‘lgandi (16 yosh, 8 oy va 4 kun).

Levandovski ham Londondagi final o‘yinida 90 daqiqa davomida maydonda bo‘lgan, ammo «Borussiya» safida (Perishich ham o‘shanda maydonda bo‘lishi mumkin edi, agar «Uembli»dagi o‘yinga yarim yil vaqt qolganida Klopp bilan bahslashib, Dortmunddan Volfsburgga ketib qolmaganida). 

O‘shanda mavsumning asosiy o‘yinida Robertning omadi kelmagandi. Yarim finalda «Real»ga qarshi o‘yindagi ishlaridan keyin (polyak turnirning bu bosqichida poker qayd etgan yagona futbolchi hisoblanadi) undan ko‘proq natija kutishgandi, ammo u 90 daqiqa davomida bir necha zarba bera oldi xolos. Aytishlaricha, o‘shanda unga «Bavariya» tomonidan jiddiy qiziqish bildirilayotgani xalal bergan. Uning vakillari myunxenliklar bilan kelishib qo‘yishgandi. 

«Bavariya»ga Levandovski Gyotse yo‘lidan bordi (keyinroq bu yo‘lakdan Hummels ham yurib o‘tadi) va 2014 yil yozida klubga qo‘shildi. Myunxen forvard uchun… nol yevro to‘ladi — bu vaqtda uning «Borussiya» bilan shartnomasi muddati tugagandi (bu yil ESPN uning transferini zamonaviy futbol tarixida erkin agent sifatidagi eng yaxshi transfer deb baholadi). Dortmunddagilar bunga ko‘nishgan – katta puldan voz kechib bo‘lsada, polyakni yana bir yil o‘z safida olib qolgandi. 

«Bavariya»da u zamonamizning eng kuchli markaziy hujumchilaridan biriga aylandi — agar eng yaxshisi bo‘lmasa. U klub bilan 12 sovrin yutib oldi. Ammo Yevropada — hech narsa. Uning yoshi 32ga chiqdi. Istiqbolda — Buffon, Ibrahimovich, Ronaldo va YeChLda hech qachon g‘olib chiqa olmagan boshqa futbolchilar bilan bir safga turish ehtimoli bor.

Qolaversa shunday mavsumdan keyin. 50dan ortiq gol, qator rekordlar, «Barselona» ustidan 8:2 hisobidagi g‘alaba…

Hozirda Levandovski 68 gol bilan YeChL tarixidagi to‘purarlar ro‘yxatida 4-o‘rinni egallab turibdi. Faqat Ronaldu, Messi va Raul undan oldinda (ispaniyalikkacha 3 gol qolgan). U turnirda hech qachon g‘alaba qozona olmagan bombardirlar orasida yetakchi .

Shu bilan birgalikda, Levandovski YeChLda g‘olib chiqqan Yeji Dudekdan keyingi ikkinchi polyak bo‘lishi ham mumkin. Ya'ni, maydon futbolchilari orasida birinchi. 

Mantiq yoki matonat?
Taktika tomondan bizni juda jozibali o‘yin kutmoqda. «Bavariya» va «PSJ» bir-birining pressingini qanday yengib o‘tadi? Yoki Tuxel uslubni o‘zgartiradimi?

Himoyachilari raqibni juda erta kutib oladigan «Bavariya» bu o‘yinda juda tezkor va texnik jihatdan juda kuchli bo‘lgan Neymar-Mbappe-Di Mariya triosiga qarshi qanday harakatlanadi?

Savollar va intrigalar juda ko‘p — va bu juda yaxshi. Bu o‘yin mavsumning bezagi bo‘lishi uchun asoslar ko‘p.

«PSJ» g‘alaba qozona olmasa ham — bu pulning mag‘lubiyati bo‘lmaydi. Bu ajoyib kurash hikoyasi bo‘ladi. Bu hikoya eng xudbin va maqtanchoqlar ham kerakli vaqtda o‘z egolaridan xalos bo‘lib, jamoa uchun ishlay olishi haqida bo‘ladi.

O‘z navbatida, «Bavariya»dagilar o‘z g‘alabalari so‘nggi o‘n yillikning mantiqiy yakuni bo‘ladi deb bilishadi.  Xuddi «Barselona» 2010/11 yilgi mavsumda g‘olib bo‘lgani kabi.

Bir so‘z bilan aytganda, bizni juda zo‘r final kutmoqda. Aytish mumkinki, «Sakkizlik turniri»dan kutilgan eng kuchli juftlik finalga chiqdi.

Ko‘proq yangiliklar: