Vazirlar Mahkamasining “Navoiy viloyatining sanoat salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Qayd etilishicha, quyidagilar:
Hududlar va tarmoqlarda eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan Navoiy viloyatining barcha tuman va shaharlarining salohiyati, tabiiy xom-ashyo resurslari, ijtimoiy-iqtisodiy holati kompleks o‘rganilgan;
o‘rganish natijalariga ko‘ra, hududning o‘sish nuqtalaridan (“drayver”laridan), mavjud sanoat salohiyati va qo‘shimcha imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Dastur ishlab chiqilgan.
Navoiy viloyati tuman va shaharlarining o‘sish nuqtalari (“drayver”lari) sifatida kimyo sanoati, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati, xizmat ko‘rsatish va turizm hamda baliqchilik kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi.
Xususan:
Tomdi, Uchquduq, Qiziltepa, Nurota, Xatirchi tumanlari va Zarafshon shahrida – noruda foydali qazilmalarni (granit, marmar, tabiiy pardozbop toshlar, sement, kvars, fosforit, bentonit va boshqalar) qayta ishlash hamda chorvachilik va parrandachilik sohalarini rivojlantirish;
Konimex, Tomdi, Uchquduq tumanlarida – chorvachilik va qorako‘lchilik tarmoqlarini rivojlantirish;
Navoiy shahri va Karmana tumanida – kimyo sanoati va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliylashtirish orqali kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish;
Xatirchi, Navbahor, Nurota tumanlarida – meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va oziq-ovqat sanoati yo‘nalishini rivojlantirish;
Nurota, Qiziltepa, Navbahor tumanlarida – ziyorat turizmi, ekoturizm, xizmat ko‘rsatish va baliqchilik sohalarini yanada rivojlantirishga alohida e'tibor qaratish.
Navoiy viloyatining sanoati past rivojlangan Tomdi, Konimex, Xatirchi, Nurota va Uchquduq tumanlarida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyot tarmoqlariga salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida joriy yilning 1 sentyabridan boshlab uch yil muddatga:
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun kredit foiz stavkasining 10 foizdan oshgan qismini to‘liq qoplab berish;
Navoiy viloyati hokimligi hamda mazkur tuman hokimliklariga Xalq deputatlari tuman Kengashlari bilan kelishgan holda, istisno tariqasida, tumanlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan sanoat yo‘nalishidagi loyihalarga yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish huquqini berish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.
Bundan tashqari, mazkur tumanlarning sanoat salohiyatini rivojlantirish, hududda amalga oshirilayotgan loyihalarni yetarli darajada infratuzilma tarmoqlari bilan ta'minlash maqsadida Konimex tumanida Yuksalish MFYda 12,6 gektar, Nurota tumanida Istiqbol MFYda 10 gektar, Tomdi tumanida Tomdibuloq OFYda 50 gektar, Uchquduq tumanida Do‘stlik MFYda 15 gektar va Xatirchi tumanida Mustaqillik MFYda 35 gektar maydonda sanoat hududlari tashkil etish maqsadida:
Qurilish vazirligi (Zakirov) 1 oy muddatda mazkur hududlarning bosh rejalarini ishlab chiqilishini;
Energetika vazirligi (Sultonov), Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (Saliyev), Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi (Abduvaliyev), “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (Mustafoyev), “O‘ztransgaz” AJ (Sayidov), “Hududgazta'minot” AJ (Eshmuratov) tashkil etiladigan sanoat hududlarini zarur infratuzilma tarmoqlari bilan ta'minlaydi.
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (Bakirov) va Navoiy viloyati hokimligi (Tursunov)ning o‘rmon xo‘jaligi fondidagi quyidagi yer maydonlarini:
turizm infratuzilmasini rivojlantirish orqali viloyatga tashrif buyuradigan turistlar sonini ko‘paytirish, To‘dako‘l suv havzasi atrofida turistik rekreatsion zonasini tashkil etish maqsadida 153 gektar yer maydonlarni Qiziltepa tumani hokimligi;
kooperatsiya asosida yangi bog‘ va tokzorlar tashkil etish orqali aholi bandligini ta'minlash maqsadida 1752 gektar lalmi va yaylov yer maydonlarini Xatirchi tumani hokimligi zaxirasiga qaytarish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Vafayev), Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (Saliyev), Moliya vazirligi (Ishmetov), Navoiy viloyati hokimligi (Hasanov) bilan birgalikda Karmana tumanida oqova suv tizimini rivojlantirish bo‘yicha 2020-2022 yillarda 9,8 ming kub metr quvvatga ega oqova suv tozalash inshooti, 21,3 km bosimli kollektor va 102 km oqova suv kollektorlari hamda 11 ta kanalizatsiya nasos stansiyalarini barpo etish ishlari uchun Fransiya taraqqiyot agentligining 30 mln. yevro miqdoridagi mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘radi.