Maxatma Gandining ko‘zoynagi 340 ming dollarga sotildi
Zamonaviy Hindiston asoschisi Maxatma Gandiga tegishli bo‘lgan ko‘zoynak Britaniyada 260 ming funt sterlingga (340 ming dollar) sotildi.

Foto: dpa
Tilla suv yugurtirilgan gardishga ega ko‘zoynak East Bristol Auctions auksion uyidagi kimoshdi savdosi vaqtida rekord qiymatga sotilgan.
Ko‘zoynakning oxirgi egasiga uni amakisi sovg‘a qilgan. U esa o‘z navbatida ko‘zoynakni Janubiy Afrikada 1910 yildan 1930 yilgacha faoliyati davomida shaxsan Gandining o‘zidan olgan.
Ko‘rinishicha, ko‘zoynakning egasi uning qanchalik yuqori qiymatga ega ekanligi haqida tasavvurga ega bo‘lmagan va u uchun katta summa olishga umid qilmagan. U shunchaki ko‘zoynakni konvert ichiga solib, auksion uyining pochta qutisida “Bu ko‘zoynak Gandiga tegishli bo‘lgan, menga qo‘ng‘iroq qiling” degan yozuv bilan qoldirib ketgan. Erkakning keyinroq tan olishicha, u auksion uyiga ko‘zoynak “hech narsaga yaramasa, uni tashlab yuborishlari mumkinligini” aytgan.
“Ehtimol, bu ko‘zoynak bizda bo‘lgan eng mashhur ko‘zoynak va eng qimmatli tarixiy buyum hisoblanadi. Men ko‘zoynak egasiga u chamasi 15 ming funt sterling (20 ming dollar) turishi mumkinligini aytganimda, u menga esankiraganidan stulidan yiqilib tushgandek tuyuldi”, deb aytgan auksion uyi vakili Endryu Stouv.
Natijada esa ko‘zoynak dastlabki baholangan narxidan 17 karra qimmatroqqa sotilgan.
Mavzuga oid

22:33 / 05.10.2024
Harvard talabalari smart ko‘zoynak yordamida begonalarning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi

09:44 / 21.08.2023
Olimlar ko‘k nurni to‘suvchi «kompyuter ko‘zoynaklari» foydali ekanini rad qildi

12:30 / 10.09.2021
Facebook tarixdagi ilk “aqlli” ko‘zoynakni taqdim qildi

23:21 / 16.06.2021