Eng muhim hujjat. Pasport qanday paydo bo‘lgandi?

Light 08:14 / 21.08.2020 24605

Davlatlar ham mavjud bo‘lmagan davrlarda

Inson biror davlat fuqarosi bo‘lishi uchun, avvalo, davlat tushunchasi mavjud bo‘lishi kerak. Pasport ham, fuqarolik ham davlatsiz mavjud bo‘la olmaydi. Insoniyatning qadimiy tarixida esa davlat tushunchasi mavjud emasdi. Ilk davlatchilik tarixiga oid faktlar miloddan avvalgi 3 700 yillarga borib taqaladi. Biroq o‘sha paytlarda ham davlatchilik emas, faqat ko‘plab odamlardan iborat jamoalar mavjud edi.

Fuqarolik - «citizenship» so‘zi lotin tilidagi «shahar» so‘zidan olingan va «shaharlik» degan ma'noni anglatadi. Chunki qadimgi davrlarda odamlar o‘zlarini biror mamlakatlik deyishdan ko‘ra, shaharlik deyishni ko‘proq ma'qul ko‘rishgan. Fuqarolik konsepsiyasi qadimgi Gretsiyada ming yil oldin shakllana boshlagan. Keyinroq esa Rimda barcha fuqarolarning imperiya hududida erkin harakatlanishiga ruxsat berish uchun fuqarolik atamasidan foydalana boshlangan.

Pasport birinchi bo‘lib sayohat hujjati sifatida vujudga kelgan. Birinchi pasportlar ham xalqaro sayohatlar davrida himoyaga ega bo‘lish uchun ishlab chiqilgan. Chunki o‘sha davrlarda kemalarda sayohat qilish urfga kirgan edi.

Niqoblar, muhr va tatuirovkalar

Ilk davrlarda – miloddan avvalgi 3 100 yillarda pasportlar faqat qog‘oz ko‘rinishida emas, balki turli shakllarda, masalan, qirol muhrlari, niqoblar yoki tatuirovka ko‘rinishida mavjud bo‘lgan.

Niqoblar dastlab G‘arbiy Afrika mamlakatlarida ishlatila boshlangan. Bitta qabila bir xil ko‘rinishdagi niqobni taqqan va uni boshqa qabiladan shu bilan ajratib olish mumkin bo‘lgan. Bu ko‘rinishdagi mansublilikni bildiradigan niqoblarni taqqan odamlar bemalol savdo va sayohat qila olishgan.

Tatuirovka ko‘rinishidagi fuqarolik belgisi esa neolit davridan beri mavjud. Odamlarga shunday ko‘rinishdagi belgilar qo‘yilganini isbotlovchi mo‘miyolangan teri qoldiqlari ham topilgan. Keyinroq qadimgi greklar o‘z josuslarini tanib olish uchun ko‘rinmas siyoh bilan shakl beriluvchi tatuirovkalardan foydalangan.

Rimliklar esa jinoyatchi va qullarni boshqalardan ajratish uchun tatuirovkalarni ishlatishgan.

Hurmat belgisi bo‘lgan metall lavhalar

Rimda milodiy 52 yilda, 2 ming yil oldin harbiy pasportlar sifatida tanilgan hujjatlar berila boshlanadi. Rimda fuqarolarni tanib olishning samarali usuli diplomlar edi.

Bu harbiy diplom metall lavhalar ko‘rinishida bo‘lgan va bronzadan yasalgan. Metall diplom uning egasi Rim armiyasida muvaffaqiyat bilan xizmat qilganini va evaziga mukofot sifatida Rim fuqaroligini olganini bildiradi. Bunday diplomlar 25 yillik to‘liq armiya xizmatidan so‘ng berilgan.

Sayyohlar uchun ilk ruxsatnomalar

O‘rta asrlardagi vaziyatni tasavvur qilish uchun aytish mumkinki, birinchi jahon urushidan 500 yil oldin ham ko‘pchilikning shaxsini tasdiqlovchi biror hujjati bo‘lmagan.

Keyinchalik Fransiya qiroli Lyudovik XIV «passe port», ya'ni pasport deb nomlangan hujjatga imzo chekadi. Bu hujjatning so‘zma-so‘z tarjimasi «port orqali sayohat qiluvchi» degan ma'no anglatgan. O‘rta asrlarda pasportlar hokimiyatlar tomonidan, asosan, xorijlik sayohatchilarga berilgan. Pasportda sayohatchi borishi mumkin bo‘lgan shaharlar va hududlar ro‘yxati keltirilgan. Bu sayohatchini o‘zi bormoqchi bo‘lgan hududlarda erkin harakatlanishiga yordam bergan. Dengiz portlarida esa xorijliklarning pasportlari tekshirib o‘tkazilgan.

Yevropada

Faqatgina birinchi jahon urushidan so‘ng Yevropa hududida pasport berish tizimi tezlik bilan rivojlandi. Bunga migratsiya, temiryo‘l sayohati va boylik to‘plash tendensiyalari rivojlanganligi turtki bo‘lgan. O‘sha paytlarda butun oila uchun bitta qog‘ozda qayd etilgan hujjat pasport vazifasini o‘tagan.

AQShda

Amerikada ilk davrlarda pasportlar juda kam odamga, faqat Benjamin Franklin nomidan Fransiyaga boruvchilarga berilgan. Bu ilk pasportlar Fransiya modeli asosida ishlab chiqilgan va faqat bir betiga yoziladigan bir varaq qog‘ozdan iborat bo‘lgan. Ularni har 6 oyda bir marta yangilab turish lozim edi. AQShda davlatchilik yaxshi rivojlana borgach, 1789 yildan boshlab hamma fuqaroga pasport berish masalasi o‘ylab ko‘rila boshlanadi.

1810-1910 yillarda 500 mingdan ortiq pasport odamlarga tarqatilgan. Ular, asosan, guruh va oilalarga tegishli tarzda ishlab chiqilgan. Dastlabki pasportlar erkaklarga, agar oila otasiz bo‘lsa, unda o‘g‘il yoki ona pasport olgan.

Italiyada

Italiyada pasport ilk marta Napaleon hukmronligi yillarida berilgan. 1815 yilda Napaleon mag‘lubiyatga uchragach, pasport o‘rniga bir hududdan ikkinchi hududga ko‘chishga imkon beruvchi ruxsatnomalar berilgan. 1861 yilda Italiya qirolligi tashkil etilgandan keyingina pasport davlat hududida majburiy hujjatga aylana boshlaydi.

Yaponiya

Yaponiyada birinchi sayohat hujjati 1866 yilda berilgan. Bu hujjat bilan odamlar mamlakat tashqarisiga ta'lim va biznes uchun sayohat qilishlari mumkin bo‘lgan. 1878 yilda esa birinchi yapon pasporti paydo bo‘lgan.

Bugun va kelajak

Bugun har bir davlat o‘z fuqarolariga shaxsini tasdiqlovchi va fuqarolikni beruvchi hujjatlar berishi odatiy holga aylangan. Kichik buklet formatidagi zamonaviy pasportlar biometrik chiplarga ham ega.

Noma'lum vaqtlardan so‘ng esa qog‘oz pasportlar yo‘qolib ketib, ularning o‘rniga hamma ma'lumotlar raqamlashgan ko‘rinishda saqlanishi va keyinroq odamning tanasiga joylashtiriluvchi nano pasportlar yaratilishi haqida taxminlar bor.

Ko‘proq yangiliklar: