«Suvsizlikning 15 yili» – Asakaning Ergashobodida suv tanqisligi qachongacha davom etadi?

Jamiyat 15:19 / 19.08.2020 11944

Ergashobod mahallasi Andijon-Asaka yo‘lining chetida joylashgan, aksariyat uylar hududning adirlik qismida qad rostlagan. U yerga yetib borganimizda, mahallaning Ergashobod ko‘chasida yashovchi fuqarolar bizni kutib turishgan ekan.

Dastavval mahalla oqsoqoli Shuhrat aka Jalilov muammo haqida ma'lumot berdi.

«Mahalla 12 million sarflab qo‘lbola quduq kavladi. Ariqqa suvni grafik asosida berishadi»

Oqsoqolning aytishicha, mahalla aholisi suv muammosini hal etish uchun tuman va viloyat hokimlariga, mamlakat prezidentiga murojaat qilishgan. Bu masala hali yechimini topmagani uchun o‘zlariga o‘zlari yengillik yaratishga harakat qilishmoqda. Xususan, bir nechta joyda qadimiy uslubda suv qudug‘i qilib olishgan, ayrim xonadonlarda 28-35 metr chuqurlikdan suv chiqqan. Yaqinda qabriston chetida ham 50 metrdan suv chiqarishgan.

Yangi quduq uchun mahalla ahli 12 million so‘m sarflagan, lekin mazkur quduqlar suvi laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilmagan.

– 1960-yillarda rahmatli Mirzajon Iminov shu yerlarga rais bo‘lganida Kulladan ichimlik suvi tarmog‘ini olib kelib, qishloqni suv bilan ta'minlagan ekan. Keyinchalik suvni shaharga ko‘proq tarqatish natijasida biz tomonga kelmay qolgan. 20-30 yildan beri suv yo‘q. Xonobod suvi esa yozda bizgacha yetib kelmaydi. Bu masalani bir necha marta ko‘tarib chiqdik. Respublika ishchi guruhiga ham, vazirlikdan kelgan vakilga ham aytdik. Lekin muammo hal bo‘lgani yo‘q, – deydi Shuhrat aka Jalilov.

Mahallada oqin suv ham muammo. Ariq suvi chamasi 7-8 km uzoqlikdan, shaharning tepa qismidan keladi. Odamlar ariqdagi suvni nasoslarda tortib olishadi. Har bir oila o‘zi uchun nasos o‘rnatib olgan.

– Kecha grafik bo‘yicha suv berishdi, lekin 300-400 metr naridagi xonadonlarga yetib-yetmay tugadi. Tomdi, Fayzobod degan tomonlarga umuman bormaydi. Sharoit shunday bo‘lgach, odamlar mashinalarda olib kelinayotgan ichimlik suvini zaxira qilib olib, ekinini ham, chorva hayvonlarini ham shu suvdan sug‘orishga majbur bo‘lyapti. Prezidentgacha murojaat bilan chiqqanimiz bejiz emas. Hammasi asosli. Necha yillardan beri sabr qilib kelyapmiz, lekin sabrning ham chegarasi bor ekan-da, – dedi Sh.Jalilov.

Biz mahalla qabristoni chetidagi yangi suv qudug‘ini borib ko‘rdik, keyin Ergashobod ko‘chasidagi xonadonlarga kirib, holat bilan tanishdik.

Ichimlik suvini zaxira qilish uchun kimdir 10-20 litrli idishlarni qatorlashtirib terib qo‘ygan, yana kimdir handaq va hovuz qurib olgan.

Qurib yotgan ekinlar va mevali daraxtlarni ko‘rib, bu yerdagi odamlar mashaqqatli mehnatiga kuyib qolganiga achindik. Suvsizlikdan qaqrab yotgan tashlama kanali, ariq ichidagi suv nasoslari-yu shlanglarni tasvirga olish chog‘ida mahalla ahli suvga qanchalik zoriqib yashayotganini his qildik.

Bu orada Andijon-Asaka yo‘lining narigi tomonidan qo‘lda suv tashiyotganlarga ham ko‘zimiz tushdi. Shu asnoda fuqarolarning arziga quloq tutdik.

– Men bir oyda 90 ming so‘mga 5 tonna suv olaman. Ko‘chatlarni sug‘orishga, kir yuvishga mana shu suvdan ishlatamiz. Chorva hayvoniga ham shundan beramiz. Handag‘imga 7 tonna suv sig‘adi. 5 tonna olsam, bir oyga yetadi. Handaqni qurganimga 10 yilcha bo‘lib qoldi. Ilgari tepa tomonimizda bog‘lar bo‘lardi, shu bois oqin suv kelib turardi. Bog‘lar yo‘qolib ketib, yerlar uchastka qilib berilganidan keyin shu suv ham to‘xtadi, – deydi ergashobodlik A'zamjon Ahmedov.

– Men hozirda qurilish qilyapman. Suvni sotib olyapman, bir kunda 30 ming so‘mlik suv ishlataman. Loyga, beton quyishga bir kunda bir tonna suv ham yetmaydi. Mana, yon qo‘shnim beton quydiryapti, u har kuni 80 ming so‘mlik suv sotib oladi, – deydi Abdurashid Mamarasulov.

Issiqxonadagi ekinlarni sug‘orishga ham suv sotib olinadi

Mahallada issiqxona qurib, dehqonchilik qilayotganlar ham talaygina. Ular ham suv tanqisligi qiynab yuborgani, ekinlarni sug‘orish muammo bo‘layotgani, suvni ba'zida sotib olishga to‘g‘ri kelayotganini aytishdi.

– 15 yildan beri tomorqada dehqonchilik qilaman. 20 sotix yerda issiqxonalarim bor. Bosqichma-bosqich pomidor va bodring ekaman. O‘tgan yili daromadim yaxshi bo‘lgan edi. Bu yil esa umuman daromad yo‘q. Qishda 30 tonnalik idishga zaxira qilib qo‘ygandim, bahorda shu bilan eplab oldim. Lekin bu yog‘iga endi muammo bo‘lyapti. Chunki suvning bir tonnasi 30 ming so‘m. 30 tonnasini 900 ming so‘mga olishim kerak. Bundan hali foyda olamanmi-yo‘qmi, noma'lum, – deydi shu mahallada yashovchi Zuhriddin Rahmonov.

– Ikkita issiqxonaga pomidor ekib, 4 million so‘m sarflab qo‘ygandim. Hozir 4 million zarar bilan chiqdim. Kartoshkalarimiz qurib qoldi, pomidorlarimiz esa suvsizlikdan mayda-mayda holida nobud bo‘ldi. Men ikkala issiqxonadan har yili o‘rtacha 10 million so‘m daromad qilardim. Bu yil esa ko‘chat pulini ham to‘liq berolganim yo‘q. Ichimlik suvini mashinamizda tashib ichyapmiz. Avtomobil zavodi yo‘lidan har kuni kechki payt 300-400 litr suv olib chiqamiz. Hozirgi pallada bodring ekishimiz kerak edi. Lekin suvsizlikni ko‘rib, yuragim betlamay qoldi. Mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilsak, samarasi bo‘lmayapti, – deydi mahalla fuqarosi Muhammadxoliq Ahmadaliyev.

– Ekilgan ko‘chatlar suvsizlikdan qurib bo‘ldi. Uyda suv idishimiz bor, ichish uchun suvni to‘ldirib olamiz. Shu suvdan gullarga, daraxtlarga quyishga majburmiz. O‘tgan safar 6-7 kun ariqqa suv kelmadi. Suvsizlikdan ariqlar ichi yorilib ketdi, – deydi Mahmudjon Ismatov.

– Suvsizlik o‘tgan yili ozgina qiynagandi, bu yil esa umuman qiynab tashladi. Mevali daraxtlarimiz endigina hosilga kirayotgan edi, mana ayrimlari suvsizlikdan quriy boshladi. Bu yerga 600 tup semerenko navli olma ko‘chatlarini ekkandik. Nasos qilganmiz, lekin u tortgan suv qoplamayapti. Kattaroq nasos o‘rnatishga esa ruxsat berishmayapti, – deydi «Tohirbek krepson olmalari» bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Xurshidbek Ergashev.

Mutasaddilar nima deydi

Mahalladagi ahvol bilan tanishgach, mutasaddilardan izoh olish uchun Asaka tuman hokimligiga bordik. U yerda Andijon viloyati «Suvoqava» tashkiloti rahbarining o‘rinbosari, Asaka tumanidagi vakil Zafarbek Fozilov hamda tuman Irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Abduvosit Abdurazzoqov bilan uchrashib, Ergashoboddagi suv muammosi masalasini o‘rtaga tashladik.

Zafarbek Fozilov

Zafarbek Fozilov holatni quyidagicha izohladi.

«Ergashobod mahallasi haqiqatan ham muammoli hudud hisoblanadi. O‘rganish uchun ishchi guruhlar kelganida, aholidan «Suv qudug‘i qilib berilsa bo‘lmaydimi?» degan savollar tushgan. Ushbu savolga mutaxassislarning javobi shunday bo‘lganki, u yerdan chiqadigan suv ichishga yaroqli emas, bu suvdan faqatgina ekinlarni sug‘orish uchun foydalanish mumkin. Shuni hisobga olib, Xonoboddan suv olib kelingan.

Bog‘ishamoldan keladigan tarmog‘imizda noyabr oyidan aprel oyigacha suv bo‘ladi. Faqat yozning saratonida u yerga ichimlik suvi yaxshi yetib bormaydi. Sababi, suv tarmog‘i o‘tgan Andijon tumani va Andijon shahrining Bog‘ishamol hududidagi yangi mahallalarda aholi soni keskin ko‘paygan, har yilgiga nisbatan iste'mol ham ortgan. Shuning hisobiga Ergashobodga suv yetib kelmayapti. Shu bois suvni texnikada tashib beryapmiz. Grafik qilib olingan. Suv tashish uchun bitta «Isuzu», bitta traktor va bitta «Labo» bor.

Ergashobod hududiga dastur asosida tarmoq ham berilgan. Quruvchilar ishni boshlagan. Ayni paytda 3,5 kilometrli ichimlik suvi tarmog‘i tortilyapti. Faqat karantin davrida ishchilarni olib kelib ishlatish muammo bo‘lib qolgani uchun hozircha to‘xtab turibdi. Lekin ishlar davom ettiriladi».

Suhbatdoshimizga Ergashobod aholisi texnika vositasida yetkazib berilayotgan suv uchun ozmi-ko‘pmi pul to‘layotganini aytib, izoh so‘radik.

«Yashirmayman, ilgari shunday holatlar bo‘lgan. Bu narsalar isbotini topgani uchun «Suvoqava», hozirgi «Suv ta'minoti» MChJ tuman tashkilotining eski rahbarini ishdan bo‘shatganmiz. Hozir texnikada suv yetkazib berilayotgani uchun pul olinmaydi. Lekin suvni tashib ichish uchun tarif qo‘yilgan. Bu tarif bo‘yicha kishi boshiga 1200 so‘mdan yoziladi. Suv pulini yig‘ish uchun har bitta mahalla fuqarolar yig‘ini o‘zining vakilini beradi va yig‘ilgan pulning 10 foizini oladi.

Ba'zi mahallalarga suv olib borsak, janjal ham bo‘lib ketadi. Chunki ayrim fuqarolar meni rezevuarimni to‘ldirib berasan, deb turib olishadi. Lekin belgilangan limit bor, bu limit kuniga 130 litr», – dedi Zafarbek Fozilov.

Asaka tuman Irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Abduvosit Abdurazzoqov esa oqin suv muammosini hal etish uchun grafik tuzilganini aytdi. Ya'ni bir hafta Asaka, bir hafta Shahrixon tumani suv ichyapti.

Abduvosit Abdurazzoqov

«2008 yilda ham shunday holat bo‘lgandi. Mana, 12 yildan keyin yana takrorlanmoqda. 5 avgustdan suv ombori yopilgani bois tashlama kanallardagi bor suvni olib kelib, aholiga beryapmiz. Muammoning sababi omborda suv kamligi bilan bog‘liq. Shuning hisobiga aholini oqin suv bilan ta'minlashda uzilishlar bor», – dedi Abdurazzoqov.

Darvoqe, Zafarbek Fozilovning aytishicha, Xonoboddan investitsiya dasturi asosida 6 kilometrdan ziyodroq ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi. Moliyalashtirish manbayi ham, pudratchisi ham aniq. Faqat bu ikki yil ichida qilinadigan obekt ekan.

«Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 10 milliard so‘m ajratilgan, Asaka hududining og‘ir holatdagi joylarini ikki yil ichida doimiy toza ichimlik suvi bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan. Asakadagi quduqlardan chiqadigan suvning qattiqlik darajasi boshqa tumanlardagiga nisbatan yuqori bo‘lgani uchun Xonoboddan suv olib kelinyapti. Bu obekt 2022 yilda topshiriladi. So‘ngra sinov davri bo‘ladi, undan keyin taqsimot amalga oshiriladi», – deydi Zafarbek Fozilov.

Demak, ma'lum bo‘lishicha, Ergashobod va shunga o‘xshash mahallalar aholisi ichimlik suvi muammosining to‘liq hal etilishini yana ikki-uch yil kutishiga to‘g‘ri kelar ekan.

Sherzod Abdurashidov

Ko‘proq yangiliklar: