Mirabad Avenue o‘rnida uy-joylari bo‘lgan fuqarolar qanday rozi qilingani haqida kompaniya va fuqarolar izohlari

Jamiyat 09:00 / 18.08.2020 12794

Poytaxtimizda qad rostlayotgan Mirabad Avenue turar joy majmuasi Golden House kompaniyasi tomonidan bunyod etilmoqda. Biz ushbu muhtasham ko‘p qavatli turar joy majmuasi haqida ma'lumot olish hamda ko‘p qavatli uylar o‘rnida bo‘lgan aholi qanday ko‘chirilganligini bilish uchun Mirabad Avenue turar joy majmuasiga bordik.

Dastlab kompaniya boshqaruv vakili Farrux Rahmatov Mirabad Avenue loyihasi haqida bizga gapirib berdi.

«Mirabad Avenue turar joy majmuasi Golden House kompaniyasining zamonaviy talablarga mos tarzda qurilayotgan ilg‘or obektlaridan biri hisoblanadi. Kompleks shaharning markazida joylashgan 6 gektar yer maydonini o‘z ichiga oladi. Qurilish uch bosqichda bo‘lib-bo‘lib boshlangan. Chunki juda katta qurilish hisoblanadi. Birinchi bosqichda 9-12 qavatli, ikkinchi bosqichda 6 qavatli va yana uchinchi bosqichda quriladigan uylarimiz bor.

Mazkur ko‘p qavatli turar joy majmuasining boshqa binolardan farqi va afzalliklari isitish va sovutish tizimlari o‘rnatilgan. Odamlar o‘zlari kelib, o‘rnatishmaydi. Avtomatik tarzda har bir xonadonda, kerak bo‘lsa har bir xonada o‘zini isitish-sovutish tizimi va boshqaruv pultlari bilan o‘rnatilgan bo‘ladi. Har bir uyda ikkitadan liftlar qo‘yilgan. Liftlar juda keng hamda zamonaviy qulayliklarga ega. Shuningdek majmuamizda «aqlli uy» tizimini tashkillashtirdik», - deydi kompaniya boshqaruv vakili.

Albatta ko‘p qavatli uylarning sifatli xom-ashyolardan qurilayotganligini uning ko‘rinishidan ham ko‘rish mumkin. Bizni qiziqtirgan asosiy masala esa ko‘p qavatli uylarning o‘rnida uylari bo‘lgan aholi qay tartibda, qanday va qayerlarga ko‘chirilganligi edi. Bu haqida ma'lumotni bizga menejyer Umid Tohirov so‘zlab berdi.

«Turar joy kompleksi o‘rnida uylari bo‘lgan aholini o‘rnatilgan tartib-qoidalar asosida rozi qilib ko‘chirganmiz. Ko‘chirilgan aholiga yangi, ta'mirdan chiqqan uylar berilgan. Agar xohlasangiz aholi yashayotgan uylarga borib, o‘zlaridan ham so‘rab ko‘rishingiz mumkin. Snoslar qonun doirasida, barcha narsa inobatga olingan holda amalga oshirilgan. Aholi asosan Muqimiy ko‘chasidagi yangi qurilgan uylarga,shuningdek, Yunusobod, Mirobod tumanlaridagi uylarga ko‘chirilgan», - deydi biz bilan suhbatda kompaniya menejyeri Umid Tohirov.

Shundan so‘ng dastlab Yakkasaroy tumani, Muqimiy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarga bordik. Bu joyga hozirgi Mirabad Avenue o‘rnida uyi bo‘lgan fuqarolardan biri Svetlana Loginova ko‘chib o‘tgan.

Svetlana Loginova

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompensatsiya o‘rniga berilgan hozirgi uyi unga juda ma'qul kelgan. Kompaniya bilan kompensatsiya masalasida hech qanday muammo bo‘lmaganligini ham ta'kidlab o‘tdi.

Uyni ko‘zdan kechirar ekanmiz, xonalari katta-katta ushbu xonadon 4 xonadan iborat. Mazkur uy Svetlana Loginova tayyor ta'mirlangan holda berilgan.

Yana bir fuqaro Shohida Ziyovuddinova ham uyi o‘rniga berilgan yangi uydan judayam ko‘ngli to‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, eski uyi ta'mirtalab va yomon ahvolda bo‘lgan. Yana bir uyda 3 ta oila istiqomat qilgan. Mirabad Avenue qurilishi ma'lum bo‘lgach, ularga hammasiga alohida-alohida uylar taklif qilingan. Bundan esa ularning quvonchi cheksiz. Chunki eski uyida 3 ta oila bir uyga tiqilib qolishgan ekan.

Shohida Ziyovuddinova

Hozirda yashayotgan ikki xonali uyidan esa juda mamnun. Uyga faqat ko‘chib o‘tib, yashash uchun tayyor holda berilgan. U kompaniya rahbarlariga ham o‘z minnatdorchiligini bildirib, hech qanday norozichilik yo‘qligini ta'kidlab o‘tdi.

Xulosa o‘rnida, quruvchi tashkilotlar o‘z loyihalarni amalga oshirishdan oldin fuqarolar bilan suhbatlashib, ularni rozi qilgandan so‘nggina o‘z qurilishlarini boshlashlari qonuniy hisoblanadi. Lekin so‘nggi vaqtlarda quruvchi kompaniyalar bilan fuqarolar o‘rtasida kompensatsiya masalasida kelishmovchiliklar uchrab turganligi bor gap.

O‘ylaymizki yuqoridagi fuqarolar singari har bir quruvchi tashkilot har bir fuqaroni rozi qilgandan so‘nggina, o‘z ishlarini boshlashadi. Chunki qonun talabi shu. Mulk daxlsizligi esa qonun bilan himoya qilingan.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: