«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ: elektron hisoblagichlarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi markaz tashkil etiladi

Jamiyat 10:33 / 19.08.2020 4650

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi foydalanishga topshirilishi munosabati bilan Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi vitse-prezidenti Li Hansup (Lee Hansup) boshchiligidagi delegatsiya a'zolari poytaxtimizda bo‘lib turibdi.

Kecha delegatsiya vakillari hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik natijasida mamlakatimizda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish istiqbollari hamda bu borada yaqin kelajakda olib borilishi lozim bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda Boshqaruv raisi mamlakatimizda mazkur tizimni joriy etish bo‘yicha Janubiy Koreya tomonidan ko‘rsatilgan hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildirib o‘tdi. Ta'kidlanganidek, hukumatimiz tomonidan qaratilgan e'tibor natijasida ushbu tizim mamlakatimizda elektr energiya sarfi hamda hisob-kitobi sohasida tub burilish yasaydi. Shu ma'noda maqsadli sherikchilikning kelajakdagi imkoniyatlari va natijadorligini hisobga olgan holda, hamkorlikni davom ettirish yuzasidan yangi takliflar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, mazkur avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amaliyotga joriy etish natijasida mamlakatimizda elektron hisoblagichlarni ishlab chiqarish amaliyoti vujudga kelganligini inobatga olib, MDH davlatlarida mazkur loyihani joriy etishda hamkorlik qilish taklif etildi. Shu bilan bir qatorda, hisoblagichlarga servis xizmat ko‘rsatuvchi markaz tashkil qilish taklifi bildirib o‘tildi.

O‘z navbatida, janob Li Hansup (Lee Hansup) Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasida uzoq muddatli va ishonchli hamkorlik o‘rnatilganligini ta'kidlab, mamlakat Prezidenti tomonidan so‘nggi yillarda turli sohalarda bo‘lgani kabi energetika sohasida olib borilayotgan islohotlar «KT Corporation» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatiga keng imkoniyat yaratgani, jumladan yaqin kunlarda ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi mintaqada yagona ekanligini alohida qayd etib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar avtomatlashtirilgan tizimini belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash bo‘yicha muzokara olib bordilar.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: