Bu ko‘rsatkich yildan yilga oshib borib, 2017 yilda 31 ming 950 ta, 2018 yilda 32 ming 300 va 2019yilning 11 oyi davomida 28 ming 755 taga yetgan.
To‘g‘ri, O‘zbekistonda oilaviy muammo va nizolarni hal qilishga qaratilgan bir qator hujjatlar qabul qilinmoqda. Bu borada hokimlik va uning tizimidagi mahalla va fuqarolar yig‘inlarining vakolatlari ham oshirildi, biroq ajrimlar darajasi kamayayotgani yo‘q, aksincha, raqamlar ayovsiz o‘sishda davom etmoqda.
Kun.uz muxbiri «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazining sobiq rahbari va hozirda Oliy majlis senati a'zosi Dilorom Toshmuhammedova bilan intervyu uyushtirdi hamda mavzu yuzasidan qator savollarga javob oldi.
— Bizda davlat hokimiyatining oila institutiga haddan tashqari ko‘p aralashuvini, ta'sirini kuzatish mumkin. Hatto buni oqlovchi qonuniy asoslar ham yaratib qo‘yilgan. Bu aralashuvlar esa ajrimlarning oldini olish, unga qarshi kurashish bilan izohlanadi.
Ammo ko‘ryapmizki, bu ta'sir kuchi qanchalik oshmasin O‘zbekistonda ajrimlar soni kamayayotgani yo‘q.
Siz deyarli ikki yil davomida «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazida rahbar sifatida ishladingiz. Bu sohada tajribangiz bor. Ayting-chi, davlat va oila institutlarining o‘zaro munosabatlari to‘g‘ri tashkil qilingan jarayonda qanday bo‘lishi kerak?
— Nihoyatda murakkab savol. Lekin keling, chuqurroq bir fikr yuritib ko‘ramiz. Siz hozir oilaga institutiga davlatning aralashuvi ko‘p deb eng oxirgi bosqichini gapiryapsiz.
Aslida oila bu qanday institut? U har qanday jamiyatning o‘zagi, har bitta davlatning eng asosiy, bazaviy qismi.
Bizda oila bo‘yicha alohida moddalar konstitutsiyada ham yozilgan. Qolaversa Oila kodeksi mamlakatdagi asosiy qonunlardan biri sifatida qo‘llanilyapti. Shu nuqtayi nazardan, oila xalqimiz uchun nihoyatda muhim. U eng azaliy va qadimiy qadriyat. Bu qadriyatlarni esa biz uchun o‘ziga xos afzalliklari bor. Masalan, yoshlarning kattalar va oilani qadrlashi.
Boshqa davlatlarning tarixini ko‘ring. Ularning hammasi ham islom sivilizatsiyasiga havas bilan qarashgan, o‘rganishgan.
Bilasiz, inson kamoloti borasida bizning ota bobolarimiz tomonidan juda ko‘p asarlar yozilgan. Ularda esa insonning faqat oilada kamolotga erishishi yoziladi. Shu ma'noda ham oilani e'zozlash bizning xalqni qon-qoniga singib ketgan qadriyat hisoblanadi.
Bugungi kunda bu qadriyat dunyoning ko‘plab davlatlarida afsuski, zavolga, inqirozga yuz tutyapti. Ba'zi davlatlarda har ikki oiladan biri buzilib ketyapti. Biz aynan qadriyatlarimiz evaziga oilani ushlab turibmiz. Ushlab qolamiz ham.
Oila bitta institut ekan, demak bu institut albatta davlat bilan munosabatga kiradi.Munosabatga kirishilar ekan, oila muammolari davlat idoralarida ham o‘z aksini topadi.
FHDYo organlarida turmush o‘rtog‘isiz yashayotgan, farzandini yolg‘iz o‘stirayotgan ko‘plab ayollar, ajrimga ariza bergan yoshlarning statistikalari bor.Yoki sud tizimidagi muammolar. Bu muammolar statistikasi nima uchun kerak? Tahlil qilish uchun. Tahlillar natijasida ajrimlarning sabablarini topish uchun.
Shuning natijasida oilalarning muammolarini yechishda davlat ko‘mak beradi.
Biz ko‘pincha oilaviy ajrimlarning sababi sifatida yoshlarning fikri bir-biriga to‘g‘ri kelmasligini aytamiz.Lekin mana shu jarayonlarda nima ularga xalaqit beradi. Uy-joyning yo‘qligi, daromad pastligi, yoshlarning alkogolizm, narkomaniya illatiga berilib ketishi, qay biridadir salomatligining yaxshi emasligi.
Mana shu jarayonlarda yoshlarga, yosh oilalarga davlat yordam bersa, muammosini yechsa, uni saqlab qolish mumkin-ku. Buni qanday qilib davlat oilaga ko‘p aralashyapti deymiz?
Biz 2018 yilda bir tadqiqot o‘tkazgan edik. Unga ko‘ra, yosh ajrashib ketgan oilalar «agar kattalar bizga yordam berishganida ajrashmagan bo‘lardik», degan fikrni aytishgan.
Ajrimlarning eng katta sabablaridan yana biri bu – befarzandlik. E'tibor bering, bepushtlik emas, befarzandlik. Biz shu sabab bilan ajrashib ketgan yoshlar bilan gaplashganimizda ularning ko‘pchiligi hattoki shifokorning oldiga ham bormagan. Ular 3,4, 5 yil yashab farzand ko‘rmagach ajrashishgan. Agar ular davlatga murojaat qilganida bepushtlikning sababi o‘rganilardi.
Men ajrashishlar ko‘payib boryapti, degan fikringizga qarshiman. Ajrashishlar ko‘paymayapti, kamaytirishga harakat qilinyapti, ammo juda qiyin bo‘lyapti.
Yoshlar oila ta'limi bo‘yicha bilimlarga muhtoj. Afsuski, oila ta'limi bo‘yicha hukumat tomonidan tayyorlangan loyihalar amaliyotga joriy qilinmayapti. U hukumat tarafdan imzolanmadi. Buni hozir bizning yoshlar kutib turibdi. Bu qaror chiqsa biz yoshlarga oila ilmini o‘rgatib boramiz.
— Siz qadriyatlar haqida gapirdingiz. Ana shu qadriyatlar bo‘yicha oilada qizbolaga doim sabr bilan yashash kerakligi, ayol sifatida urilsa ham, tepilsa ham chidab yashashi kerakligi uqtiriladi. Ammo ko‘ryapmizki, mana shu qadriyatlarga bo‘ysunib yashash ortidan ayrim paytlarda jinoyatlar, o‘lim holatlari kelib chiqyapti.
Nima deb o‘ylaysiz, hayotning o‘zi ko‘rsatmayaptimi, aytilayotgan qaysidir qadriyatlar bugungi kunga kelib eskirganini va qayta o‘ylab ko‘rish vaqti kelganini?
— Men hozir qadriyatlar bilan stereotiplarni aralashtirish holatini ko‘ryapman. Haqiqatdan ham, avvalgi mahalla tizimi bo‘yicha mahallada bir qator komissiyalar faoliyat yuritgan. Shulardan biri yarashtiruv komissiyasi edi. Mana shu komissiyadagilar o‘z davrida bir qator odamlarni to‘plab ajrim yoqasida turgan oilani urishib, boringlar, ajrashmanglar, deya uyiga yuborardi. Vaholanki, bu ishlar yoshlarning muammolarini o‘rganmasdan, fikrlarini eshitmasdan qilinardi.
Oila ilmiy amaliy tadqiqot markazi tomonidan mana shu yarashtiruv komissiyalarining faoliyati chuqur o‘rganildi. Va biz shunday xulosaga keldikki, bu institut faoliyatini albatta takomillashtirish kerak ekan.
Turli masalalarni yechishni oilaning o‘ziga qo‘yib berish kerak. Tashqi aralashuv va bosimlar bu – noto‘g‘ri pozitsiya.
Biz islom dinini, islomdagi asosiy qoidalarni va xalqaro amaliyotlarni ko‘rib chiqdik.
O‘rganishlar natijasini ko‘rib hayratlandikki, ham islom dinida, ham xalqaro amaliyotlarda Alloh sevgisiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi odam bu kimnidir muammosini hal qilib beradigan odam.
Shu nuqtayi nazardan, hadislarimizda ham, ilmiy kitoblarimizda ham aytiladiki, kimningdir o‘rtasida turib muammolarini yechib beradigan odamlar hamma davrda faoliyat ko‘rsatgan. Shuning natijasida biz qat'iyan xulosa qildikki, birinchidan, mahalla instituti faoliyatida yarashtiruv komissiyalari faoliyatini keskin qaytadan ko‘rib chiqish kerak.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda murosa qilish, mediatsiya institutini joriy etish kerak.
Bu qanday institut? Bu – ko‘pchilikka oilaning muammosini yuz qilib, uyaltirib emas, ikki yoshning o‘rtasiga ko‘pni ko‘rgan, aqlli, dono, ham qonunni, ham islomni biladigan bitta odamni yuborish va ularning muammolarini hal qilish.
Biz aytayotgan bu inson yoshlarga muammolarini yechishga, qiyinchiliklardan chiqish uchun yo‘l topishga ko‘maklashishi kerak. Biz shunday insonlarni tayyorlab, mahalla institutiga joriy qilish bo‘yicha qarorlarni qabul qilgan edik. Oila markazida hozirgacha bir nechta mediatorlarni tayyorladik. O‘ylaymanki, biz hozir ham shu pozitsiyada turishimiz kerak.
Men yangi tashkil qilingan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mutasaddilari e'tiborini tortmoqchimanki, endi oila masalasida eskicha ishlab bo‘lmaydi. Eskicha uslub endi samarasini bermaydi.
Oilani yarashtirish – mahalla tomonidan, davlat tomonidan zo‘rlab qilinmasligi kerak.
Biz oilalarni zo‘rlab yarashtirish oqibatida qanday jinoyatlar sodir bo‘lganini ko‘rdik. Buning ma'lumotlari bizda bor va biz tushunishimiz kerakki, dunyoda normal holatda har qanaqasiga 1 foiz oilalar umuman bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Bu odatiy hol.
Va albatta, oiladagi ikki kishi bir-biri bilan jismonan yoki ruhan to‘g‘ri kelmasa, ularni zo‘rlab yarashtirish mumkin emas. Demak, ularning yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelmagan.
Bizning mahalla faollari, mediatorlarimiz shuni sezib, ularga tinchgina ajrashish imkoniyatini berishlari kerak.
Xuddi shu imkoniyat bizning muqaddas Qur'onimizda ham bor. Agar oila vakillari ajrashadigan bo‘lsa, yaxshilik bilan, do‘stona ajrashishlari kerak. Ular har doim do‘stona muloqotni saqlab qolish kerak. Bu farzandlar uchun ham juda muhim.
— Xorijiy davlatlarda ota-ona o‘z farzandiga qattiqqo‘llik bilan muomala qilsa huquqni muhofaza qiluvchi organlar kelib, ularga chora ko‘radi. Bunda ota-onaga jarima yoki boshqa ta'sir choralari ko‘riladi. Bizda ham mahalla instituti va boshqa organlar tomonidan oilaboshilariga turli ta'sir choralarini qo‘llaydi. Sizningcha, bu ikki tizimning farqi yoki o‘xshashliklari nimada?
— Albatta farqli jihatlar bor. Dunyoning rivojlangan davlatlarida qonun ustuvorligi 100 foiz belgilangan. Shu nuqtayi nazardan, aksariyat davlatlar «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi konvensiyani qabul qilgan.
Rivojlangan davlatlarda bolalarning huquqlari haqiqatdan ham muhofaza qilinadi. Ularda bu qoidalar buzilsa tezda davlat tomonidan chora ko‘riladi. O‘zbekistonda ham qabul qilingan ilk konvensiya «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi konvensiya hisoblanadi. Bu O‘zbekiston uchun faxrlanadigan jihat.
Albatta bu boradagi qonunchilik ham 2008-yildan buyon rivojlanib boryapti. Bu borada biz qonunchilikka kerakli bir qator o‘zgartirishlarni ham kiritdik. O‘zgarishlar bo‘yicha ota-ona ajrashayotgan bo‘lsa, bolaga turli haq-huquqlar berilyapti. Unga o‘zining vasiy yoki homiyi orqali fikrlarini kerakli joylarga yetkazish uchun imkoniyat berilyapti.Bizda shuningdek, Bola huquqlari to‘g‘risida Ombudsman tashkil etildi.
Bizda oxirgi vaqtlarda mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarni oilaga olish, umuman, bu kabi institutsional organlarni kamaytirishga harakat qilinyapti.
Eng qizig‘i, xalqimiz tarixan bolajon xalq bo‘lsa-da, hozir taqqoslaydigan bo‘lsak, rivojlangan davlatlarda bitta ham mehribonlik uyi yo‘q, O‘zbekistonda esa mehribonlik uylariga hattoki ota-onasi bor bolalar ham olib kelinyapti.
Shu nuqtayi nazardan, bugun bizning xalqimiz ham qonun bo‘yicha yashashni o‘rganishi kerak. Ota-onalar ham huquqiy ongini oshirishi va kerak bo‘lsa, hukumatdan ham kerakli choralarni talab qilishi kerak.
Biz bugun bolalarni qanday tarbiya qilsak, kelajagimizni ham xuddi shunday shakllantiramiz.
Bizni ko‘plab tadqiqotlarimiz shuni ko‘rsatyaptiki, to‘liq: ota-ona, bobo-buvi, qadriyatlari saqlangan, baxtli va har tomonlama stabil oilada o‘sgan bolalar maktabda ham yaxshi o‘qiydi, ham sog‘lom o‘sadi va ertangi kunda jamiyatga katta samara beradi.
Muammoli va ruhiy ezilish bo‘lgan, yarim oilalarda o‘sgan bolalar esa hayotga ham ko‘pincha ayanchli qarash bilan qaraydi.
Afsuski, o‘zining hukumati va davlatiga ishonchsizlik bilan qaraydigan, jinoyatchi, narkomaniya, ichkilikka qo‘l uradiganlarning aksariyati ham shu kabi yarim yoki ota-onasiz o‘sgan oila farzandlari bo‘ladi.
Ular o‘zi oila qursa ham shu tazyiqlarni oilasiga qiladi.
Biz ertaga kuchli, zukko yoshlarni ko‘rmoqchi bo‘lsak, bugun oilalarimizni mustahkam qilishimiz kerak.
Senator Dilorom Toshmuhammedova bilan qilingan intervyu davomida O‘zbekistonda oilaviy ajrimlarga eng ko‘p qanday omillar sabab bo‘layotgani, oilalarni saqlab qolishda iqtisodiy loyihalarni ko‘paytirishning ahamiyati va amaldagi qonunchilik tufayli ajrimdan keyin qiyinchilikda qolayotgan ayollar borasidagi fikrlar bilan tanishishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi:Doniyor Yoqubov