Video: Quvada «temir daftar»dagi 6300dan ortiq fuqaroga yordam pullari tarqatildi

Jamiyat 08:28 / 15.08.2020 6119

Quva tumanidagi 69 ta mahalladagi 1587 ta oilada istiqomat qiluvchi 6314 kishi boshiga 220 ming so‘mdan, jami 1 milliard 389 million so‘m mablag‘ tarqatilishi ko‘zda tutilgan. Mahallalardagi oilalarning 90 foizidan ziyodiga pullar tarqatib bo‘linibdi.

Dastlab Qayirma mahallasida joylashgan 3-sektor shtabida bo‘lib, Quva tuman hokimi Ravshanbek Qurbonovning sektor rahbarlari, MFY vakillari va bank xodimlariga bir martalik pul mablag‘larini tarqatish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borayotganini kuzatdik. So‘ng mutasaddilar bilan birgalikda Qayirma va Iftixor mahallalaridagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj xonadonlarda pul tarqatish jarayonini tasvirga tushirib, o‘sha oilalar a'zolari bilan suhbatda bo‘ldik.

 

7 nafar farzand va nabiralarni tarbiyalayotgan Ikromxon Homidov surunkali kasallikka chalingan, ishga yaramaydi.

«Sog‘ligim yomonligi va oila sharoitim og‘irligi tufayli mahalla fuqarolar ko‘p yordam berib turadi. Mana, bugun 1 million 760 ming so‘m miqdorida moddiy ko‘mak oldim. Uyimizda 8 jon istiqomat qiladi. Koronavirus balosidan xalqimiz tezroq qutulishini tilayman», – deydi I. Homidov.

«Yakka-yolg‘iz yashayman. Qarovchim yo‘q. Mahalla fuqarolar yig‘ini sharoitimni o‘rganib chiqib, «Temir daftar»ga kiritishgan. Oziq-ovqat mahsulotlari olib kelishadi, tez-tez xabar olib turishadi. Prezidentimizning farmonlariga binoan yordam puli ham berishdi», deydi Qayirma mahallasi yashovchi Hidoyatxon Madaminova.

«Qayirma» MFY raisi Salimaxon Malikova hududdagi oilalarni «temir daftar»ga kiritishda oilanining holatini o‘rganish uchun mahalla nuroniylari bilan qanday ish olib borilayotgani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Pandemiya davrida tashkil etilgan «temir daftar»ga mahalladagi yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan, yakka-yolg‘iz, kasalmand a'zosi bor oilalarni qo‘shishda mahalladagi yoshi ulug‘ hoji onalar, nuroniy oqsoqollarga maslahat soldik. Ular e'tiborni hozirgi sharoitda qiynalayotgan ko‘p farzandli oilalarga qaratish lozimligini aytishdi.

Mahalladagi har bir xonadonni o‘rganib chiqdik. Ro‘yxat to‘liq mahalla ahli ishtiroki bilan tuzildi. «Mahalla raisi o‘z qarindoshi yoki tanishini qo‘shib olibdi», degan gaplar bizga yarashmaydi», deydi MFY raisi.

Quva shahridagi Iftixor mahalla fuqarolari yig‘ini binosida sektor a'zolari va bank xodimlari tomonidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam tarqatildi.

«Olti nafar farzandim bor. Og‘ir kasalliklar – umurtqa churrasi va qandli diabetga chalinganim uchun hech qayerda ishlamayman. Mahalla fuqarolar yig‘ini mutasaddilari holatimni yaxshi bilgani uchun «temir daftar»ga kiritishgan. Juda ko‘p yordam berib turishadi. Ko‘rib turganingizdek, bugun yana moddiy yordam berishdi. Barcha rahbarlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», deydi Iftixor mahallasida yashovchi Gulbahor Mamajonova.

«Tumanimizda «temir daftar»ga kiritilgan 69 ta mahallaning 1587 ta oilasida istiqomat qiluvchi 6314 kishi boshiga 220 ming so‘mdan, jami 1 milliard 389 million so‘m mablag‘ tarqatilishi ko‘zda tutilgan. Uch kun davomida bank xodimlari bilan birgalikda pullarni tarqatyapmiz», deydi Quva tuman hokimligi Iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i Xolmuhammad Rahimov.

Elmurod Ermatov

Ko‘proq yangiliklar: