Nega og‘izdan noxush hid keladi? – sabab, yechim va himoya 

Light 14:10 / 21.08.2020 84312

Og‘izdan chiqayotgan nafasning hidlanishiga turli sabablar bo‘lishi mumkin. Bu hamma bilan kuzatilishi mumkin bo‘lgan, vaqtinchalik yoki surunkali holat hisoblanadi.

Og‘iz hidlanishi tish, og‘iz bo‘shlig‘i holati yoki inson sog‘ligidagi boshqa muammo tufayli yuzaga chiqadi. Og‘iz hidlanishida odam o‘z og‘zida yoqimsiz ta'mni ham payqashi mumkin. Agar hidlanish faqat tishlar yoki og‘iz holati bilan emas, balki organizmdagi boshqa muammo tufayli kuzatilsa, tishlarni tozalash hid yo‘qolishiga yordam bermaydi.

Nimalar og‘izda badbo‘y hid paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin?

Foto: Getty Images

Tishning noto‘g‘ri gigiyenasi

Bakteriyalar tish va og‘izdagi ovqat qoldiqlarini parchalaydi. Va natijada, og‘izda noxush hid paydo bo‘ladi. Tishlarni doimiy tozalash ovqat qoldiqlari parchalanishiga yo‘l qo‘ymasdan oldin ularni og‘izdan chiqarib tashlashga yordam beradi.

Tishlarni doimiy tozalash ularni turli bakterial kasalliklardan ham saqlaydi. Bakterial kasalliklar esa tish yemirilishi va og‘izda hid paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun tishni, albatta, kechki payt tozalash kerak.

Kuchli hidlanishga sabab bo‘luvchi ovqat va ichimlik iste'mol qilish

Piyoz, sarimsoq yoki boshqa kuchli hidga ega ovqat iste'mol qilinsa, 72 soatgacha ularning hidi inson nafasida sezilishi mumkin. Kofe kabi kuchli ichimliklar ham noxush hidlarga sabab bo‘ladi.

Chekish

Tamaki chekish noxush hid va og‘iz qurishiga sabab bo‘ladi.

Og‘iz qurishi

Og‘iz bo‘shlig‘ida yetarlicha tupuk ishlab chiqarilmasligi og‘iz qurishiga va uning hidlanishiga sabab bo‘ladi. Tupuk og‘izni toza tutishga va noxush hidlarni kamaytirishga yordam beradi.

Tupuk bezlarining yaxshi ishlamasligi, insonning og‘zini ochib uxlashi yoki organizmdagi biror kasallik tufayli og‘iz qurishi kuzatilishi mumkin.

Og‘izdan noxush hid kelishi diabet, buyrak kasalliklari ta'sirida ham kuzatilishi mumkin.

Foto: Getty Images

Qanday qilib og‘iz hidlanishidan himoyalanish mumkin?

Tishlarni har kuni 2 mahal yuvish, mikroblarga qarshi vositalardan foydalanish, tilni ham tish cho‘tkasi yoki maxsus vositalar bilan tozalab turish og‘izni noxush hidlardan himoya qiladi.

Doimiy tartibda suv ichish, chanqagan holda yurmaslik ham og‘iz hidlanishidan himoya qiladi. Agar chekadigan inson og‘iz hidlanishidan xalos bo‘lishni xohlasa, chekishni tashlagani ma'qul.

Har 3 oyda tish cho‘tkasini almashtirish, 6 oyda bir marta stomatolog ko‘rigiga borib turish ham og‘iz hidlanishining oldini oladi.

Og‘iz hidlanganda nima qilish kerak?

Agar og‘izdan noxush hid kelishi o‘tib ketmasa, stomatologga murojaat qilish lozim bo‘ladi. Og‘iz hidlanishi faqat tishlar bilan bog‘liq bo‘lsa, stomotolog tomonidan tishlarning tozalanishi muammoga yechim bo‘lishi mumkin. Agar hidlanish ichki organlar kasalliklari, masalan, buyrak kasalliklari bilan bog‘liq bo‘lsa, stomatolog holatga qarab kerakli tavsiyani beradi.

Ko‘proq yangiliklar: